O‘zbekiston | 14:54 / 10.06.2023
31112
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzor IIBdagi tergov davomida vafot etgan 21 yoshli yigitning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jinoyat ishi doirasida Hafizulloh Turg‘unovning vafot etishida tuman IIO FMB mansabdor shaxslari harakatlarida jinoyat alomatlari borligiga aniqlik kiritiladi.

Foto: KUN.UZ

Chilonzor tuman IIBda tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit 4-qavatdagi hojatxona derazasidan o‘zini tashlab, olgan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etgani aytilgandi. Advokat Abdumalik Abdullayevning xabar berishicha, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari bilan tanishib chiqqan Chilonzor tumani prokurori holat yuzasidan Jinoyat kodeksining  208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Tergovga qadar tekshiruv hujjatlarida qayd etilishicha, 21 may kuni “Erkin” YPX nazorat punktidan o‘tayotgan mashina yo‘lovchilaridan birining yonidan to‘q jigarrangdagi mumsimon modda topilgani, sudga oid kriminalistik ekspertizada ushbu modda gashish giyohvandlik moddasi ekani aniqlangani, shundan so‘ng Chilonzor tuman IIBning vaqtincha saqlash xonasida saqlab turilgan 21 yashar yigit tuman IIB FMB JQB giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor vakili B.Jo‘rayevning xizmat xonasiga olib chiqiladi.

Hujjatda tezkor vakillar B.Jo‘rayev, Sh.Hamidov, X.Ahmedovlar uni so‘roq qilayotgan paytda gumonlanuvchi hojatxonaga olib borishlarini so‘raydi. B.Jo‘rayev uni hojatxonaga olib borgani, shunda yigit hojatxona derazasidan bino yonidagi bir qavatli oshxona tomiga sakragani, tomdan boshi bilan yerga qulab, jiddiy jarohat olgani, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, 29 may kuni uning joni uzilgani ta’kidlanadi.

Hafizulloh Turg‘unovning vafot etishida tuman IIO FMB mansabdor shaxslarining harakatlarida hokimiyat harakatsizligi, ya’ni davlat organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi lozim yoki mumkin bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmasligi oqibatida fuqarolarning huquq-manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishi, bunda jinoyat alomatlari borligini tekshirish va huquqiy baho berish uchun guvohlarni so‘roq qilish, yuzlashtirish, ularning ko‘rsatmalarini voqea joyida tekshirish maqsadida 9 iyun kuni tuman prokurori tashabbusi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov harakatlari Chilonzor tumani prokuraturasi tergovchisiga yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, tergovga jalb etilgan fuqaroning o‘limi jamoatchilik o‘rtasida rezonansga sabab bo‘lgan, marhumning yaqinlari rasmiy bayonotdagi tafsilotlarga ishonmagan, holat aks etgan videoni ko‘rsatishni talab qilishgandi. Shifokorlar Kun.uz muxbiri bilan suhbat chog‘ida Hafizulloh Turg‘unov shifoxonaga olib kelinganida unda yiqilish alomatlari bo‘lmaganini aytishgandi.

Jamoatchilik bosimi ostida IIV holat bo‘yicha yangi tafsilotlarni ochiqlagan, jumladan, Hafizulloh Turg‘unovning qo‘lga olinishi va IIB binosi 4-qavatidan o‘zini tashlashi deya iddao qilingan videoni e’lon qilgandi. Biroq Toshkent shahar IIBB xodimi o‘tkazgan "jurnalistik surishtiruv" savollarni ko‘paytirgandi xolos. 

 

Mavzuga oid