Surxondaryoda daraxtlarni kesib, 5 mln so‘mga sotganlar tabiatga 550 mln so‘m zarar keltirdi
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida 8 tup daraxtni noqonuniy kesib sotganlar tabiatga 550 million so‘mdan ortiq zarar keltirdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi xabar qildi.
Boshqarma inspektorlari tomonidan ekologik huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida navbatdagi ekologik reyd tadbirlari davomida Oltinsoy tumani Yakkatut mahallasida joylashgan «O‘tkir Tosh Jilosi» fermer xo‘jaligi yer maydoni ko‘zdan kechirilgan. O‘rganish jarayonida, ushbu fermer xo‘jaligi rahbari O‘.T. fuqaro A.M. vositachiligida fermer xo‘jaligi yer maydonida o‘sib turgan ko‘p yillik 8 tup eldor qarag‘ayi daraxtini tumanning Mirshodi mahallasida yashovchi fuqaro A.S.ga 5 million so‘mga baholab sotgani aniqlangan.
Fuqarolarning o‘zaro kelishuviga asosan, A.S. o‘suvchanligini yo‘qotmagan ko‘p yillik noyob daraxt turlariga kiruvchi 8 tup eldor qarag‘ay daraxtlarini tag qismi bilan kesib olgan. Ular bu harakati bilan «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 37-moddasining talabini buzgan. To‘plangan hujjatlar asosida hisob-kitob qilinganda, tabiatga jami 551 million 100 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Aniqlangan holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Mavzuga oid
10:40 / 13.12.2024
Sariosiyoda ko‘chada yo‘lbars yurgani rad qilindi
18:18 / 12.11.2024
Jahonda 10 yil davomidagi tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 2 trillion dollardan oshdi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
23:00 / 04.11.2024