Jamiyat | 18:48 / 13.06.2023
20774
3 daqiqa o‘qiladi

Yoz faslida o‘tkir ichak kasalliklari ko‘payishi sabablari aytildi

Sifati buzilgan taom va yeguliklarni iste’mol qilish, gigiyena qoidalariga rioya etmaslik ichak kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Yozning jazirama kunlarida aholi, ayniqsa bolalar o‘rtasida avj oladigan mavsumiy kasalliklar bor. Shulardan biri — o‘tkir diareya. U xalq orasida ichburug‘i ham deb ataladi. Bu xastalik qanday kelib chiqadi, uning o‘ziga xos belgilari nimalardan iborat, qanday xavfli asoratlari mavjud? Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova shu haqdagi mulohaza va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

— Yoz kunlarida ochiqda qolgan taom va yeguliklar sifati juda tez buziladi, — dedi mutaxassis. — Ayniqsa, sut va sut mahsulotlari qisqa muddatda aynib qolishi mumkin. Bundan tashqari, kasallik kelib chiqishiga asosan gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo‘ladi. Masalan, bolalar ba’zan ko‘chadan uyga kirgach va ovqatlanishdan avval qo‘llarini sovunlab yuvishni unutadi. Ho‘l meva-sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval ularni yaxshilab chayish ham kichkintoylarning doimo xayoliga kelavermaydi. Oqibatda og‘iz orqali organizmga tushgan bakteriya va viruslar ichburug‘, dizenteriya, salmonellyoz kabi o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarni qo‘zg‘atadi.

Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, organizmdagi bakteriya va viruslar ichak shilliq qavatini yallig‘laydi va ulardan ajralgan toksinlar qonga so‘rilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha bo‘lgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon bo‘ladi.

«Bemorlarda holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi, tana harorati ko‘tarilishi, qorin og‘rishi, dam bo‘lishi kabi simptomlar kuzatiladi. O‘tkir diareya bemor holati va organizmga tushgan mikrob yoki virus xususiyatiga qarab yengil, o‘rtacha yoki og‘ir, ba’zan tipik bo‘lmagan shaklda o‘tishi mumkin», dedi shifokor.

Uning ta’kidlashicha, kasallikni davolashda har bir daqiqaning ahamiyati katta. Ya’ni bemorga qancha erta tashxis qo‘yilib, muolaja qancha tezroq boshlansa, natija shu qadar samarali bo‘ladi.

Mavzuga oid