O‘zbekiston | 18:19 / 14.06.2023
8194
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda sigareta kontrabandasi uchun O‘zbekiston fuqarosi ushlandi

28 yoshli Akbar Masharipov 110 quti sigareta bilan qo‘lga tushdi. Uning yuk mashinasi ham, tovarlar ham musodara qilindi.

Foto: Turkman.news

May oyi boshida O‘zbekiston fuqarosi Akbar Masharipov Turkmanistonning «Dosho‘g‘iz» nazorat-o‘tkazish punktida qo‘lga olingan. Uning yuk mashinasidan kontrabanda sigaretalarning katta partiyasi topilgan. Bu haqda Turkmen.news xabar berdi.

28 yoshli Masharipov 110 quti sigareta bilan ushlangan. Uning yuk mashinasi ham, tovarlar ham musodara qilingan.

Masharipovning Toshkentdagi ota-onasi unga advokat yollagan, biroq himoyachi u bilan bog‘lana olmayapti. Ota-onasi ham Turkmanistonga borolmaydi: ularga viza berilmayapti.

Turkmanistonda davlat 2025 yilgacha chekishdan butunlay voz kechish strategiyasiga amal qilmoqda. Mamlakatda sigaretaning bir qutisi qiymati 3 AQSh dollaridan oshadi. Mahsulot asosan O‘zbekiston, Eron, Turkiya va Qozog‘istondan savdogarlar tomonidan olib kiriladi.

Turkmanistonda sigareta kontrabandasi uchun qamoq jazosi xorijliklar uchun g‘ayrioddiy hol emas. 2015-2016 yillarda qozog‘istonlik yuk tashuvchi Erik Supushev shunday ayblov bilan bir yil qamoqda o‘tirgan. Ozodlikka chiqib, vataniga deportatsiya qilinganidan so‘ng u turkman koloniyalarida mahbuslarning huquqlari qanday poymol etilayotgani haqida gapirib bergan edi.

Mavzuga oid