Jahon | 11:24 / 16.06.2023
14266
7 daqiqa o‘qiladi

O‘n oyligida o‘qishni o‘rgangan, o‘n yoshligida diplom olgan Maykl. AQShlik vunderkind taqdiri

Dunyoda shunday kishilar borki, ularga Yaratgan g‘ayrioddiy qobiliyat taqdim etadi. Ba’zilar yoshlikdan o‘ta tirishqoq bo‘lib o‘sadi va ularga ta’lim berishga hatto tajribali o‘qituvchilar ham qiynalib qolishadi.

Foto: Reuters

Ginnesning rekordlar kitobiga eng yosh universitet bitiruvchisi sifatida kirgan, bir yoshga kirmasdan turib, shifokorlar bilan muloqot qila olgan, 22 yoshida fan doktori darajasiga erishgan Maykl Kevin Kirni ana shunday iste’dodlardan biri edi.

Bir yoshga kirmasdan harflarni o‘qiy olgan

Maykl Kirni 1984 yilda AQShning quyoshli va kurort manzillaridan biri — Gavayi orollaridagi Gonolulu shahrida tavallud topgan. Mayklning onasi kelib chiqishi yaponiyalik edi. Aynan shu ayol bolakayni yoshligidan tarbiyalab, undagi qobiliyatlarni rivojlantiradi. Qizig‘i, Mayklning opasi Megan ham vunderkind deya tan olingan.

Ma’lumot o‘rnida: Vunderkind so‘zi “Mo‘jizaviy bola” ma’nosini anglatib, o‘z tengdoshlariga nisbatan aqliy jihatdan keskin o‘zib ketgan bolalarga nisbatan qo‘llanadi.

Maykl birinchi so‘zlarini 4 oyligida aytgan. 6 oyligida o‘zini tekshirayotgan bolalar shifokoriga «Mening chap qulog‘imda infeksiya borga o‘xshaydi» deganida doktorning ahvolini tasavvur qilavering. Bola to‘qqiz oyligida harflarni tanishni o‘rgandi, 10 oyligida u o‘qishni to‘liq o‘zlashtirib oladi.

Hali bir yoshga to‘lmay turib bolaga diqqat va giperaktivlik yetishmasligi tashxisi qo‘yilgandi. Ushbu kasallik voyaga yetganda aqliy zaiflikka ham olib kelishi mumkinligiga ishonishardi.

Mayklning ota-onalari dori-darmonlar bilan davolashni rad etishdi va bola bilan mustaqil shug‘ullana boshlashdi. To‘rt yashar bolakay matematikadan tajriba testida yuqori natija ko‘rsatdi va uni maktabga berishga qaror qilishdi.

Kirni boshlang‘ich maktabni tugatishi uchun bir yil yetarli bo‘ldi. Olti yoshida kollejga kirgan Maykl ikki yil o‘tib geologiya bo‘yicha kichik mutaxassis diplomini qo‘lga kiritdi.

O‘n yoshida u eng yosh universitet bitiruvchi sifatida Ginnes rekordlari kitobiga kirdi. 18 yoshida esa Tenessi universitetida kimyo magistri, Vanderbilt oliygohida informatika mutaxassisi bo‘ldi. Nihoyat 22 yoshida kimyo fanlari doktori unvoniga sazovor bo‘ldi.

Pul, mashhurlik va karera

Vunderkindning ilmiy ambitsiyalari juda jiddiy va zalvorli edi. Bunga uning 14 yoshida yozgan 114 betlik «Timidin fosforilazaning kinetik izotop ta’sirlari» mavzusidagi dissertatsiyasi ham misol bo‘la oladi.

Universitetlarda ma’ruza o‘qishni boshlagan o‘n olti yashar o‘spirinning hatto haydovchilik guvohnomasi yo‘q edi. Talabalar kimyo, geologiya va antropologiya haqida qiziqarli ma’ruzalar o‘qiydigan yosh o‘qituvchiga hayrat bilan qarardi.

Maykl biroz ulg‘aygach, uning oldida bir necha yo‘l paydo bo‘ldi: u tinchgina universitetda dars berib, o‘qituvchi bo‘lib qolishi ham mumkin edi. Ammo vunderkindning ota-onasi buni istamadi. Ularning fikricha, bolaning aql-zakovati ko‘proq mashhurlik va pulga munosib edi.

Mayklning ota-onasi u bilan Gollivudni zabt etishga urina boshlashdi. 1994 yilda, bola bakalavr darajasini olib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirganidan so‘ng, kinoga jalb etishdi. U «Oila uchrashuvi» telekomediyasida kichik rol o‘ynadi, ammo bu muvaffaqiyatsiz chiqdi. Bu chiqish bolaning faoliyatiga ta’sir etmadi hisob.

Maykl va uning ota-onasi 2000-yillarning boshlarida yangi harakatni boshladi. Endi Maykl o‘z televizion shousini yaratishi kerak, degan fikr o‘rtaga tashlandi. Oila Gollivudga qaytib, suratga olishga tayyorlandi. Afsuski, bu urinish ham omadsiz chiqdi va oila Tenessiga qaytishga majbur bo‘ldi.

Million dollarlik yutuq

2000-yillarda Mayklning omadi kela boshladi: dastlab u 2006 yilda savol-javob tarzidagi shoularning birida o‘zini ko‘rsatib, 100 ming dollar pul mukofoti yutib oldi. Bir oy o‘tgach jyekpotni ham yutib, naq bir million dollarni qo‘lga kiritdi.

«Hayotim har doim g‘alati voqealarga boy bo‘lgan. Avvallari men o‘n yoshida universitetni tugatgan bir bola edim. Hozir esa pullari bor g‘alati millionerman», — deya muvaffaqiyatini izohlaydi Kirni. Shundan so‘ng Maykl yana qator shoularda o‘z omadini sinab ko‘rdi, ammo katta yutuqlarni qo‘lga kirita olmadi. Omad unga boshqa kulib boqmadi.

Tinch hayot va mashhurlikdan chetlashish

2010-yillardan boshlab Maykl Kirni ommaga ko‘rinmay qo‘ydi. Erta porlagan yulduzning chaqnashi so‘ngandi. Hatto uning ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi ham (Twitterʼdan boshqa) yo‘q edi.

Yigitning aerokosmik injyeneriya sohasida izlanish olib borayotgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo bu mish-mishligicha qolib ketdi.

Bugungi kunda Maykl Kirni Tenessi shtati markazi Neshvill shahrida tinch va osuda kun kechirmoqda. Aytishlaricha, u mahalliy Nashville Improv teatri chiqishlarida ham qatnashib turadi. Erta porlagan vunderkindning so‘nggi manzili hozircha ana shu dargoh bo‘lib qoldi.

Dunyoda, xususan AQShda yoshligida e’tiborga tushib, balog‘atga yetganda omma nazaridan qolgan mashhurlar ko‘p topiladi. “Uyda yolg‘iz” filmi yulduzi Makoley Kalkin taqdiri bunga yaqqol misol.

Maykl Kevin Kirni ham yoshligida porlaganlar kelajakda omadsizlikka uchrab, hayot o‘zaniga tushib ketishiga yorqin misol bo‘la oladi. To‘g‘ri u Kalkin kabi giyohvandlik va ichkilikbozlikka mukkasidan ketib, ayanchli holatga tushmadi, ammo o‘n yoshidayoq universitetni bitirib qo‘ygan yigitchadan ilm sohasi vakillari katta natijalarni kutishgan bo‘lsa ne ajab.

Bir paytlar kimyo sohasida doktorlik yoqlab, hammani hayron qoldirgan yigitcha haqida bugun ikki qator ma’lumot topish ham qiyin bo‘lib qolgan. Omma qariyb «qirqni urgan» vunderkindni unutayozdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid