Jamiyat | 18:23 / 17.06.2023
55936
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda attraksiondan yiqilgan er-xotin. Sabab va ayni paytdagi vaziyat haqida reportaj

Joriy yil 12 iyun kuni tungi soat 22:10 lar atrofida «Anhor-Lokomotiv» bog‘ida ikki nafar fuqaro attraksiondan qulab tushdi. Kun.uz hodisa tafsilotlarini o‘rgandi.

«Anhor-Lokomotiv» bog‘ining mehmonlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Asadullayev baxtsiz hodisaga fuqarolarning xavfsizlikka rioya qilmagani sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

“O‘sha kungi baxtsiz hodisada ikki nafar ayol va erkak jabr ko‘rishgan. Bunga sabab ularning xavfsizlikka rioya qilmagani bo‘lgan. Operatorimiz ularning xavfsizlik kamarlarini taqqan, lekin erkak telefonini qo‘ymoqchi bo‘lib xavfsizlik kamarini yechgan. Ayol kishi ham kiyimi xalaqit bergani uchun kamarni yechgan. Operatorimiz esa buni ko‘rmagan va attraksionni ishga tushirgan.

Attraksion 2016 yilda bog‘ ochilishi bilan o‘rnatilgan. Texnik holati 1 iyundan oldin tekshirilgan edi va ishga yaroqli degan xulosa berilgan. Oldin bog‘ hududida bunday holat kuzatilmagan edi, bu birinchisi bo‘ldi. Voqea bo‘lgan paytda attraksionning 5 kishiga mo‘ljallangan bir bo‘limiga faqat ayol va erkak ikkisi o‘tirgan. Holatdan so‘ng attraksion tekshirilgani yo‘q, chunki soz holatda. Bo‘lib o‘tgan xodisa esa texnik xavfsizlikka rioya qilinmaganlik oqibati. Bundan tashqari, attraksion har kuni ertalab tekshirib turiladi va texnik xavfsizlik jurnaliga qayd etiladi”, - dedi bo‘lim boshlig‘i.

Sherzod Asadullayev

Jabrlanuvchilarning ahvolini bilish maqsadida xalq tilida 16 shifoxona deb nom olgan Chilonzor tumanida joylashgan Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazida davolanayotgan ikki fuqaro va ularning yaqinlari bilan suhbatlashdik.

«12 iyun kuni «Anhor Lokomotiv» bog‘ida bo‘ldi bu hodisa. Holat bo‘yicha har xil gap-so‘zlar tarqalib ketibdi. O‘sha paytda attraksion operatori xavfsizlik kamarini taqib ketgach, men telefonni qo‘yish uchun o‘rnimdan turdim, keyin yana o‘zim yopdim xavfsizlik vositasini. Yopildi deb o‘ylagan edim, ammo bir necha marta aylangandan so‘ng ochilib ketdi. Ayb o‘zimda bo‘lgan ekan. Sekin-sekin tuzalyapman hozir, bog‘ xodimlari ham xabar olib turishibdi», - dedi ayni paytda davo muolajalari olayotgan Elbek Botirov.

Elbek Botirov

Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorlarning holati o‘rta og‘ir darajada ekani va belgilangan standartlari asosida davo muolajalari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Ayni paytda attraksionlarga mas’ul xodimlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid