Entoni Blinken Pekinga keldi. Bu tashrif nimasi bilan muhim?
Bugun, 18 iyun kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rasmiy tashrif bilan Xitoyga keldi.
Besh oy avval Xitoyning ayg‘oqchi havo shari AQSh osmonida urib tushirilganidan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi shusiz ham keskinlashib borayotgan munosabatlar yanada yomonlashgandi. AQSh bosh diplomati Pekinga nega keldi?
Fevralda tashrif bekor qilingandi
Joriy yil fevral oyida Blinkenning Xitoyga tashrifi rejalashtirilgan, lekin aynan o‘sha ayg‘oqchi shar sabab AQSh davlat kotibi Pekinga tashrifini bekor qilgandi. O‘shanda Xitoy shar meteorologik maqsadlarda foydalanishi va u «kutilmaganda» AQSh tomonga borib qolganini ma’lum qilgandi. Havo shari AQShning kontinental qismiga o‘tib borganidan keyin amerikaliklarning qiruvchi samolyoti orqali urib tushirilgandi.
Bill Geyts Si bilan uchrashdi, Blinken-chi?
AQSh davlat kotibi Xitoyda mamlakat tashqi siyosatiga javobgar yuqori martabali mulozimlar bilan ham uchrashadi. Mamlakat rahbari Si Jinping bilan uchrashuv bo‘lishi esa aniq emas. Ikki kun avval Xitoy raisi amerikalik biznesmen, uzoq yillar dunyoning eng boy odami bo‘lgan Bill Geyts bilan uchrashgandi.
Ikki qudratli davlatning o‘zaro kelisha olmaydigan ko‘plab masalalari bor, ammo o‘z navbatida hamkorlik qiladigan va istiqboli mavjud undan ham ko‘proq masalalar yo‘q emas.
Blinkenning Xitoyga tashrifidan ko‘zlangan asosiy uchta masalani taxmin qilish mumkin.
Munosabatlarni yaxshilash
Blinkenning tashrifidan maqsad avvalo ikki davlat o‘rtasidagi qandaydir diplomatik munosabatlarni tiklashdan iborat. Aprel oyida Venada o‘tgan muzokaralarda ikki tomon diplomatlari o‘zaro sovuqlikni biroz yumshatishga muvaffaq bo‘lgandi. Ammo Blinkenning tashrifi ikki davlat munosabatlaridagi katta voqelik hisoblanadi. U Bayden administratsiyasining Xitoyga borgan eng yuqori mansabli mulozimiga aylandi. AQSh davlat kotiblari esa Chin yurtiga oxirgi marta 2018 yilda borgandi.
AQSh prezidentining Hind va Tinch okeani hududidagi masalalar bo‘yicha yordamchisi Kurt Kempbell Blinkenning tashrifi oldidan hozir ayni gaplashib olish vaqti ekanini aytdi. Uning fikricha, bu tashrif ehtimoliy mojaro xavfini ancha pasaytiradi.
«Ikki davlatni ayro qo‘yadigan tushunmovchiliklar davom etishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shunday global muammolar borki, ular bizdan birgalikda harakat qilishni talab etadi», dedi jurnalistlar bilan uchrashuvda Baydenning mintaqa bo‘yicha yordamchisi.
Xitoyda Blinkenni sovuqqina kutib olishdi. Chorshanba kuni Blinken hamda Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rtasidagi telefon suhbati haqida xabar bergan Xitoy tomoni «o‘zaro munosabatlar sovuqlashishida aybdor kimligi aniq ekani»ni yozib, bu orqali AQShga ishora qildi. «AQSh Xitoyning xavotirlarini hurmat qilishi, raqobat nomi bilan suverenitet va xavfsizlik masalasidagi mamlakatning ichki ishlariga aralashishni bas qilishi kerak», degan bayonotda Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gan.
AQSh tomoni Blinkenning tashrifidan katta natijalar kutmaslikni maslahat bergan. Aftidan, bu uchrashuvda erishilgan eng katta narsa – u amalga oshganining o‘zi bo‘ladi. AQSh Davlat departamentidagi Sharqiy Osiyo bo‘yicha bosh mutaxassislardan biri Deniyel Kraytenbrink tashrifdan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar keskin o‘zgarib ketishini kutmaslik kerakligi haqida ochiq gapirdi.
Uning fikricha, Blinkenning tashrifidan keyin ikki davlat vakillari o‘rtasidagi aloqalar davom etsa, mana shu aloqalarni rivojlantirish mumkin.
Savdo mojarolarini yengillashtirish
Jo Baydenning Xitoy bilan munosabatlari keskin boshlandi, chunki u o‘zidan oldingi prezident Trampning savdo bo‘yicha joriy qilgan cheklovlarini ham, Xitoyning bir milliard dollar va undan qimmatroq turuvchi tovarlari uchun joriy qilingan qo‘shimcha bojni ham bekor qilmadi.
Bayden ikki davlat o‘rtasidagi «savdo urushi»da bosimni oshirdi, deyish ham mumkin. Masalan, u AQShning elektronika bozoridagi gegemonligini saqlab qolish maqsadida Xitoy kompaniyalariga kompyuter chiplarini sotishni taqiqladi. Xitoy bunga AQShning yirik Micron firmasidan xotira chiplari importini taqiqlash bilan javob berdi.
Kempbell Xitoyning xavotirlarini tushunishi, ammo hozirgacha qilgan va kelajakda qilinajak harakatlarini izohlashga tayyorligini aytdi.
Ikki tomon munosabatlarida turli rivojlanadigan sohalar mavjud. Masalan, kompyuter texnologiyalari sohasida ikki davlatning raqobatlashuvi tabiiy bo‘lsa, giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurash sohasida Xitoy va AQSh hamkorlikda harakat qilishi mukin.
AQSh Xitoyning geroindan bir necha baravar kuchli bo‘lgan fentanil-sintetik opiod ishlab chiqaruvchilari foydalanadigan kimyoviy komponentlar eksportini kamaytirishini istaydi. Chunki AQShda oxirgi yetti yilda fentanil dozasini oshirib yuborish oqibatida sodir bo‘lgan o‘limlar soni uch baravarga oshgan. «Bu AQSh uchun muhim va kechiktirib bo‘lmas masala», degan Kraytenbrink.
Urush va tinchlik
Ayg‘oqchi shar bilan bog‘liq voqeadan keyin Xitoy Rossiyaga qurol yetkazib berishi mumkinligi haqida xabarlar tarqala boshladi. Oxirgi vaqtlarda amerikalik mulozimlar bunday ayblovni ilgari surmay qo‘yishdi. Va balki bu orqali Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush AQSh va Xitoy o‘rtasidagi mojaroga aylanib ketishining oldini olishga intilishayotgandir.
Ammo Blinken Xitoyga tashrifi davomida mamlakat Rossiyaga qurol yetkazib bersa, buning og‘ir oqibatlari bo‘lishini navbatdagi marta eslatib o‘tishi tabiiy. Chunki Venadagi AQSh va Xitoy vakillarining oxirgi uchrashuvida ham amerikaliklar tomonidan bunday ogohlantirish yangragandi.
Tayvan bo‘g‘ozi va Janubiy-Xitoy dengizida Xitoy va AQSh harbiy kemalarining favqulodda faollashuvi ham kamaymayapti. Xitoy bu suvlarning barchasi o‘ziga tegishli deb hisoblasa, AQSh bu xalqaro suvlar ekanini da’vo qiladi.
Blinken va jamoasi Xitoyga tashrifdan asosiy maqsad – ikki tomon o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaro riskini kamaytirishdan iborat ekanini aytmoqda. Buning uchun esa avvalo ikki tomonlama muloqotni tiklash kerak edi va yakshanba kuni bu yo‘nalishda birinchi qadam tashlandi.
Hozircha bundan ko‘proq nimadir kutish imkonsiz. Chunki AQShda prezidentlik saylovlari yaqinlashmoqda. Baydenning saylovoldi dasturida esa odatda Xitoyga nisbatan keskin ritorikadagi chiqishlar bo‘ladi. Ammo ikki tomon o‘zaro muloqot uchun kanallar faoliyatini tiklay olsa, bu Xitoy uchun ham, AQSh uchun ham faqat manfaatli bo‘ladi. Avvalo juda past bo‘lsa-da ehtimoli mavjud bo‘lgan harbiy ziddiyatning oldi olinishi jihatidan.
Mavzuga oid
16:43
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishiga start berildi
22:20 / 26.12.2024
Xitoyda oxirgi yillardagi iqtisodiy o‘sish yolg‘on bo‘lganmi?
18:45 / 26.12.2024
Xitoy Tibetda dunyodagi eng yirik gidroelektr stansiyasini quradi
19:57 / 25.12.2024