Gipertovushli raketa yaratgan 4-davlat. Eronning geosiyosiy o‘rni haqida suhbat
O‘tgan hafta Eron o‘zining gipertovushli raketasini sinovdan o‘tkazdi va bunday qurolga ega bo‘lgan to‘rtinchi davlatga aylandi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi navbatdagi mavzusi – Eron Islom Respublikasi va uning global siyosatdagi o‘rni.
Mavzu bo‘yicha suhbatdoshlarimiz – sharqshunoslar Suhrob Bo‘ronov va Habibullo Azimov.
— Nega Eron Islom inkilobidan buyon mazhabga asoslangan tashqi siyosat olib bormoqda? Buning tarixiy va siyosiy sabablari qanday?
Habibullo Azimov: Eron haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo, “Eron hududlarida aholi qachon Islom dinini qabul qildi?” degan savolga javob berish kerak. Islom dini 650 yillarda Eron hududiga yetib borgan; 642 yilda arablar va Eron sosoniylari o‘rtasida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tadi va unda arablar g‘alaba qozonadi, shundan keyin, Eron islomni qabul qiladi. 1979 yilda yuz bergan Islom inqilobi Eronning shia mazhabiga tayanib siyosat yuritishiga sabab bo‘ladi.
Hozirda Eron Suriya, Livan, Yaman va Iroq kabi mamlakatlardagi ko‘p sonli shialar hamda ularning partiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa o‘z navbatida unga mazkur hududlarda geosiyosiy ta’sini kuchaytirishga yordam beradi.
Suhrob Bo‘ronov: 1979 yilgi inqilobdan keyin, Eron o‘zining tashqi siyosatini ikkita fazaga ajratib oldi, ulardan biri – islom davlatlariga islom inqilobini eksport qilish g‘oyasini ilgari surgan edi, u bunda turli siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatidan foydalandi, biroq bu arab davlatlarida amalga oshmadi.
Shundan keyin Eron o‘z atrofidagi shia mazhabiga mansub siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga o‘tdi va u buni ma’lum bir konsepsiyalar, “Shia hiloli” konsepsiyasi aynan shular jumlasidan, orqali amalga oshirdi. Konsepsiya ko‘rfazda yashovchi shia mazhabidagi odamlarni Eron manfaatlari doirasida himoya qilish siyosatini ko‘zda tutgan.
— Shuncha vaqt o‘tsa hamki, Eron qanday qilib sanksiyalarga qarshi kurasha olyapti?
Suhrob Bo‘ronov: Eronning sanksiyalarga qarshi tura olishida eng katta faktorlardan biri – bu uning geografik va strategik joylashuvidir. Xaritaga qarasak, Eron Kavkaz, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo kabi strategik ahamiyatga ega hududlarga chegaradosh hisoblanadi va aynan shu mintaqalarda Eron o‘z so‘ziga ega davlatdir.
Ikkinchi faktor iqtisodiy masala bilan bog‘liq, ya’ni Eron boy energetik resurslarga ega, gaz va neft zaxiralari bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turadi.
Uchinchi omil esa tashqi yordam faktori, Eron Rossiya kabi katta qudratga ega mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Masalan, Rossiya bilan harbiy sohada, Xitoy bilan savdo sohasida hamkorlik qiladi. Shuningdek, BAA ham Eronning iqtisodiy hamkori hisoblanadi.
Habibullo Azimov: Ko‘rfazdagi arab davlatlari va Eron munosabatlariga qaraydigan bo‘lsak, ularning inqilobdan keyingi qarama-qarshiliklari asosan hudud masalasida bo‘lgan. Eronga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarga kelsak, islom inqilobidan keyin, “Mahdiy askarlari” AQShning Tehrondagi elchixonasini egallab oladi, u yerdagi diplomatlarni ozod qilish borasidagi muzokaralar 444 kun davom etadi va bu davrda AQShning o‘sha davrdagi prezidenti Jimmi Karter Eronga ilk sanksiyalarni qo‘llashni boshlaydi. Eronda sanoat texniklarining yetishmasligi, aviatsiya kompaniyalari hali ham eski samolyotlardan foydalanishi va boshqalar Eronga mazkur iqtisodiy sanksiyalarni yengib o‘tish oson bo‘lmayotganini ko‘rsatadi.
— Ba’zi manbalar Eron uranni boyitishni 90 foizga yetkazdi deyishsa, ba’zilar Eronda allaqachon yadro quroli bor deyishadi. Shuningdek yaqinda Eron gipertovushli qurolni ham sinovdan õtkazdi. Eronning harbiy qudratini qanday baholaysiz?
Suhrob Bo‘ronov: Eronning bugungi kundagi harbiy salohiyatini o‘z mintaqasidagi eng yaxshi deb baholashimiz mumkin. Eron harbiy qudratining shakllanishi harbiy doktrinasining qabul qilinishi bilan bog‘liq. Unda do‘st va dushman mamlakatlar tushunchalari mavjud va dushman davlatlar sirasiga AQSh va Isroil kiritilgan. Shuning uchun ham AQSh Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda, chunki ularda Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, uni Isroilga qarshi qo‘llaydi, degan fikr bor.
Eronnning diniy rahnamosi: “Biz yadroviy qurolga ega bo‘lishni istaganimizda, unga allaqachon erishgan bo‘lardik, biroq bu islom ta’limotlariga zid”, deb bayonot bergan, biroq ular baribir o‘zlarining yadroviy dasturini rivojlantirib kelyapti.
Bundan tashqari, Eron harbiy salohiyati haqida gapirilganda, Eron islom inqilobi posbonlarini ham e’tirof etish kerak, albatta. Ular davlatning ichki va tashqi operatsiyalarini o‘tkazishda asosiy rol o‘ynaydigan tuzilmadir. Shuningdek, bu tuzilma Eronning neft-gaz quvurlarini nazorat qilish, jangovar operatsiyalar o‘tkazish va mintaqadagi shialarni himoya qilish bilan shug‘ullanadi.
Habibullo Azimov: Eronning yadroviy dasturi 1979 yildan keyin paydo bo‘lgan emas. Rizo Pahlaviy davrida, ya’ni 1960 yillarda AQSh ko‘magida tinch maqsadda yadroviy dasturlar ustida ish olib borilgan. 1971 yilda AQSh va Germaniya yordami bilan mamlakatda ilk AES qurilishi boshlangan. Biroq inqilobdan keyin, G‘arb dunyosi Erondagi rejimni nafaqat mintaqaviy, balki global xavf sifatida baholadi. 2011 yilga kelibgina Eron Rossiyaning ko‘magi bilan ilk bor qiymati 1 mlrd dollarga teng AESga ega bo‘ldi.
Suhrob Bo‘ronov: Eronning nufuzini ushlab turgan bir qancha faktorlar bor. Bulardan biri – uning AQSh va Isroilga qarshi kurashi, hattoki ular doim “Amerikaga o‘lim” shioriga amal qilib ham kelishgan, biroq hozirda bu narsa Eronning ichki va tashqi olamida o‘z ahamiyatini qisman yo‘qotgandek. Shuning uchun Eronni birlashtirib turgan eng katta omil bu shia omili deyish mumkin.
Habibullo Azimov: 2007 yilda YeI Erondagi yadroviy tadqilotlarning holatini o‘rganish uchun mamlakatga komissiya yuboradi. Komissiya a’zolaridan biri Eronning texnologiyalari yadro qurolini yarata olmasligi to‘g‘risida xulosa bergan va u bilan tinchlik yo‘lida hamkorlik qilish tavsiyasini bergan.
— Yaqinda Hindistonda ShHT sammiti bshlib o‘tadi va unda Eron to‘laqonli a’zo sifatida ishtirok etadi. Eronning ShHTga qo‘shilishidan tashkilot qanday manfaat topishi mumkin va aksincha qanday muammolar paydo bo‘lishi mumkin?
Suhrob Bo‘ronov: Eronning tashkilotga a’zo bo‘lishi tashkilotning nufuziga ijobiy ta’sir qiladi. Masalan, Eron tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini boshlaganidan keyin Saudiya, Qatar va Misr kabi davlatlar tashkilotning muloqot bo‘yicha sherigi maqomiga ega bo‘lishdi, Quvayt va Bahrayn esa muloqot bo‘yicha sherik maqomiga ega bo‘lish protsedurasini boshladi.
Bundan tashqari, 4 ta yadroviy qurolga ega tashkilotga yadroviy dasturga ega yana bir davlatning qo‘shilishi uning dunyodagi harbiy obro‘sini oshiradi. Tashkilot Afg‘onistonda terrorizm va narkotikka qarshi kurash masalasida Eron tajribasiddan foydalanishi mumkin.
Ayrim mutaxassislar buning salbiy tomonlari ham borligini aytgan, ya’ni G‘arb tomonidan e’lon qilingan sanksiyalar tufayli tashkilotga ham cheklovlar joriy qilinishi mumkin. Shuningdek, Eronning tashkilotga a’zo bo‘lishi qarorlar qabul qilish jarayoniga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
— O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo tashqi siyosatida Eronning o‘rni qanday?
Suhrob Bo‘ronov: Eronning tashqi siyosatida “Katta Eron” konsepsiya bor va bu Markaziy Osiyoni ham qamrab oladi, ayniqsa, Tojikiston til va mazhab nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega. Eronning Markaziy Osiyoga dastlabki ta’siri asosan diniy omillar bilan bog‘liq bo‘ldi. Tojikistondagi fuqarolar urushi paytida ikki tomonlama munosabatlar ancha sovuqlashib qoldi. Shu sababli ma’lum muddat davomida Tojikiston Eronning ShHTga a’zo bo‘lishiga qarshi bo‘lgan. Biroq Eron keyinchalik tashqi siyosat borasidagi qarashlarini o‘zgartirdi va hozir ko‘proq geoiqtisodiy masalalarga e’tibor beryapti, har ikki tomonga manfaatli bo‘lgan takliflarni ilgari suryapti.
O‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlarida Eron orqali dengiz yo‘llariga chiqish maqsadi mavjud. Bu ayniqsa, O‘zbekiston uchun muhim, chunki O‘zbekiston ikki tomonlama dengizga chiqishi cheklangan davlat va Eronning Chobahor bandargohiga chiqishni istaydi. Agar O‘zbekiston bu bandargohga chiqa olsa, mahsulotlarni dengizga olib chiqish va bir qator loyihalarda qatnashish imkoniyatlari kengayadi.
Habibullo Azimov: Shu o‘rinda Eron O‘zbekiston munosabatlariga alohida to‘xtalish joiz. 1992 yilda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. O‘sha yili Toshkentda Eron, 1995 yilda esa Tehronda O‘zbekiston elchixonalari ochiladi.
Shundan keyin, bir nechta davlat tashriflari ham amalga oshiriladi. Jumladan, 1992 yilda va 2000 yilarning boshlarida Islom Karimov Tehronga davlat tashrifi bilan boradi, shuningdek, 2002 yilda Eronning o‘sha paytdagi prezidenti Hotamiy Toshkentga keladi. Eron-O‘zbekiston munosabatlari asosan iqtisodiy, fan, texnika va madaniyat sohalariga qaratilgan. Eronning jug‘rofiy joylashuvi biz uchun juda ahamiyatli va bizning dengizga chiqishimiz uchun asosiy yo‘l Eron orqali o‘tishi ikki davlat aloqalarining muhimlik darajasini oshiradi.
- Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qiling.
Normuhammad Ali suhbatlashdi.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
16:58 / 25.12.2024
Eronda WhatsApp va Google Play blokdan chiqariladi
20:58 / 24.12.2024
Bloomberg: Rossiyaga Eron qurollarining chorak qismini biznesmen Husayn Shamhaniy yetkazib bermoqda
22:22 / 23.12.2024