O‘zbekiston | 20:24 / 19.06.2023
20047
8 daqiqa o‘qiladi

Qulay boshlagan noqulay liftlar: xavfsizlik uchun nimalarni bilish kerak?

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 16 qavatli uyning lifti 16-qavatdan pastga tushayotganida qulab tushdi, faqat baxtli tasodif tufayli hech kim halok bo‘lmadi. Voqeada 11 kishi turli darajada jarohat oldi.

Kun.uz muxbirlari voqea joyidan reportaj tayyorlashdi. Unda ma’lum qilishicha, odamlar yashash uchun ko‘chib kirgan qo‘pqavatli uyning yo‘lovchi liftlari nosoz bo‘lgan va voqea asnosida odamlar yuk tashish uchun mo‘ljallangan liftdan foydalanishgan. Shaxtaga qulagan lift ham aynan o‘sha yuk tashiydigan lift bo‘lgan.

So‘nggi yillarda turar joylar qurilishi borasida yurtimizda «qurilish bumi» yuz bermoqda. Katta-katta shaharlarimizda osmono‘par turar joy binolari yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘paymoqda.

Qurilish me’yorlariga ko‘ra, ko‘p qavatli turar joy binosi 5 qavatdan oshdimi, u albatta lift bilan ta’minlanishi kerak. Hozir shaharlarimizda 16–25 qavatli turarjoy binolari ham barpo etilmoqda.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: bunday turar joy binolaridagi liftlar belgilangan talablarga muvofiq o‘rnatilmoqdami? O‘rnatilayotgan liftlar talab etilgan sifat, xavfsizlik me’yorlariga javob beradimi? Qaysidir tashkilot ularni nazorat qilyaptimi? Qurilish va kommunal xo‘jalik vazirligi bu borada alohida tushuntirish bilan chiqsa, barcha uchun foydali va yaxshi bo‘lar edi.

Qurilish tashkilotlarimiz (hozir ularning katta qismi xususiy kompaniyalar) ko‘p qavatli turar joy binolariga sifatli liftlar o‘rnatishini qattiq nazoratga olish kerak. Qurilgan uyga odamlar ko‘chib kelmasidan avval liftlar soz holatda ekani to‘liq sinovdan o‘tkazilib, undan xavfsiz foydalanishi mumkinligi to‘g‘risida maxsus sertifikat berilganidan so‘nggina uyga ko‘chib kirishga ruxsat berish kerak.

Hozir xususiy qurilish kompaniyalarimiz uylarni u uchun to‘lov qilgan odamlarning pullariga qurishmoqda. Uylar chala-chulpa bitkazilib, egalariga topshirilmoqda. Toki lift risoladagidek ishlatilmas ekan, har qanday holatda bunday uylarga ko‘chib kirib yashashga ruxsat bermaslik kerak. Kvartiralar uchun pul to‘lagan odamlar ham buni qattiq talab qilishlari kerak. Chunki erta biror noxush kor-hol ro‘y beradigan bo‘lsa, o‘zlari jabrini tortishadi.

Voqea saboq bo‘lishi lozim

Albatta. Yangihayotdagi voqea ham bunga bir dalil. Bunday voqealarning sodir bo‘lish ehtimoli doimo saqlanib turadi, garchi uning ehtimol darajasi past bo‘lsa ham.

Ma’lumki, liftlar troslar yordamida ko‘tarilib tushiriladi. Zamonaviy liftlar barcha xavfsizlik qoidalariga muvofiq tayyorlangan, uning barcha troslari uzilib ketgan taqdirda ham, cheklovchi mexanizmlari ishga tushib, liftning yuqoridan pastlikka tezlik bilan qulashining oldini olishi lozim.

Zamonaviy liftlar yuqoridan uchib kelib, shaxta tubiga urilganida ham zarbaning kuchini yumshatib, yo‘lovchilarning hayoti va sog‘ligiga imkon qadar kamroq shikast yetkazadigan qilib tayyorlanadi, aslida.

Yangiobod tumanida favqulodda holatga nima sabab bo‘lgani hali ekspertlar tomonidan ochiqlanadi, albatta. Balki lift zavoddan nosoz ishlab chiqarilgandir? Yoki quruvchi tomonidan lift belgilangan talablarga rioya qilinmasdan, noto‘g‘ri o‘rnatilgandir? Balki yo‘lovchilar foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishmagandir. Ro‘y bergan voqeada mana shu uchta asosiy taxmin mavjud.

Lift qulay boshlasa...

Biz shunga o‘xshash holatlarda qanday yo‘l tutishga oid ayrim yo‘riqnomalar va tavsiyalarni sanab, eslatib o‘tishga qaror qildik.

Aslida qulayotgan liftda bo‘lib qolish ehtimoli lift bilan bog‘liq boshqa xavflardan ko‘ra ancha past. Odamlar odatda lift eshiklari qisib qolishi yoki liftning bo‘sh shaxtasiga tushib ketishi oqibatida ko‘proq jabrlanishadi. Shuning uchun lift chaqirganingizda eshiklar ochilib, ro‘parangizda lift kabinasi hozir bo‘lganiga amin bo‘ling, bo‘sh shaxtaga qadam tashlab yubormang.

Lekin shunga qaramasdan, siz mingan lift kabinasi katta tezlikda pasaya boshlasa, nimalar qilish kerakligini bilib qo‘yish foydadan xoli emas.

Sakramaslik kerak. Odamlar ko‘pincha qulayotgan lift shaxta tubiga borib urilish oldidan sakrab qolishga ulgurilsa zarbaning kuchi kamayadi, degan noto‘g‘ri fikrda bo‘lishadi. Lekin zarba qachon ro‘y berishi va qachon sakrash kerakligini qayerdan bilasiz? Lekin sakrashga ulgurib qolgan taqdiringizdayam qulash tezligini o‘zingizning eson-omon qolishingiz uchun yetarli tarzda sekinlashtira olmaysiz. Boz ustiga sakrash chog‘ida jarohatlanish ham mumkin.

Tik turmang. Qulayotgan liftda tik turish – hayotingiz uchun zararli. Zarba chog‘ida sizning o‘z vazningizdan o‘n barobar kuch oyoqlaringizga tushadi va umurtqangiz ezilishi, oyoq suyaklaringiz sinishi mumkin.

Polga yotib oling. Yaxshisi chalqancha yoting, boshingizni qo‘llaringiz bilan berkitib oling. Bu holatda siz zarba natijasida lift konstruksiyasi parchalari bilan jarohatlanishdan ham o‘zingizni asraysiz.

Eng asosiysi, zilzila va yong‘in yuz berganida liftlardan foydalanmaslik kerakligini unutmang. Yopilayotgan lift eshiklarini hech qachon qo‘lingiz yoki oyog‘ingiz, umuman, tana qismlaringiz bilan to‘xtatishga urinmang.

Liftda qamalib qolsangiz...

Ma’lumki, liftlarning barchasi elektr energiyasida ishlaydi. Kundalik elektr uzilishlari odatiy holga aylanib qoldi. Kundalik foydalanishda o‘zingiz yashaydigan turarjoy binosidami yoki biror korxonada liftga qamalib qolsangiz, nimalar qilish kerakligini ham yodlab olish zarar qilmaydi.

  • Birinchisi va eng asosiysi — tinchlaning, vahima ko‘tarib vaziyatni yanada og‘irlashtirganingiz qoladi. Klaustrofobiya kasalingiz bo‘lsa yoki kutilmagan shok va qo‘rquvdan qochish uchun nafas olib-chiqarish texnikalari va meditatsiyadan foydalanish mumkin.
  • Shundan so‘ng ko‘p ham qo‘rqinchli ish yuz bermagani, vahima ko‘tarish shart emasligini tushunishga harakat qiling.
  • Liftning barcha tugmalarini ketma-ket bosib tashlamang. Lift ichida sakramang. Lift kabinasi eshigini o‘zingiz ochishga harakat qilmang.
Foto: mchs.gov.ru
  • Dispetcherni chaqirish tugmasi, avariya xizmatini chaqirishga harakat qiling. Muammo va joylashgan o‘rningizni aniq tushuntiring. Liftdan ko‘p foydalanadigan bo‘lsangiz, bu dispetcher qaynoq liniya raqamini kontaktlaringizga har ehtimolga qarshi kiritib qo‘ying.
  • Agar dispetcherlik yoki avariya xizmati javob bermasa yoki kela olmasa, 101 raqamiga – qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qiling.
  • Agar yoningizda telefon bo‘lmasa yoki mobil aloqa signali ushlamasa, baland ovozda baqirib, yordam so‘rang, kimdir yetib kelsa, undan kerakli xizmatni chaqirishda yordam so‘rang.
  • Agar avariya-qutqaruv xizmatini kutish asnosida qizib ketsangiz, yuqoridagi kiyimlaringizni yechib oling. Yoningizda suv bo‘lsa, kam-kamdan iching. Agar o‘zingizni yomon his qila boshlasangiz, qo‘lingizdagi narsalarni polga qo‘yib, kabinaga suyangancha o‘tirib olib, oyoqlaringizni uzating.

Eng asosiysi, liftlarda kabinaga sig‘adigan o‘rtacha insonlar soni va maksimal vazn chegarasi o‘rnatilgan. Yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan liftlar kamida 400 kg vazn yoki o‘rtacha 80 kg vaznga ega 5 insonni ko‘tarishga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Turli ayyorliklarni ishga solib, liftni ortiqcha odam va vazn bilan yuritishga umuman urinmang. Yaxshisi, lift kabinasini yana bir marta chaqiring. Xavfsizlik texnikasiga doimo rioya qiling.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid