Jamiyat | 20:50 / 20.06.2023
23766
15 daqiqa o‘qiladi

«San’atda pedagogika yetishmayapti» - O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Azizov bilan suhbat

Ko‘pchilikka «Maftuningman» filmidagi Bakir Nazarov roli orqali tanish aktyor Turg‘un Azizov bu yil 89 yoshni qarshiladi. U rejissyor sifatida «Qalliq o‘yini», «Chimildiq», «O‘zbekcha raqs», «Hamlet» kabi o‘nlab spektakllarni ham sahnalashtirgan. Ustoz san’atkor Kun.uz’ga bergan intervyusida kasb tanlovi, ijodida tog‘asi Abror Hidoyatovning o‘rni, muhabbat tarixi, san’atdagi kamchiliklar haqida gapirdi.

— Bolalik paytlarim. Bir kuni onam bilan opam chiroyli kiyimlarni kiyib, xursand bo‘lib yurishibdi. Nimaga ekan, deb so‘rasam, tog‘ang «Otello»ga taklif qildi, shunga ketyapmiz, deyishdi. Men ham boraman, dedim, ular esa yoshlik qilasan, deyishdi. Janjal qildim, yig‘ladim, keyin dadam olib boringlar, deb meni ham yubordi. Pushkin bog‘ining yonida Milliy teatrning yozgi bog‘ida spektakl bo‘ldi. Bola edim, hech narsaga tushunmaganman. Lekin sahnada bir chiroyli ayolni qora odam – meni tog‘am bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygani qattiq ta’sir qilib, xotiramda muhrlanib qolgan. 

Bir kuni xolamning qizi, Ma’mura opam uyimizga keldi, u teatr institutida o‘qirdi. Institutimizda imtihon bo‘lyapti, xohlasang, olib boray tomosha qilishga, deb aytdi. U paytda 15 yoshdan oshgan edim. Bordim. Turk yozuvchisining asarini qo‘yishgan ekan. Menga juda yoqdi. Shu bilan «aktyor bo‘lsammikan» degan o‘y kirdi menga. Uydagilarga bildirmay, teatrga borib yurdim. Chunki aktyor bo‘lishimga otam qarshi bo‘lgan, iqtisodchi bo‘lishimni istardilar. 

— O‘zbek oilalarida ota roziligisiz biror ishni boshlash juda qiyin. Siz qanday qilib otangizning roziligini olgansiz?

— Dadam nonushtani mensiz qilmasdi. Sababi bitta o‘g‘il edim. Mendan oldingi farzandlar vafot etishgan. Oilada aslida 11 farzand bo‘lganmiz. Shuning uchun ham ismimni Turg‘un qo‘yishgan. O‘sha kuni otam nonushta payti «O‘g‘lim, maktabni bitirdingiz. Endi iqtisodchi bo‘lasizmi?» deb qoldi. Men esa institutga kirish niyatim bor, lekin iqtisodga emas, teatr institutiga topshirmoqchiman, dedim. Shu payt dadam og‘ziga olib borgan qoshig‘ini tushirib yubordi va oyimga qarab «Sizning avlodingizda artist bor, shuning uchun bu ham tortib ketdi» dedilar. Oyim ham hazilkash edi, «O‘lmang, xo‘jam, o‘zingiz ham «artistka»larni yaxshi ko‘rasiz-ku» dedi. Dadamning jahli chiqib, stolni bir tepib uydan chiqib ketdi. Shundan keyin men ham indamay, attestatimni to‘g‘ri teatr institutiga borib topshirdim. 

Rus maktabda o‘qiganim uchun imtihonlarni rus tilida topshirdim. Professor I.Radun imtihon olgandi. Birdan ikkinchi kursga olamiz, deb qoldilar u kishi. Xursand bo‘lib Abror tog‘amga kelib aytsam, sen o‘zbek tilini bilmaysan, birinchi kursdan o‘qishing kerak, dedilar. Institutga telefon qilib, jiyanim birinchi kursdan o‘qiydi, oldin ona tilini o‘rgansin, o‘zbek sahnasiga chiqolmaydi bu turishda, dedilar. Xafa bo‘lma, ona tilingni bilmasang, ko‘zingga yosh ham, his ham kelmaydi, teatr shunday, deb aytdilar. 

Birinchi kursdan Toshxo‘ja Xo‘jayev qo‘lida o‘qiganman. Ular rusiyzabon ekanimni bilgach, bir rus dramaturgining pesasini berib, har kuni 10-12 betdan o‘zbekchaga tarjima qilib qo‘yishimni aytdilar. Mana shunday qilib menga o‘zbek tilini o‘rgatgan odam Toshxo‘ja Xo‘jayev bo‘ladi. Bu odamdan umrbod qarzdorman.

— O‘qish paytida ham, teatrga o‘tganingizdan keyin ham bosh rollarni o‘ynagansiz. Abror Hidoyatovning jiyani bo‘lganingiz ustunlik berganmi yoki har doim o‘zingizni isbotlashingizga to‘g‘ri kelganmi?

— U paytlarda yangi madaniyat, yangi yo‘nalishlar kirib kelayotgandi. Men oldingilardek, tog‘amdek o‘ynasam, shunchaki nusxalagan bo‘lardim. Aktyorlik mahoratim o‘smay ham qolardi. Tog‘am davrida «Otello»ni poetik o‘ynashardi, biz esa boshqacha qilganmiz. Zamonaviylashtirardik. Aktyor davr farzandi, bir necha o‘n yildan keyin sahna hayoti ham o‘zgarib boradi, zamonga yaqinlashadi. 

— Toshxo‘ja Xo‘jayev nega sizga katta-katta rollarni ishonib topshirgan?

— Mening dunyoqarashimda romantika bo‘lgani uchun bo‘lsa kerak. Birinchi marta Monserra rolini bergan edi. U rolda deyarli so‘z yo‘q edi. Shundan keyin sekin-sekin boshqa rollarni ham ishonib berishgan. Teatrda To‘ti Yusupova bilan ko‘p rollarni birga o‘ynaganmiz. Rixsi Ibrohimova bilan ham ko‘p rollar ijro etganmiz. Diplom spektaklimda ham birga o‘ynagan, men 4-kurs bo‘lsam, u 1-kurs edi. Bundan tashqari, teatrda partnyorlarim Yayra Abdullayeva, Erkli Malikboyeva, Zebo Soliyeva, Rimma Ahmedovalar bo‘lgan. Rimma Ahmedova bilan asosan televideniyeda partnyor bo‘lganmiz. 

Aytganimdek, Monserradan keyin menga romantik rollarni bera boshlashdi. Otelloni ham o‘ynadim. Moskvadan Ruben Simonov kelib «Otello»ni sahnalashtirganmiz. Mendan keyin Yoqub Ahmedov o‘ynagan. Biz va bizdan oldingi avlod rus teatr maktabidan dars olgan. 

Sahnada bo‘layotganlar xuddi hayotda bo‘layotganday bo‘lishi kerak. Holatga kirish bor, ko‘zdan yosh chiqadi, yosh chiqqach, tovush o‘zgaradi — shundagina tomoshabinga tez yetib boradi. «Kechinma san’ati» ustalari Abror Hidoyatov va Shukur Burhonov bo‘lgan. Ikki maktabning birlashtiruvchisi Olim Xo‘jayev edi.

— Sizni ko‘pchilik «Maftuningman» filmidagi Bakir Nazarov roli orqali taniydi. Bu rolga qanday tasdiqlangansiz, eslaysizmi?

— «Maftuningman»dan oldin ham ikkita filmda o‘ynagandim. Latif Fayziyevning kinosida boyvachcha yigit rolini o‘ynagandim. Lekin buning uchun Toshxo‘ja Xo‘jayevdan rosa gap eshitganman, shundan so‘ng kinoda ham tanlab-tanlab o‘ynaydigan bo‘ldim. 

Bir kuni tramvayda bir kishi «Teatrda ishlaysan-a, repetitsiyadan keyin kinostudiyaga kir, gap bor» deb tushib ketdi. O‘sha kuni teatrdan chiqayotgandim Shukur akam [Shukur Burhonov nazarda tutilmoqda] to‘xtatib domino o‘ynaymiz deb qoldi. Bir rejissyor chaqirgan, o‘sha yerga boraman, deb aytdim. «Ha, u Yo‘ldosh A’zamov. «Maftuningman» degan kino olyapti ekan. Qo‘shiq aytadigan aktyorlar kerakmish, sen aytolmaysan-ku, baribir o‘tolmaysan... Borsang boraver, baribir o‘tmaysan», dedilar. Yoshi katta odam chaqirdi, bir o‘tay-chi, deb ketdim men. 

Bordim. Yo‘ldosh aka sekin menga qarab chiqib, kiyintirib, so‘zini beringlar, dedi. Qizning oyog‘ini bosadigan joyimdan sinov qilishdi. Ashula aytolmasam ham o‘sha rolga o‘tib ketdim. Kinodagi men aytadigan qo‘shiqni Nasim Hoshimov aytgan.

— Nega teatrni afzal ko‘rdingiz, kinolarda davom etmadingiz?

— Kinoda rejissyorlar qaysidir aktyorni o‘sha rolda ko‘rsa, taklif qiladi. Teatrda bu narsa yo‘q. Ijodiy jamoadan aktyorlarni olishadi rolga. Kinoda hayotida sahna ko‘rmagan odamlarni ham kinoga olishaveradi, imkoniyat ko‘proq bu borada kinoda. Aktyorning kamchiligi chiroyli rakursdan olingan kadrlar bilan bilinmay ketadi. Kinoda ham 30 dan ortiq rol ijro etganman, takliflar bo‘lgan keyin ham. 

— O‘zingizni mashhur inson sifatida qachon his qilgansiz?

— «Maftuningman» filmidagi rolimdan keyin. Ancha katta rollarni ham o‘ynaganman keyin. Latif Fayziyev, Yo‘ldosh A’zamovning kinolarida ko‘p o‘ynaganman. Lekin hamma joyda «Maftuningman» filmi aytiladi. Qayerga borsam «Maftuningman» keldi deyishadi. Milliyligi tufaylimi xalq mehrini qozongan. 

— Rejissyorlikka qo‘l urishga nima majbur qilgan yoki undagan?

— 17 ta rejissyorlik ishim bor. Akademik Mamajon Rahmonov teatr institutiga taklif qilgach, o‘sha yerda dars bera boshladim. Institutda talabalarni aktyor sifatida shakllantirish uchun qilgan harakatlarim rejissyorlik qilishimga sabab bo‘lgan. Talabalarni o‘qitishda uncha qiyinchilik bo‘lmagan. Yetarli tajribaga ega aktyor edim. Kirish imtihonlarida kursimga iste’dodli bolalarni tanlab olishga e’tibor berardim. Dars mashg‘ulotlarida individual shug‘ullanishga harakat qilardim. Chunki ular mening «maktabim»ni davom ettirishadi.

— Siz o‘qitgan talabalar orasida mashhur aktyorlar ko‘p. Bugungi kunda O‘zbek milliy akademik drama teatri ijodiy jamoasining 50 foizini Turg‘un Azizovning shogirdlari tashkil etadi deyishadi. Siz turli yillarda o‘qitgan bo‘lishingizga qaramay shogirdlaringiz juda ahil, qayerda bo‘lsa bir-birining yonini olishib, himoya qilisharkan. Pedagoglik siringiz nimada? 

— Talabaga farzand sifatida qaralsa, muhabbat, bog‘liqlik kelaveradi. Ustoz talabani o‘ziga o‘xshatib, nusxasini yaratishi kerakmas, balki uning qalbini uyg‘otishi kerak. Shunda aktyor holatga kiroladi. Men ularga mana bunday qil deb urishmaganman, qattiq gapirmaganman biror marta. Hozirgi kunda ham shogirdlarimni himoya qilaman, ishlariga fikr bildiraman. Biror yaxshi bo‘lmagan ish qilayotgan bo‘lsa, «Nega bunday qilyapsan, unaqa qilma, sen bilan birga menam sharmanda bo‘laman» deyman. Mana shu «menam sharmanda bo‘laman» deyishim ularga ko‘proq ta’sir qiladi. Urishib, qattiq gapirishdan foyda yo‘q. Faqat mehr bilan bo‘lishi kerak. Lekin shogirdlarimdan qat’iy talab ham qilardim. Qo‘pollik orqali talabani o‘zidan bezdiradi odam. Bezgan talaba aktyor bo‘lish haqida emas, tezroq institutni bitirib ketish haqida o‘ylay boshlaydi. 

— Shogirdlaringiz o‘qishni bitirgandan keyin ham ular uchun jon kuydirgansiz. Rollar bergansiz, e’tibor qilgansiz, teatrga jalb qilgansiz. O‘qitdim, endi o‘zlari o‘rnini topsin desangiz ham bo‘ladi-ku? 

— Bu mening san’atga bo‘lgan munosabatimdan. Shogirdlarimda san’atga nisbatan muhabbat shakllanishi, o‘z kasbini sevishi kerak, shuning uchun ularga yordam berganman. Ular san’atda «yashab» keta olishiga ishonishi, ko‘ngli sovib qolmasligi kerak edi. Bu narsa menga Toshxo‘ja Xo‘jayevdan o‘tgan, chunki u kishi ham biz, shogirdlarga o‘ta mehribon, otadek edilar. 

— Bugungi natijalaringizda rafiqangiz Roza Azizovaning qanchalik hissasi bor?

— Ayolim ham Moskvada teatrshunoslik bo‘yicha o‘qigan. 10-sinf paytimizda o‘qishni bitirgach, qayerda ishlamoqchisiz, deb so‘raganda, bilmasdan KGBning binosini ko‘rsatganman. U yerda jadidchilarni – ulug‘larimizni o‘ldirishgan, umuman yomon narsalar bo‘lgan. Shundan keyin men bilan gaplashmay qo‘ydi. Institutga kirib, 3-kurs paytimizda Moskvaga olib borishgan va o‘sha yerda yana uchrashib qolganmiz. 

Bu orada Moskvada Toshxo‘ja Xo‘jayevning ustozining kursiga kirganmiz. O‘sha yerda To‘ti Yusupova bilan «Vanya tog‘a» spektaklidan parcha qo‘yib berganmiz. Keyin professor ertaga bizning talabalar bilan chiqish qilasizlar, dedi. U yerda o‘zbek tilida ijro etib berganmiz sahnani. Parda yopilib qayta chiqdik hamki jimlik edi zalda. Yaxshi chiqmabdi-da deb o‘yladik. Keyin birdan gulduros qarsak chalindi. Buni qarangki, yaxshi ijro etilsa, tilning ahamiyati yo‘q ekan san’atda. 

Eslayman…To‘ti Yusupovaning to‘yidan sovuq kunda yuk mashinada qaytganmiz. Qarasam Roza sovuqqotib turgan ekan. Ustimdagini yechib unga kiydirib qo‘yganman. O‘shanda uni yaqindan his qildim. Qarorim qat’iylashdi. Keyin to‘yimiz bo‘ldi.

Roza san’atshunos bo‘lgani uchun Nabi Rahimov bilan Sora Eshonto‘rayeva «Kulgili tragediya» (Optimistik tragediya) spektaklini tanqid qilib maqola chiqargan. Chunki ular qarib qolishgan edi ancha, ijro etgan rollariga yoshi to‘g‘ri kelmasdi. Nabi akam menga yomon qaragandi o‘shanda. Ancha paytgacha gina saqlab yurdilar. Sora opam indamay qo‘ydilar. 

Shu bo‘ldi-yu Roza san’atshunoslikni tashlab ketdi. Qishloq xo‘jaligi institutiga ishga kirib, rus tili va adabiyotidan dars berdi. Professor bo‘ldi o‘sha yerda. Kafedra mudiri bo‘lib ishladi. Qandli diabetdan vafot etdi...

— Bugun ham ijod ichidasiz. Bugungi kundagi kino va teatrdagi holatga nima deya olasiz? Nima yetishmayapti? 

— Yaxshi tomonga o‘zgarishlar katta. Lekin, menimcha, san’atda pedagogika yetishmayapti. Tajribali ustozlar o‘tib ketyapti. Yoki biz bizga berilgan «maktab»ni o‘zimizdan keyingilarga yetarlicha yetkazib berolmadikmi?..

— Aktyorlikka endi kirib kelayotgan yoshlarga qanday tavsiyalar berasiz? Yaxshi aktyor qanday bo‘lishi kerak?

— Shu kasbni tanladimi, vijdonan mehnat qilishi kerak. O‘z ustida ishlash lozim, oliftagarchilikni yig‘ishtirish qo‘yib. Men hech qachon bu kasbdan tashqari biror tadbir yo to‘ylarga bormaganman. To‘ylarda so‘zga chiqadigan bo‘lsam, birov cho‘ntagimga pul solsa, o‘sha yerdagi to‘yni olgan san’atkorlarga berganman. Biror marta to‘ydan pul olib chiqmaganman. Teatrdan, dublyajdan, televideniyedan oladigan maoshim o‘zimga yetgan. Televideniyeda 220 ta, teatrda 81 ta rol o‘ynaganman. Teatrda o‘zim istagan barcha rollarni ijro etdim. Bu masalada to‘qman. 17 ta rejissyorlik asarim ham bor. Hozir bitta «O‘zbekcha raqs» nomli rejissyorlik asarim teatrlarda qo‘yilyapti. 

Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid