O‘zbekiston | 08:08 / 20.06.2023
5833
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ombor mudiri 747 mln so‘mlik gaz plitalarini sotib yuborgani aniqlandi 

Tadbirkorlarning juda ko‘p miqdordagi mulkini qo‘lga kiritgan ombor mudiri va MChJ rahbari aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Mirobod tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro Sh.X. “N.” MChJ ombor mudiri vazifasida ishlagan davrida MChJning umumiy bahosi 747,7 mln so‘mlik gaz plitalarni hech qanday shartnomasiz sotib yuborib, tadbirkor manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgani aniqlangan. 

Shu kabi, departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “N.S.” MChJ rahbari T.R. “G.M.” MChJ dileri A.D.ning ishonchiga kirib, “G.M.” MChJning umumiy bahosi 700 mln so‘mlik 28 dona moto-transport vositasini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid