Okeanda «Titanik» tomon suzgan suvosti kemasi yo‘qolib qoldi. Uning bortida milliarderlar bor edi
18 iyun kuni Shimoliy Atlantika okeanida bortida uch sayyoh va ekipajning ikki a’zosi bo‘lgan «Titan» batiskafi (suvosti kemasi) g‘oyib bo‘ldi. Hozirda cho‘kib ketgan «Titanik» kemasi qoldiqlarini o‘rganish uchun yo‘lga chiqqan bu suvosti kemasini qidirish ishlari olib borilmoqda.
Polar Prince tadqiqot kemasi suvosti kemasi bilan aloqani u suvga sho‘ng‘iganidan 1 soat-u, 45 daqiqa o‘tgach yo‘qotgan.
«19 iyun kuni Grinvich bo‘yicha soat 21:00 holatiga ko‘ra (Toshkent vaqti bilan tungi soat 01:00) suvosti kemasida 70 soatdan 96 soatgacha yetadigan zaxira kislorodi mavjud bo‘lgan», deya xabar beradi AQSh Qirg‘oq xavfsizlik xizmati.
Yo‘qolib qolgan kemaga egalik qiluvchi OceanGate kompaniyasi ekipajni xavfsiz ortga qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni o‘rganayotganini ma’lum qildi.
Qutqaruv operatsiyasiga davlat idoralari ham qo‘shilgan.
So‘ngi yangiliklar
Polar Prince kemasi 18 iyun kuni ertalab, Atlantika okeanidagi «Titanik» kemasi halokatga uchragan joyga yetib bordi.
Juda chuqur masofalarga sho‘ng‘uvchi suvosti kemasi bortida besh kishi bo‘lgan. Qoidaga ko‘ra, bu haydovchi, uch sayyoh va gid. Hozirgacha uch kishining ismi aniqlangan: 59 yoshli britaniyalik tadbirkor va tadqiqotchi Hemish Harding, pokistonlik biznesmen Shahzoda Dovud va uning o‘g‘li Sulaymon.
Harding Facebook’dagi postida mahalliy vaqt bilan soat 04:00 da sho‘ng‘ishni boshlamoqchi ekanliklarini yozgan.
Qidiruv operatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Boston Qirg‘oq xavfsizlik xizmati o‘z tvitter sahifasida besh kishilik ekipaj bo‘lgan suvosti kemasi 18 iyun kuni ertalab sho‘ng‘igani va kema sho‘ng‘igandan taxminan bir soat-u 45 daqiqa o‘tgach, Polar Prince ular bilan aloqani yo‘qotgani haqida xabar berdi.
Taxminlarga ko‘ra, «Titan» suvosti kemasi bu vaqtda Keyp-Kod qirg‘oqlaridan taxminan 1450 km uzoqlikda bo‘lgan.
19 iyun kuni AQSh Qirg‘oq xavfsizligi xizmati kontradmirali Jon Moger bunday olis hududda g‘oyib bo‘lgan suvosti kemasini topish nihoyatda qiyin ish ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar «Titan»ni suv yuzasidan ham qidirmoqda, chunki suvosti kemasi suv yuzasiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan, biroq ona kemasi bilan aloqani yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, «Titan»ni gidrolokatorlar yordamida suv ostidan ham axtarishmoqda.
Qirg‘oq xavfsizlik xizmati batiskafni suv yuzasidan qidirish uchun ikkita C-130 Hercules samolyotini yubordi. Ularga Kanadaning suvosti sonorlari bilan jihozlangan P-8 Poseidon va C-130 samolyotlari ham qo‘shildi.
Shuningdek, bu hududga gidroakustik buylar (suvosti kemalari signallarini ushlovchi suzgichlar) joylashtirildi.
Jon Moger, agar batiskaf suv ostidan topilsa, uni qutqarish uchun qo‘shimcha mutaxassislar talab qilinishi va u AQSh harbiy-dengiz kuchlari hamda ushbu sohaga ixtisoslashgan xususiy kompaniyalardan yordam so‘raganini aytdi.
Kanada mudofaa vazirligi xabar berishicha, samolyotlar bilan birga Kanada Qirg‘oq xavfsizligi xizmatining Kopit Hopson kemasi ham qidiruv ishlarida ishtirok etmoqda.
Polar Prince kemasining egasi bo‘lgan Horizon Maritime kompaniyasi BBC nashriga kema qidiruv ishlariga yordam berayotganini tasdiqladi va qidiruv maydoniga ikkinchi kema — Horizon Arctic yuborilganini ma’lum qildi.
Kema bortida kimlar bor edi?
Harding birinchi marta 2022 yilning iyun oyida jamoaga qo‘shilish niyatida ekanini e’lon qilgan va kema ekipajida bir necha afsonaviy tadqiqotchilar borligini aytgandi. Uning aytishicha, ulardan ba’zilari 1980-yillardan beri «Titanik»ka o‘ttiz martadan ko‘proq borgan.
Harding Dubayda joylashgan, biznes-jyetlar savdosi va operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchi Action Aviation kompaniyasi rahbari.
18 iyun kuni uning firmasi tvitterda «Titan» sho‘ng‘ishni muvaffaqiyatli boshlagani haqida xabar berdi.
«Bizning o‘g‘limiz Shahzoda Dovud va uning o‘g‘li Sulaymon Atlantika okeanida halokatga uchragan «Titanik» kemasini ko‘rish uchun sayohatga otlandi. Ayni paytda ularning suvosti kemasi bilan aloqa uzilgan va ma’lumotlar cheklangan», deya bayonot bergan Shahzoda Dovud oilasi.
«Biz hamkasblarimiz va do‘stlarimiz tomonidan ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik uchun juda minnatdormiz va barchadan ularning xavfsizligi uchun ibodat qilishni so‘raymiz. Shu bilan birga, oilaga maxfiylikni saqlab qolishga imkon berishni ham so‘rab qolamiz», deyiladi oila bayonotida.
Dovud Pokistondagi eng boy oilalardan birining a’zosi va yerosti sivilizatsiyalarini izlash bo‘yicha SETI institutining ishonchli vakili.
Hardingning Facebook’dagi postiga ko‘ra, sho‘ng‘ish boshlanishidan oldin fransuz tadqiqotchisi Pol-Anri Narjole ham batiskaf bortida bo‘lgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, jamoada suvosti sayohatini tashkil qilgan OceanGate bosh direktori Stokton Rush ham bor bo‘lgan.
«Titan» u yerda nima qilayotgandi?
Sho‘ng‘ish uchun suvosti kemalari ishlab chiquvchi OceanGate kompaniyasi saytida, 2021 va 2022 yillarda «Titanik» qoldiqlariga uyushtirilgan muvaffaqiyatli ekspeditsiyalardan so‘ng kompaniya har yili shu kabi sayohatlarni tashkil qilishni rejalashtirayotgani aytiladi.
12 sho‘ng‘ishdan iborat ekspeditsiyalardan biri 2023 yilning yoziga mo‘ljallangan edi.
Kompaniyaning tvitter sahifasida dastlabki bir necha tur qanday o‘tgani haqida postlar bor.
Kompaniya xususiy mijozlardan cho‘kib ketgan afsonaviy laynerni ko‘rish va sakkiz kunlik ekspeditsiyada qatnashish uchun 250 ming dollar oladi.
OceanGate bunday sayohatni «kundalik hayotdan tashqariga chiqish va o‘zing uchun haqiqatan ham g‘ayrioddiy bo‘lgan qandaydir narsani kashf qilish imkoniyati» deb ataydi.
Xabarga ko‘ra, «Titanik»ka bir marta borish va suv yuzasiga qaytib chiqish uchun taxminan sakkiz soat vaqt ketadi.
«Titanik» Kanada shimoli-sharqidagi Nyufaundlend orolidan 600 km uzoqlikda, Atlantika okeanining 3800 metrlik tubida joylashgan.
Nima ro‘y bergan bo‘lishi mumkin?
Chuqur dengiz transporti bo‘yicha ekspert, Londondagi Universitet kolleji professori Alister Greyg BBC nashri bilan suhbatda voqealar rivojining bir necha variantlarini sanab o‘tgan.
Ulardan biriga ko‘ra, «Titan»da avariya yuz bergan va kema ballastni (kemaning to‘g‘ri suzishi va barqarorligini ta’minlovchi maxsus yuk) tashlab, suv yuzasiga ko‘tarilgan.
«Agar ta’minot quvvati yoki aloqa uzilishi sodir bo‘lgan bo‘lsa (bu yuz berishi mumkin) suvosti kemasi suv yuzasida uni topishlarini kutib suzib yuradi», deydi u.
Uning aytishicha, yana bir ssenariyga ko‘ra, suvosti kemasining korpusi shikastlangan va suv bilan to‘la boshlagan. «Bu holda prognoz unchalik yoqimli emas», degan Greyg.
Professor Greygning so‘zlariga ko‘ra, agar kema dengiz tubiga tushgan bo‘lsa va o‘z kuchi bilan suv yuzasiga ko‘tarila olmasa, unda variantlar juda kam qoladi.
«Garchi suvosti kemasi hali butun bo‘lsa ham, agar u 200 metrdan ortiq chuqurlikda bo‘lsa, bunday chuqurlikka tusha oladigan kemalar juda kam va g‘avvoslar bunday tubga umuman tusha olmaydi. Harbiy-dengiz kuchlarining suvosti kemalarini qutqarishga mo‘ljallangan apparatlari, shubhasiz, «Titanik»ka yaqin chuqurlikka tusha olmaydi», deydi professor.
2022 yili «Titanik» hujjatli filmini suratga olgan BBC Travel Show direktori Saymon Platsning so‘zlariga ko‘ra, OceanGate kompaniyasining bosh direktori va asoschisi Stokton Rush yo‘lovchilar dengiz sayohati davomida «Titanik» qoldiqlarini ko‘ra olishiga hech qanday kafolat bermaydi va bu juda xavfli ish ekani haqida ogohlantiradi.
Platsning aytishicha, suvosti kemasi ba’zan ishlamay qolishi mumkin bo‘lgan innovatsion texnologiyalar yordamida boshqariladi.
«Menda ba’zida ishlar noto‘g‘ri ketishi mumkin degan taassurot paydo bo‘ldi. Ammo men suvosti kemasida bo‘lganimda, falokat yuz berishi mumkinligiga hech qanday belgilar yo‘q edi», deydi Plats.
Avstraliyaning suvosti kemalarini qutqarish loyihasi sobiq direktori Frenk Ouenning BBC nashriga aytishicha, batiskafdagi odamlarning vazifasi xotirjamlikni saqlash va kislorodni ortiqcha sarflamaslikdir.
«Agar ular vahimaga tushsa yoki juda ko‘p harakat qilsa, kislorod zaxirasi tugashi tezlashadi», deya eslatdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi muammo «Titan»ni qidirishdir. Uni suv yuzasida aniqlash nisbatan oson, biroq suv ostida ancha qiyin.
«Titan» haqida nimalar ma’lum?
«Titan» besh o‘rinli suvosti kemasi bo‘lib, 4000 metrgacha chuqurlikka tushish va uch uzel, taxminan 5,5 km/soat tezlikda harakatlanish uchun mo‘ljallangan.
G‘avvoslarni cho‘kib ketgan «Titanik»ka yetkazishdan tashqari, qurilma suv osti relyyefini o‘rganish va tekshirish, tadqiqot o‘tkazish va filmlarni suratga olishda ma’lumotlarni yig‘ish uchun ishlatiladi. Shuningdek, ular uchun uskunalar va dasturiy ta’minotning yangi namunalarini sinovdan o‘tkazadi.
OceanGate kompaniyasi vakillari so‘zlariga ko‘ra, «Titan» eng zamonaviy yoritish va suv osti navigatsiya tizimlari, shuningdek, ichki va tashqi 4K video va suratga olish uskunalari bilan jihozlangan.
OceanGate saytida aytilishicha, besh kishilik suvosti kemasi real vaqt rejimida ishlovchi korpus monitoringi tizimi bilan jihozlangan.
Suv osti sayohati paytida maxsus datchiklar korpusdagi bosim o‘zgarishini kuzatib boradi va uning yaxlitligini baholaydi.
«Ushbu bort monitoring tizimi pilotga sho‘ng‘ishni to‘xtatish va yer yuzasiga xavfsiz qaytish uchun yetarli zaxira bilan erta ogohlantirish beradi», deyiladi kompaniya xabarida.
CBS nashri 2022 yili o‘z muxbiri Devid Pogni OceanGate batiskafida cho‘kib ketgan «Titanik»ni ko‘rishga jo‘natgan edi.
Pogning so‘zlariga ko‘ra, sho‘ng‘ishdan oldin u yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oluvchi hujjatga imzo chekkan. Hujjatda, xususan, «Titan» davlat sertifikatiga ega bo‘lmagan eksperimental kema bo‘lib, unda sho‘ng‘ish jarohat yoki o‘limga olib kelishi mumkinligi aytilgan.
Keyin OceanGate bosh direktori Stokton Rush Pog uchun kema bo‘ylab ekskursiya uyushtirgan. Bu ekskursiya davomida kemada faqat bitta tugma borligi va boshqaruv videoo‘yin kontrolleri tomonidan amalga oshirilishi ayon bo‘lgan.
Mavzuga oid
19:53 / 26.11.2024
NASA Saturn yo‘ldoshiga o‘z missiyasini uchiradi
00:43 / 13.09.2024
Alyaskada kruiz kemasi ulkan muz bo‘lagi bilan to‘qnashib ketdi
12:00 / 16.06.2024
Yevrosiyo bo‘ylab Tinch okeanidan Atlantika okeanigacha – dunyoning eng uzun temiryo‘l yo‘nalishlari qayerda joylashgan?
21:20 / 16.03.2024