Jahon | 17:29 / 23.06.2023
41781
6 daqiqa o‘qiladi

«Tarix takrorlanmoqda»: Jyeyms Kemeron «Titan» halokatiga mas’uliyatsizlik sabab bo‘lgani haqida

Hollivud rejissyori, «Titanik» haqidagi filmni suratga olgan va katta chuqurlikka ko‘p bor sho‘ng‘igan Jyeyms Kemeron BBC uchun intervyusida «Titan» batiskafi yo‘qolib qolgan dastlabki xabardan keyinoq eng yomon ish sodir bo‘lgani haqida gumon qilganini aytdi. Rejissyor shuningdek sho‘ng‘ishni tashkillashtirgan OceanGate kompaniyasi «Titanik»ka ekspeditsiyalar xavfi haqida bir necha bor ogohlantirilganini ma’lum qilgan.

Rejissyor Jyeyms Kemeron «Titanik» qoldiqlarini ko‘rish uchun 33 bor suv tubiga sho‘ng‘igan

Bortida besh kishi bo‘lgan «Titan» batiskafi yakshanba kuni tongda missiya boshlanganidan 1 soat-u 45 daqiqa o‘tganidan keyin g‘oyib bo‘lib qoldi. Qidiruv amaliyoti 22 iyun kuni kechgacha davom etdi, hodisaning to‘rtinchi kuni «Titanik» halokatga uchragan nuqta yaqinida batiskaf qoldiqlari aniqlandi. Ekspertlarning hisoblashicha, apparat suv bosimi ostida parchalanib ketgan va ekipajning barcha a’zolari halok bo‘lishgan.

O‘zi ham «Titanik» ostovini (qobirg‘asi) ko‘rish uchun 33 bor suvga sho‘ng‘igan Kemeronning aytishicha, ro‘y bergan hodisa kartinasi unga avvalboshdan tushunarli bo‘lgan.

«Men nima bo‘lganini ichdan his qildim. Agar suvosti kemasi elektronikasi ishlamay qolsa, shu bilan bir vaqtda uning aloqa tizimi va kuzatuv transponderi ishdan chiqsa — suvosti kemasi yo‘qoladi», — deydi Kemeron.

Rejissyor suvosti kemalari bilan shug‘ullanuvchi tanishlariga qo‘ng‘iroqlar qilgani va unda bir soatdan keyin nima bo‘lgani haqida aniq tasavvur hosil bo‘lgani haqida aytib bergan. «Ular sho‘ng‘ishgan, ularning maqsadi 3800 metrga tushish bo‘lgan, 3500 metr chuqurlikda ular bilan aloqa yo‘qolgan va kuzatish tizimi o‘chgan. Men darhol aytdimki, ikki tizim ham yo‘qolishi faqat qandaydir ulkan falokat natijasida ro‘y berishi mumkin», — deya eslaydi Jyeyms Kemeron.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi kelgan fikr kapsula haddan tashqari kuchli suv bosimi tufayli pachoqlanib ketishi haqida edi.

Ayni vaqtda «Titan» halokati bo‘yicha asosiy versiya ham shu bo‘lib turibdi. Ekspertlar bu hodisani tasvirlashda imploziya (ichkariga qaratilgan portlash) atamasidan foydalanishadi.

Payshanba kuni AQSh harbiy-dengiz kuchlari rasmiy vakili jurnalistlarga «Titan» suv yuzasi bilan aloqani yo‘qotganidan ko‘p vaqt o‘tmay, harbiy-dengiz floti «imploziyaga xos akustik anomaliya [ya’ni shovqin]»ni qayd etgani haqida xabar bergan.

Bu ma’lumot AQSh Sohil qo‘riqlash xizmati guruhiga yetkazilgan, natijada qidiruv hududi radiusini toraytirishgan.

Kemeron o‘tayotgan hafta uning uchun «taqillashlar, kislorod va boshqa barcha taxminlar aralashib ketgan va uzoq davom etgan dahshatli spektakl sifatida yodda qoladi».

«Men batiskaf o‘z joylashuvi haqida oxirgi ma’lumotlarni yuborgan nuqta atrofida ekanini bilardim. Uni aynan o‘sha yerdan topishdi», — deydi rejissyor.

U «Titan»ni payshanba kuni masofadan boshqariluvchi Victor 6000 suvosti apparatini jalb etishlaridan ko‘p vaqt o‘tmay topishganiga e’tibor qaratgan.

«OceanGate ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirgan»

OceanGate kompaniyasining «Titan» apparati (arxiv foto)

Kemeronning so‘zlariga ko‘ra, «Titanik» fojiasini kuzatish uchun tushgan «Titan»ning halokatga uchrashida «dahshatli kinoya» bor. Bungacha rejissyor televizion intervyuda «Titanik» kapitani bir necha bor aysberglar xavfi haqida ogohlantirilgani, ammo u bu ogohlantirishlarga e’tibor bermagani haqida gapirgandi.

Endi, rejissyorning ta’kidlashicha, tarix takrorlanmoqda, chunki «Titan» tegishli bo‘lgan OceanGate kompaniyasi «halokat tomon yo‘lda ketayotgani» to‘g‘risida ogohlantirilgandi.

«Afsuski, ogohlantirishlarga e’tibor bermaslik tufayli yana bir shunday halokat ro‘y berdi», — deydi Kemeron.

Hollivud rejissyori OceanGate kompaniyasi uyushtirgan suvosti ekspeditsiyalari xavfsiz bo‘lmagani haqida gapirgan ilk odam emas. New York Times nashri ixtiyorida mavjud bo‘lgan, Dengiz texnologiyalari jamiyati (Ms) tomonidan OceanGate’ga yo‘llangan maktubda ham «kompaniyaning eksperimentlari salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi» aytilgan.

Jyeyms Kemeronning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda kompaniya bir qancha xodimlarni ishdan bo‘shatgandi.

Boshqa ish bo‘yicha sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, OceanGate sobiq xodimlaridan biri batiskafda suvga sho‘ng‘ish xafvsiz emasligi haqida 2018 yildayoq ogohlantirgandi.

Shuningdek OceanGate texnik mezonlari borasidagi xavotir kompaniyaning dengiz operatsiyalarini nazorat qilish bo‘yicha direktori Devid Loxrij imzosi qo‘yilgan inspeksiya hisobotlaridan birida ham mavjud.

Jyeyms Kemeron o‘zining suvosti dunyosiga muhabbati bilan tanilgan. U «Titanik» halokatga uchragan joyga sho‘ng‘ishdan tashqari, dunyo okeanlaridagi eng chuqur nuqta bo‘lmish Mariana botig‘iga (11 ming metrdan ortiq) ham tushgan. U ishlagan so‘nggi film «Avatar: Suv yo‘li» (Avatar: The Way of Water) filmidagi voqealarning aksar qismi suv ostida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid