«Ukraina Rossiyaga hujum qilmoqchi bo‘lmagan». Prigojin yana bir shov-shuvli video e’lon qildi
«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin navbatdagi videosini e’lon qildi. Unda Putinning sobiq oshpazi urush borasida Rossiya rasmiy pozitsiyasini rad etuvchi bayonotlar bilan chiqdi. Prigojin bu safar nimalar dedi?
«Biz qonga belanyapmiz»
«Ukraina armiyasi Rossiya armiyasiga bosim o‘tkazmoqda, biz esa qonga belanyapmiz, zaxira berilmayapti, hech qanday boshqaruv yo‘q», degan so‘zi boshida Prigojin. Uning fikricha, Rossiya mudofaa vazirligi va Bosh shtab shunday holatda ham urushda yengib chiqishni o‘ylamoqda.
«Boshqaruv mavjud bo‘lmagan, harbiy g‘alabalarsiz bir holatda mudofaa vazirligi prezidentni sinchkovlik bilan aldashda davom etmoqda. Shu sabab biz kuniga 60 ta «Leopard» yo‘q qilingani, dushmanning minglab askarlari o‘ldirilgani haqida yolg‘onlar eshityapmiz», degan «Vagner» rahbari.
Prigojinning axborot xizmati murojaatning 30 daqiqadan iborat birinchi qisminigina e’lon qilgan. Bu vaqt davomida Prigojin doimgidek Shoygu va Gerasimovni haqorat qilgan.
Prigojinga ko‘ra, 2022 yil 24 fevralda Donbassda 2014 yildan farq qiladigan noodatiy hech narsa bo‘lmagan, Ukraina tomonidan Rossiya mudofaa vazirligi aldagani kabi «dahshatli agressiya» bo‘lmagan. Shuningdek, Ukraina NATO davlatlari bilan birga Rossiyaga hujum qilishni rejalashtirmagan. Prigojinning fikricha, Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina hujum tayyorlayapti deb jamoatchilikni va Putinni aldagan. U urushni «maxsus harbiy amaliyot» deb istehzo bilan ta’riflagan va barchasi juda yomon reja bilan boshlanganini aytgan.
«Bir guruh ahmoqlar ular o‘quv mashg‘ulot davomida nima qilishini hech kim bilmaydi, Kiyevda ularni hech kim to‘xtata olmaydi deb o‘ylagan. Rossiya qo‘shinlarini hech kim to‘xtata olmagan bo‘lardi, agar askarlar «qip yalang‘och» (yetarli qurolsiz) jangga yuborilmasa, yetarlicha o‘q-dori berishsa», degan Putinning sobiq oshpazi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urushning birinchi kunida Shoyguning xatosi sabab Rossiya armiyasining minglab eng yaxshi tayyorlangan harbiylari halok bo‘lgan. 2022 yil mart oyi o‘rtalariga kelib esa Rossiya vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmayotgan «qaltiroq chol»ga aylangan. Uning fikricha, urush bir guruh hayvonlar maqtanishi va o‘zini piar qilishi uchun boshlangan. Prigojinga ko‘ra, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu uchun marshal darajasi va ikkinchi Rossiya Qahramoni ordeni tayyorlab qo‘yilgan bo‘lgan. «Hammasi birgina ruhiy kasal odam tobutda yotganida oldidagi yostiqqa mana shu yulduzni qo‘yishlari uchun bo‘ldi», degan «Vagner» asoschisi.
Shuningdek, Prigojin urush hozir amalda Rossiyani boshqarayotgan oligarxlar klani uchun ham kerak bo‘lganini aytdi. Uning fikricha, o‘zidan boshqa hech kimni o‘ylamaydigan oligarxlar Viktor Medvedchukni Ukraina prezidenti qilmoqchi bo‘lishgan.
«Bizning ruslarni xafa qilayotganlarga qarshi muqaddas urushimiz reket va kalamushlikka aylanib ketdi», dedi Prigojin ruslar nazoratidagi hududlarga yuborilgan aktivlar o‘zaro bo‘lib olingani haqida gapirar ekan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mudofaa vazirligi navbatdagi katta hududni boy bergandan keyin ham hech ikkilanmay «qayta guruhlanib qulayroq pozitsiyaga o‘tgani» haqida gapiraveradi. Xuddi Liman va Xersonda bo‘lgani kabi.
Mavzuga oid
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024