O‘zbekiston | 16:17 / 25.06.2023
29659
3 daqiqa o‘qiladi

“Ko‘lmakdek suv ko‘rinib qolsa, bu men uchun bayram” – Yer qa’ridan rizqini topgan quduqchi hikoyasi

“Keyingi yillarda joylarda suv tobora tortilib boryapti. Avval 20 metrdan chiqayotgan suv bugungi kunga kelib 25 metrdan chiqyapti. Yildan yilga suv pastga qarab qochyapti”, – deydi u.

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumani Qaqir qishlog‘ida yashovchi G‘ulomjon Olimov bir oyda kamida 15 xonadonga yer qa’ridan suv chiqarib berib, odamlarga quvonch ulashadi. U halol mehnati ortidan 3 farzandni voyaga yetkazyapti. Ayni yoz jaziramasida quduqchining qo‘li qo‘liga tegmaydi. Ish har doimgidan ko‘paygan.

“Quduq qazishni boshlaganimga 15-16 yil bo‘ldi. Odamlarga suv chiqarib berib, ularning xursandchiligini ko‘rish baxt, albatta. Qayerdadir suv bor, qayerdadir yo‘q. Uyidan suv chiqqanidan xursand bo‘lib quvongan odamni ko‘rsam mehnat mashaqqatlari ortda qoladi. Yaratganga shukr, quduqchilikdan tirikchilik o‘tyapti. Kuniga 500 ming so‘m topgan kunlar ham bo‘ladi. Rizqimizga yarasha odatda kuniga 200 ming so‘m topamiz.

Bir oyda 20-25 kun ish bor. 12 oy doimiy ravishda quduq qazish bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Ishlagan xonadonimizda suv chiqib, uy egasi o‘sha suvdan bir piyola ichsa biz uchun ulkan baxt.

Keyingi yillarda joylarda suv tobora tortilib boryapti. Avval 20 metrdan chiqayotgan suv bugungi kunga kelib 25 metrdan chiqyapti. Yildan yilga suv pastga qarab qochyapti. O‘tgan yili So‘x tumanining Sarikanda qishlog‘ida quduq qaziganimizda 87 metrdan suv chiqdi. Bunday chuqurlikda ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Bunday paytda Yaratgandan balo-qazolardan panoh tilab mehnat qilamiz.

Quduq qazishda eng mashaqqati bu – marraga yetib olish. Ko‘lmakdek suv ko‘rinib qolsa, bu men uchun bayram. Charchoqlar ham chiqib ketadi. So‘x tumanida 87 metrlik quduq qaziganimizda havo yetishmasligidan aziyat chekmadik. Lekin Farg‘onada quduq qazish jarayonida ichkarida maxsus moslamalar yordamida nafas olishga to‘g‘ri keladi.

Ish paytida ko‘ngilsiz holatlar ham uchrab turadi. Chuqurda ekanimda tosh, tepadan chelak tushib ketgan vaziyatlar bo‘lgan. Tok urgan holat ham bo‘ldi. O‘z vaqtida yordam ko‘rsatishib, tepaga chiqarib olishgan.

Hozirgi kunda bir metr quduq qazish narxi 200-300 ming so‘m. Ishning og‘ir-yengilligiga qarab 4 kishilik jamoa bo‘lib ishlaymiz. Kuniga 250 ming so‘mdan 500 minggacha pul topamiz.

Ishimiz hozir juda ko‘paygan. Bog‘larda mevalarga suv zarur. Quduq qazish ko‘pchilikning qo‘lidan kelmaydi. 10 nafar shogird chiqardim”, – deydi G‘ulomjon quduqchi.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Boymirza Xalilov

Mavzuga oid