«Xrushchyov botinkasi» – SSSR rahbari nega BMT bosh assamleyasi sessiyasida oyoq kiyimi bilan stolni urib, shovqin ko‘targan edi?
1960 yil kuzda Nyu-Yorkda o‘tkazilgan BMT bosh assambleyasi sessiyasida mustamlakachilik masalalari muhokama qilinadi. Shunda bir qancha notiqlar so‘zga chiqib, sotsialistik lagerni tarqatib yuborishni va SSSR o‘z tarkibidagi ittifoqdosh respublikalarga mustaqillik berishi lozimligini aytishadi. Bu gaplardan juda g‘azablangan sovet rahbari Nikita Xrushchyov oyog‘idagi botinkasini yechib u bilan stolni ura boshlaydi.
1953 yilda Stalin vafotidan so‘ng ko‘p o‘tmay hokimiyat tizginini qo‘lga olgan Xrushchyov ichki va tashqi siyosatda ancha no‘noqligini ko‘rsatib qo‘yadi. Biroq ortga yo‘l yo‘q va 31 yil davomida xalqni ezib kelgan Stalinizmga qaytib bo‘lmasdi.
Shu sababli u eng avval Gruziyada Stalin tarafdorlari boshlagan namoyishni ayovsiz bostiradi. U 1956 yilda avval Polshada so‘ng Vengriyada kommunistik tuzumga qarshi boshlangan namoyishlarni ham tor-mor etadi.
Stalindan so‘ng mamlakatni 10 yil boshqargan Nikita Xrushchyov o‘zining g‘alati ishlari va xarakteri bilan ajralib turgan.
Masalan, u makkajo‘xori so‘tasini juda yoqtirgan. Buning ham o‘z tarixi bor, sovet rahbari 1959 yilda AQShga borganida amerikalik fermerlardan birining dalasiga borib makkajo‘xoridan yuqori hosil olinayotganini ko‘radi. So‘ng SSSRda barcha joyda makkajo‘xori ekishni buyuradi.
Zamondoshlarning eslashicha o‘sha paytda Kremldagi qabullar uyida hamma yoqqa makkajo‘xori bilan bezak berishgan. Yuqori martabali mehmonlarga ziyofat berilganda stolning o‘rtasiga makkajo‘xori qo‘yilgan.
Xrushchyovni mashhur qilgan yana bir ish uning besh qavatli panel uylar qurdirishi bo‘lgan. Bugun bunday uylar sobiq ittifoqning barcha respublikalarida saqlanib qolmoqda.
O‘shanda Xrushchyov iqtisodiy tejamkorlik haqida gapirib, besh qavatli uylarga lift kerak bo‘lmasligini, tepa qavatlarga suv chiqarish osonligini aytib, baland uylar qurish taklifiga rad javobini beradi. Bunday panel uylar o‘shandan buyon «xrushchyovka» deb ataladi.
Xrushchyov boshqa rahbarlardan farqli ravishda umuman mast qiluvchi ichimliklarni ichmagan va chekmagan. Biroq juda tez asabiylashgan va bunday paytlarda o‘zini nazorat qila olmay quyushqondan chiqib turgan.
Jumladan, u turli minbarlardan turib nutq so‘zlayotganida o‘ng qo‘lini musht qilib tepaga ko‘tarib, biroz jazava bilan gapirgan. Tez-tez minbarni yoki stolni mushtlab turgan.
Ana shu odati tufayli u 1960 yil kuzda o‘tkazilgan BMT sessiyasida ehtirosga beriladi va stolni mushti bilan emas, oyoq kiyimi bilan urib, bir necha marta zalda shovqin ko‘taradi.
Bu hodisa guvohlari uni turlicha talqin qilishgan. Ba’zilar o‘shanda Xrushchyov oyoq kiyimini o‘zi yechib olganini aytadi. Boshqalar esa sovet rahbari zalga kirib kelayotganda botinkasi oyog‘idan tushib qolganini va qo‘riqchisi Xrushchyov o‘tirgan joygacha uni olib kelib berganini aytadi.
O‘sha sessiyada Xrushchyovning botinkasi yig‘ilish so‘ngigacha stol ustida turadi. Sovet rahbari SSSRga qarshi har bir gapda oyoq kiyimini stolga ura boshlaydi. Sovet rahbarining bu ishi tarixda «Xrushchyovning botinkasi» nomi bilan qolgan.
Hodisadan avval jahondagi vaziyat
1953 yil 5 mart kuni Stalin vafot etgach Kremlda bir muddat sovet ittifoqining navbatdagi rahbari kim bo‘lishi masalasida pinhoniy kurash ketadi va unda Nikita Xrushchyov g‘olib chiqadi.
Bu orada Stalinning eng yaqin odami bo‘lgan NKVD boshlig‘i Lavrentiy Beriya qamoqqa olinib, sud hukmi bilan otib tashlanadi.
So‘ng nohaq qamalganlarning ishlari ko‘rib chiqila boshlanadi va tez orada millionlab insonlar ozod qilinadi. Shuningdek, mamlakat tashqi siyosatida biroz o‘zgarishlar boshlanadi. Sovetlar eng avvalo kapitalistik dunyo gegemoni AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga urinishadi.
1959 yil iyunda Moskvada Amerika kompaniyalarining savdo ko‘rgazmasi o‘tkaziladi va unda keyinchalik AQSh prezidenti bo‘lgan Richard Nikson keladi.
1959 yil sentabrda esa sovet rahbarlari orasida birinchi bo‘lib Nikita Xrushchyov AQShga davlat tashrifi bilan boradi. O‘shanda uning tashrifi 12 kun (!) davom etadi.
Xrushchyov AQShda turli tadbirlarda qatnashadi, Oq uyda qabul qilinadi. Zavod va fabrikalarga boradi. Fermerlar bilan uchrashadi.
Biroq ko‘p o‘tmay SSSR Kubada sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 1960 yil 1 may kuni Sverdlovsk yaqinida AQShning razvedkachi samolyoti urib tushiriladi.
Ana shu omillar tufayli 1960 yil Xrushchyov AQShga ikkinchi marta borgan paytda SSSR va AQSh o‘rtasiga sovuqchilik tushib bo‘lgandi.
«Botinka hodisasi»
1960 yil oktyabr oyida Nikita Xrushchyov BMT bosh assambleyasi sessiyasida qatnashish uchun sovet delegatsiyasi bilan AQShga boradi. Sessiya uch hafta davom etadi.
Sessiya davomida Afrikaning mustaqillikni qo‘lga kiritgan bir qator davlatlari BMT safiga qabul qilinadi. So‘ng boshqa davlatlarga ham o‘z qo‘l ostidagi mustamlakalarni ozod qilish bo‘yicha chaqiriqlar bo‘ladi.
Yig‘ilish avvalida Xrushchyovga so‘z berilganda u G‘arb davlatlari zudlik bilan o‘z koloniyalarini ozod qilishi lozimligi haqida gapiradi. So‘zining oxirida esa esa u AQSh boshchiligidagi kapitalistik davlatlarga qarata «Biz tez orada sizni dafn etamiz» deydi. Bu gap 1959 yilda Xrushchyov AQShga ilk marta borganida amerikalik jurnalistlarga qarata aytilgan ham deyiladi.
Shundan so‘ng boshqa davlatlar vakillari SSSR ham Sharqiy Yevropa va Osiyodagi bir qator sotsialistik tuzumlarni o‘z ta’sir doirasidan chiqarishi, tarkibidagi milliy respublikalarni ozod qilishi lozimligi haqida gapira boshlashadi.
Bunday talablardan jazavaga tushgan Xrushchyov botinkasi bilan yig‘ilish oxirigacha stolni urib o‘tiradi.
Xrushchyovning botinkasi bilan stolni urganiga nima sabab bo‘lgani haqida turli gaplar mavjud. Masalan, bir versiyaga ko‘ra, 12 oktyabr kuni ertalab boshlangan yig‘ilishda Vengriya masalasi muhokama qilinishi kerak edi.
Ya’ni sessiya kun tartibiga SSSRning Vengriyaga majburiy tarzda kommunistik tuzum o‘rnatgani, 1956 yilda xalq namoyishlari sovet armiyasi yordamida kuch bilan bostirilib, demokratik tamoyillar bo‘g‘ilgani, yakkapartiyaviylik joriy qilinib, muxolifat mamlakatdan quvilgani va qamoqqa tashlangani muhokamaga qo‘yiladi.
Tabiiyki, Xrushchyov boshchiligidagi sovet delegatsiyasi Vengriyadagi holat BMTdagi yig‘ilishda muhokama qilinishini xohlamasdi. Shu sababli ular boshdanoq bu muhokamaga qarshi chiqishadi.
Yig‘ilish boshlangach turli davlat rahbarlari so‘zga chiqib SSSRning Sharqiy Yevropadagi, xususan Vengriyadagi zo‘ravonliklari haqida gapira boshlashadi. Bu ish Xrushchyovga yoqmaydi va u boshliq sovet delegatsiyasi shovqin solib, notiqlarning gaplarini bo‘lib qo‘yishga urinishadi. Biroz o‘tgach Xrushchyov botinkasini yechib, u bilan stolni ura boshlaydi.
O‘shanda SSSRga «do‘st» davlat rahbari chiqib o‘zidan oldin gapirganlarning so‘zlarini inkor qilib ularni «Sovet ittifoqi va sotsialistik legerga kiruvchi davlatlarning gullab-yashnayotganini ko‘ra olmayotganlikda ayblasa Xrushchyov jim turadi va nutqning oxirida uzoq vaqt qarsakbozlik qiladi.
Aksincha, SSSRning Sharqiy Yevropadagi noxolis va zo‘ravonlik bilan yuritayotgan siyosati tanqid qilinganda Xrushchyov botinkasi bilan stolni uradi.
Ayniqsa, yig‘ilishda SSSRga Sharqiy Yevropani tinch qo‘yishni maslahat bergan Fillipinning BMTdagi doimiy vakili Lorenso Sumulong gapirayotganda Xrushchyov botinkasini stolga qattiqroq uradi.
Boshqa bir talqinga ko‘ra, filipinlik vakil o‘shanda SSSRni juda katta konslagerga o‘xshatadi. U o‘z nutqida SSSR boshchiligidagi sotsialistik davlatlar blogini hamda sovet ittifoqini parchalash va uning tarkibidagi milliy respublikalarni ozod qilish haqida gapiradi. Ana shunda Xrushchyovning asablari dosh bermaydi va botinkasi bilan stolni qattiqroq ura boshlaydi.
Keyinchalik Xrushchyov o‘z estaliklarida o‘sha nutqini shunday eslab o‘tgandi:
«Men bu yerda ayrim davlatlar vakillariga nisbatan turlicha munosabat qilinayotganiga qarshi norozilik bildiraman. Nima uchun Amerika imperializmining bu yaloqxo‘ri BMT minbariga chiqarilmoqda? U gapirayotgan masalaning biz muhokama qilayotgan mavzularga aloqasi yo‘q-ku! Mustamlakachilik boshqaruviga xayrixoh bo‘lgan yig‘ilish raisi nega uning chiqishini to‘xtatmaydi? Bu adolatdan emas. Janob Rais! Biz yer yuzida na Xudoning, na sizning marhamatingiz bilan yashayapmiz. Balki buyuk sovet xalqi, o‘z mustaqilligi uchun kurashayotgan barcha xalqlarning kuch va aql-zakovati bilan yashayapmiz. Shu paytgacha yangrab kelgan va bundan keyin ham yangraydigan xalqning ovozini, haqiqat ovozini bo‘g‘ib yuborolmaysiz. Mustamlakachilik qabrga kiradi. Uni qanchalik chuqurroqqa dafn qilsak shuncha yaxshi».
Xrushchyov o‘z estaliklarida stolni botinkasi bilan urgani haqida yozmagan.
Biroq o‘sha yig‘ilishda qatnashgan Xrushchyovning o‘g‘li Sergey Xrushchyov otasi stolni botinkasi bilan urganini yozib chiqqandi. Uning eslashicha, o‘sha kuni zalga kirib borishda otasining botinkasi yechilib qolgan va uni qo‘riqchilar olib kelib berishgan. Xrushchyov botinkani oyog‘iga kiymagan va uni stol ustiga qo‘ygan. So‘ng SSSRga qarshi gapirilgan har bir gapda uni stolga uravergan.
«Otamning botinkasini olib berishgan zahoti yig‘ilish boshlandi. SSSR rahbari uni kiyib olishga ulgurmadi. So‘ng qo‘lida ushlab turmaslik uchun botinkani stolga qo‘ydi. U minbardagi notiqning nutqidan g‘azablanganida jahl bilan oldida turgan botinkasini olib stolga ura boshladi. Agar o‘shanda uning oldida botinka emas, soyabon yoki tayoq bo‘lganida stolni o‘sha narsa bilan urardi», degandi Sergey Xrushchyov.
Amerikalik jurnalist Uilyam Taubman o‘zining Xrushchyov haqidagi «Inson va uning davri» avtobiografik kitobida yozishicha, o‘shanda Xrushchyov botinkani stolga urmagan. Baland ko‘tarib havoda silkitgan xolos.
Hodisaning ertasi kuni The New York Times «Xrushchyov botinkasi bilan stolni urdi» sarlavhasi bilan xabar beriladi.
Boshqa versiyaga ko‘ra Xrushchyov Britaniya bosh vaziri Makmillan gapirayotganida uning tanqidlariga chiday olmay stolni botinkasi bilan urib, zalda shovqin ko‘taradi.
O‘sha paytda sovet delegatsiyasi safida bo‘lgan SSSR tashqi ishlar vaziri Andrey Gromiko keyinchalik o‘zining avtobiografik kitobida hodisani shunday eslagandi:
«BMT Bosh Assambleyasining XV sessiyasi. 1960 yil kuz. Sovet delegatsiyasiga hukumat rahbari Nikita Xrushchyov, Britaniya delegatsiyasiga bosh vazir Makmillan boshchilik qilardi. Sessiya davomida ba’zi munozaralar qizg‘in kechdi. SSSR va NATOga a’zo yetakchi davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik nafaqat sessiyadagi muhokamalar davomida, balki bosh assambleyaning barcha organlari – uning ko‘plab qo‘mitalari va boshqa tuzilmalarida davom etardi.
Makmillanning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarning muhim masalalari bo‘yicha gapirgan keskin nutqi esimda. Vakillar uni diqqat bilan tinglashdi. To‘satdan, Makmillan SSSR va uning do‘stlari haqida keskin tanqidiy ruhda gapirib qoldi. Shu payt Xrushchyov engashib, tuflisini yechib, o‘zi o‘tirgan stolga zarb bilan ura boshladi. Yog‘och stolga urilgan tuflining ovozi baland chiqdi va va butun zalga tarqaldi.
Bu BMT tarixidagi noyob hodisa edi. Biroq Makmillan to‘xtamadi va hech narsa bo‘lmagandek, qo‘lidagi qog‘ozga yozilgan nutqni o‘qishda davom etdi. Bu paytda bosh assambleya zali shiddatli sahna tomoshasini ko‘rib qotib qoldi.
AQSh va sovet soqchilari darhol sovet delegatsiyasi atrofini halqa qilib o‘rab olishdi. Xrushchyovning o‘ng tomonida men, chap tomonida SSSRning BMTdagi doimiy vakili V.A.Zorin o‘tirgan edi. Bizdan oldingi qatorda Ispaniya delegatsiyasi o‘tirardi. O‘sha paytda bu davlatni Franko boshqarar, ular bilan diplomatik aloqalar yo‘q edi. Ispanlardan biri Xrushchyovga qarab baland ovozda «Biz sizni yoqtirmaymiz» deb qichqirdi. Zaldagi vaziyat juda tarang edi».
Hodisadan bir yil o‘tib, KPSSning XXII s’yezdida nutq so‘zlagan deputat, «Izvestiya» gazetasi bosh muharriri Aleksey Adjubey (bu odam Xrushchyovga kuyov ham bo‘lgan) hodisani sovet deputatlariga shunday tarzda aytib bergandi:
«G‘arblik diplomat SSSR haqida yomon gaplar aytayotganda o‘rtoq Xrushchyov botinkasini yechib stolni taqillata boshlagani ajoyib ish bo‘ldi. O‘shanda biz SSSR sha’niga gapirilayotgan yomon gaplarni eshitishni xohlamasligimiz va bunday nutqlarga qarshi ekanimiz barchaga tushunarli bo‘ldi. Bundan tashqari, Nikita Sergeyevich botinkasini stolning ustiga shunday qo‘ydiki, uning uchi bizdan oldinda o‘tirgan fashistik Ispaniya tashqi ishlar vazirining gardaniga tegib turardi».
O‘shanda s’yezdda o‘tirgan sovet deputatlari Adjubeyning hikoyasini diqqat bilan eshitishadi va BMT sessiyasida botinkasini stolga urgan Xrushchyov sha’niga qarsaklar chalib, uni olqishlashadi.
«Botinka hodisasi» o‘ylab topilganmi?
Xrushchyov haqiqatdan botinkasi bilan stolni urganmi yoki «Botinka hodisasi» o‘ylab topilganmi? Anchadan buyon sovet rahbarlarining turli nomaqbul ishlarini oqlab kelayotgan rossiyalik tarixchilar, jurnalistlar BMTning o‘sha yig‘ilishida bunday hodisa sodir bo‘lmaganini zo‘r berib uqtirishga urinishadi.
Ular Xurshchevning botinkasini yechib stolga qo‘ygan paytda tushirilgan suratini yasama deb da’vo qilishadi. Boshqalari esa Xrushchyov bir marta botinkasi bilan stolni urgani, biroq bu hodisa BMT sessiyasida emas, keyinroq, 1962 yilda Karib mojarosi avj olganda Moskvadagi yig‘ilishda bo‘lganini aytishadi.
Shuningdek, BMTdagi o‘sha sessiyada ishtirok etgan AQShda chop etiladigan Life jurnali fotosuratchisi Jon Longardning ta’kidlashicha, Xrushchyov botinkasi bilan stolga urmagan. Biroq shunday qilish maqsadi bo‘lgan.
Longardning hikoyasiga ko‘ra, Xrushchyov botinkasini yechib, stol ustiga qo‘ygan va uni stolga urishini bo‘sh qo‘li bilan ishora qilib ko‘rsatgan. Shundan so‘ng zalda bo‘lgan barcha jurnalistlar va fotomuxbirlarning e’tibori Xrushchyovga qaratilgan.
Muxbirlar, operatorlar kameralarini sovet rahbari tomon burib, uning keyingi harakatlarini kutib turishgan. Biroq Xrushchyov ko‘p o‘tmay stol ustida turgan botinkasini kiyib zaldan chiqib ketgan.
Longardga ko‘ra, agar Xrushchyov haqiqatan ham botinkasini stolga urgan bo‘lsa unda fotosuratchilarning hech biri bu voqeani o‘tkazib yubormagan bo‘lar edi.
Xuddi shunday guvohlikni The New York Times jurnalisti Jyeyms Feron ham bergan. Biroq BMTdagi ushbu yig‘ilishda bir nechta fotomuxbirni aytmaganda jurnalistlar umuman bo‘lmagani haqida ham gaplar bor.
Garchi rossiyalik tarixchilar va jurnalistlar Xrushchyov stolni botinkasi bilan urmagan deyishsa ham, tarixiy fakt shuki, Xrushchyov shu ishni qilgan. Bunga o‘sha paytda uning yonida bo‘lgan Andrey Gromiko va Sergey Xrushchyov hamda sovet delegatsiyasining boshqa vakillari guvoh bo‘lishgan.
Shuningdek, BMT sessiyasida sovet delegatsiyasi uchun tarjimon sifatida ishtirok etgan Viktor Suxodrev hodisani shunday eslagandi:
«Xrushchyov o‘sha sessiyada mustamlakachilikni uning barcha ko‘rinishlarida yo‘q qilish bo‘yicha nutq so‘zladi. Shundan so‘ng sessiyaning boshqa ishtirokchilari, xususan filippinliklar mustamlakachilikga chek qo‘yish haqida gapira turib, Sharqiy Yevropadagi sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlarni qutqarish kerakligini gapirishdi. Keyin sovetlar Boltiqbo‘yi va SSSR tarkibida bo‘lgan boshqa respublikalarni ozod qilishi kerakligini aytishdi. Bu gaplar Xrushchyovni juda g‘azablantirdi. Shundan so‘ng sessiyaga raislik qiluvchi shaxsning e’tiborini tortish uchun Xrushchyov, Gromiko va Zorin kabi mushtlari bilan stolni ura boshlashdi. Keyin birdaniga Xrushchyovning botinkasi paydo bo‘ldi va u endi oyoq kiyimi bilan stolni ura boshladi».
O‘sha paytda Xrushchyovning xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan va uni Nyu-Yorkka qo‘riqlab borgan KGBning 9-boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Nikolay Zaxarov Viktor Suxodrevning so‘zlarini tasdiqlab shunday degandi:
«SSSR Sharqiy Yevropadagi davlatlarni ta’sir doirasidan chiqarishi, o‘z tarkibidagi ittifoqdosh respublikalarni ozod qilishi lozimligi haqidagi gaplarni eshitgan Xrushchyov juda g‘azablandi va oyog‘idagi botinkani yechib, u bilan stolni ura boshladi».
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
13:38 / 24.12.2024
“Bolalar sovuqdan muzlayapti” – BMT vakillari qish falastinliklar hayotini yanada og‘irlashtirayotganini ma’lum qildi
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024