Jahon | 10:43 / 28.06.2023
32629
4 daqiqa o‘qiladi

Putin «Vagner» to‘liq davlat tomonidan moliyalashtirilgani va Prigojin katta pul ishlab olganini aytdi

Urush davrida Rossiya budjetidan ushbu xususiy harbiy kompaniya uchun 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan.

Foto: Kreml sayti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiylar bilan uchrashuvda Rossiya «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi faoliyatini «to‘liq» moliyalashtirganini aytdi. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, butun xususiy harbiy kompaniyani saqlab turish uchun «2022 yil mayidan 2023 yil mayiga qadar» Rossiya budjeti 86,3 milliard rubl (1 mlrd dollardan ortiq) sarflagan. Bu summa yollanma jangchilarning yashash xarajatlari va maoshlari, shuningdek rag‘batlantiruvchi va sug‘urta to‘lovlarini o‘z ichiga oladi. «Interfaks» agentligining aniqlik kiritishicha, Putin davlat yollanma jangchilarning sug‘urta to‘lovlari uchun yana 110 milliard rubl ajratganini qo‘shimcha qilgan.

Bundan tashqari, Putinning aytishicha, «Konkord» kompaniyasi xo‘jayini (Putin bu safar ham xususiy harbiy kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojinni nomi bilan atamadi) bu davr ichida «davlatdan 80 milliard rubl ishlab olgani»ni (Voyentorg orqali rossiyalik harbiylarga oziq-ovqat yetkazib berib) aytgan.

«[Vagner XHK]ni saqlab turishni davlat to‘liq o‘z zimmasiga olgan, bu butun guruhning bir qismi bo‘lgan „Konkord“ kompaniyasi esa bu vaqt davomida 80 milliard rubl ishlab oldi. Umid qilamanki, bu ish davomida hech kim hech narsa o‘g‘irlamadi yoki kamroq o‘g‘irladi, ammo biz buning hammasi bilan shug‘ullanamiz», — deya qo‘shimcha qilgan Rossiya prezidenti.

Shu bilan birga, u «Vagner» jangchilari mamlakatda hurmatga sazovor bo‘lib, «mardlik va qahramonlik ko‘rsatgani»ni e’tirof etdi.

«„Vagner“ guruhiga kelsak, biz bu guruh jangchilari va qo‘mondonlariga doimo katta hurmat bilan munosabatda bo‘lganmiz, chunki ular haqiqatan ham jasorat va qahramonlik ko‘rsatgan», — dedi u.

  • Rossiya hukumatidagilar bir necha bor «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi davlat bilan hech qanday aloqaga ega emasligini bildirgan. Masalan, 2023 yilda xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bir yil muqaddam Putin uni Rossiyani «Vagner» XHK bilan hech narsa bog‘lamasligiga ishontirganini aytib bergandi.
  • 2022 yil mayida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan ko‘p vaqt o‘tmay, RF TIV rahbari Sergey Lavrov «Vagner» XHK — Rossiya davlatiga hech qanaqa aloqasi bo‘lmagan xususiy harbiy kompaniya hisoblanishini ma’lum qilgandi. O‘shanda vazir Ukrainada «Vagner» jangchilari yo‘qligini aytgandi. 
  • 2023 yil 23 iyun kuni kechqurun «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin «adolat marshi» boshladi, uning doirasida yollanma jangchilar Moskvaga kirib borishi ko‘zda tutilgandi. Keyingi kun tongida vagnerchilar Rostov-Donni egallashdi va Lipetsk oblastigacha yetib borishdi. Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, uning yollanma jangchilari Moskvaga 200 kilometr qolganida to‘xtagan. «Marsh» Prigojinning Rossiya hukumati bilan kelishuvi doirasida to‘xtatilgan, unga ko‘ra «Vagner» XHK safida qolishga qaror qilgan yollanma jangchilar guruh rahbari bilan «Belarusga ketishi» mumkin edi. 
  • Prigojin isyon boshlaganidan keyin uning Sankt-Peterburgdagi ofisida tintuv o‘tkazilgan, uning doirasida to‘rt milliard rubl miqdorida naqd pullar topilgan. «Vagner» rahbari bu pullar yollanma jangchilarning maoshlar va qurbon bo‘lgan harbiylarning oilalari uchun tovon sifatida to‘lash uchun mo‘ljallangan pullar ekanini aytgan.

Mavzuga oid