Jamiyat | 09:19 / 30.06.2023
19877
7 daqiqa o‘qiladi

Hayotiy hikoya: Sirtlon

Ba’zi vaqtlarda ishi bitgunicha aka-aka yoki oshna-oshnalab yurib, ishi bitgach, orqamdan pichoq urib ketganlarga duch kelganimda, Sirtlon esimga tushadi...

Foto: fingernal.ru

Shu voqealarga ham yigirma yildan oshibdi. 2002 yil yoz oylari edi. O‘sha vaqtlarda Payariq kanalidan paxta dalalariga suv tortib beradigan suv nasosda ishlardim.

Bir kuni tushga yaqin shu dalalarda suvchilik qiladigan Usmon aka kelib.

– Baxtiyor, bugun nasosga bormadingmi? – deya so‘radi.

– Aka, men kechasi ishlayapman, kunduzi nasosga sherigim Shermat aka qaraydi. Nima gap, tinchlikmi?

– Pastki qishloqlik Elmon degan bola itining oyog‘ini bog‘lab, suvga otib yuborib ketibdi. It suvda oqib borib nasos quvuriga osilib qolgan, suvdan chiqarib olishga qo‘rqdim. Sen o‘zing bor-da, shu kuchukni suvdan chiqarib, oyoqlarini yechib qo‘yib yubor.

– U bola jinnimi? Nega itni suvga tashlagan?

– Aytishicha, tovuq yerkan, qo‘ni-qo‘shnilarning ham tovuqlarini yeb, hammaning joniga tegibdi. Sen olib kelib bog‘lab qo‘ysang, hali kuchukbachcha ekan.

– Hozir pastga tushaman, suvdan chiqarib qo‘yib yuboraman. Ammo o‘zim kuchuk qilib asrab olmayman, bilasiz bizda ham tovuq ko‘p, tovuq yeydigan kuchuk kerakmas.

Biroz vaqt o‘tib, kanal yoqasiga tushdim. Nasos oldiga borsam, beton qirg‘oq bilan quvur orasiga qisilib qolgan sariq rangli kuchukning boshi suvdan chiqib turibdi. Suvga tushib tortib, kanal yoqasiga olib chiqdim.

Qattiq sim bilan shunchalik qisib bog‘langanidan oyoqlaridan qon sizib turibdi, simni qo‘lim bilan yecha olmadim. Nasos yoniga qurilgan chayla qulfining kaliti doim cho‘ntagimda bo‘lardi. Eshikni ochib ichkaridan qisqich olib chiqib, simlarni kesdim.

Ikki soatdan oshiq vaqt muzdek suvda yotgan kuchukcha qaltirab qolgan, oyoqlari uvushib qolganidan bir qancha vaqt joyidan tura olmay yotdi.

Saraton quyoshi qizdiryapti, atrofda tirik jon ko‘rinmaydi. Badanidan issiq o‘tib o‘ziga kelgan kuchukcha asta joyidan turdi va yonimga keldi.

– Bir marta o‘lib tirilding, endi boshqa hech qachon tovuq yema, keyin Elmonning uyiga ham qaytib borma, keyingi safar u seni osadi, – dedim ko‘zlari mo‘ltirab menga qarab turgan kuchukka. – Xohlagan tarafingga ket, endi ozodsan, – shunday deb chaylaga qisqichni qo‘yish uchun kirib ketdim.

O‘zimizning tomorqaga suv chiqarib beradigan kichkina suv nasosimiz shu chayla ichida, bir kun oldin buzilgan edi. Shu nasosni tuzatish uchun ishga kirishdim. Ish bilan bo‘lib kuchukcha esimdan ham chiqibdi, bir soatcha vaqt o‘tib tashqariga chiqsam u shu joyda issiq tuproqda yotibdi.

Meni ko‘rib joyidan sakrab turdi, kesilgan dumini likillatib kelib oyoqlarimga suykaldi.

– Sen haliyam shu yerdamisan, ket dedim-ku, bor yo‘qol, – deya baqirdim.

Birdan ovozim balandlatishimdan cho‘chib u sal nariga borib, menga tikilib turaverdi. Kanal yoqalab uyga ketdim, kuchukcha ortimdan ergashdi. Yerdan tosh olib urmoqchidek qo‘rqitsam, sal nariga qochadi, keyin yana ortimdan ergashadi.

Uyga yetib keldim.

– Bir chekkaga bog‘lab qo‘y o‘g‘lim, hozir quvib yuborsang, yana biror kishining tovug‘ini yesa, urib o‘ldirib qo‘yadi, uvoli urmasin. Yaxshi it bo‘ladi, hali ko‘rasan. Teraklar ostiga bog‘lab qo‘y, yoniga tovuqlar bormaydi. Bo‘sh qo‘ymasak tovuqqa zarari tegmaydi, – dedi onajonim.

Onam aytgandek itning bo‘yniga zanjir solib, bog‘lab qo‘ydim.

Unga Sirtlon deb nom berdik. Ana shu Sirtlon o‘n yil xizmatimizni qildi. Ana shu Sirtlon o‘n yil ichida biron marotaba tovuq yemadi, hatto so‘yilgan tovuq ichak chavoqlarini tashlasak ham qaramasdi.

Qish kunlarida bo‘sh qo‘yib yuborardik, bo‘yi naqd bo‘ridek katta it bo‘ldi.

2005 yilda katta ko‘chada maktabdan qaytayotgan yosh bolalardan biri tosh bilan uribdi. Sirtlon ortidan yetib olib, oyog‘idan bir parcha etni uzib olgan. Yig‘layotgan yigitchaning oyog‘ini ko‘rib mening ham mazam qochdi.

Shu shu Sirtlon zanjirband etildi, to o‘zi qarib kasal bo‘lib o‘lgunicha bo‘sh qo‘ymadik. Bir yili qishda bo‘ynidan zanjir chiqib bo‘shalib ketibdi. Biron kishiga zarari tegmasin, deya arqonni olib ortidan yugurdim. Ancha vaqtdan beri bog‘lovli turib zerikkan Sirtlon qorda o‘ynab yugurar, menga tutqich bermasdi.

Yonimdan yugurib o‘tayotgan vaqtida bo‘yniga osildim. Bexosdan irillab, o‘ng bilagimdan tishladi. Qalin palto kiyib olganim uchun zarari tegmadi-yu, tishlari botib qo‘limni og‘ritdi.

– Tishla! Mana qo‘lim, yana tishla! Senga qilgan yaxshiliklarimga shumi javobing, meni tishlaysanmi? – xuddi odamga gapirayotgandek baqirib ketdim. Egnimdagi paltoni yechib qorga otdim.

Bilagimni ochib, "mana endi tishla, ma, tishlab uzib ol!" desam, Sirtlon o‘sha men suvdan olib chiqqan kuchukcha vaqtida ko‘zlari mo‘ltirab qanday menga qaragan bo‘lsa, shunday tikilib turibdi. Shu holida uzr so‘rayotgandek.

Mana shu it 2012 yil qishigacha uyimizni, molimizni qo‘riqladi. Atrofda hamma uni bilardi, tomorqamizga begona mol oralay olmasdi.

Tovuqlarimizga hujum qilgan tulkini ushlab talagan vaqtida tulkidan unga qanaqadir kasallik yuqdi. Chunki Sirtlonning tishlaridan o‘sha tulkini ajratib olgan vaqtimda kasalligini ko‘rgandim.

Ikki oycha turolmay molxonada yotdi, har xil dori, ukollar qildim, baribir tuzalmadi. Bir kun ertalab borsam, joni uzilgan ekan. Odamlar oyoq bosmaydigan joyga olib borib, chuqur kovlab ko‘mdim.

Ba’zi vaqtlarda atrofimda ishi bitgunicha aka-akalab, yoki oshna-oshnalab yurib, ishi bitgach, orqamdan pichoq urib ketganlarga duch kelganimda, Sirtlon esimga tushadi...

Baxtiyor Tursun

Mavzuga oid