Jahon | 17:24 / 02.07.2023
27720
6 daqiqa o‘qiladi

Birdaniga o‘nlab tajribali raqiblarni tor-mor etgan bolakay: shaxmat vunderkindi tarixi

1920 yilda AQShda yigirma nafar yoshi katta va tajribali o‘yinchilar sakkiz yoshli bolakay bilan shaxmat o‘ynagani va yutqazgani shov-shuv bo‘ladi. Samuel German Reshevskiy Vest-Pointdagi harbiy akademiyaga boradi va u yerda tajribali yigirma nafar shaxmatchi bilan birdaniga dona suradi. Natija havas qilgulik edi: bola faqat bitta durang qayd etadi, qolganlar ustidan esa g‘alaba qozonadi. 

Uning raqiblari taniqli matematik-shaxmatchilar, obro‘li kishilar edi. Bolaning g‘ayrioddiy iste’dodi ko‘pchilikni qoyil qoldiradi. 

O‘rtahol oilada tug‘ilgan

Reshevskiy 1911 yilda hozirgi Polsha hududiga to‘g‘ri keluvchi Ozorkuv shaharchasida dunyoga kelgan. O‘sha paytda hudud Rossiya imperiyasi nazoratida edi. Bolakay xudojo‘y yahudiy oilasida tug‘ilgandi, undan tashqari oilaning yana besh nafar farzandi bor edi. 

Samuelning yoshligi

To‘rt yoshga kirgan paytdayoq bola shaxmat qonun-qoidalarini to‘liq o‘rganib, dona sura boshlaydi. Oila Lodz shahriga ko‘chganda iste’dodli bola polyak grossmeysteri Georg Salve e’tiboriga tushadi. Shundan so‘ng mitti vunderkind kuchli shaxmatchilar bilan shahar birinchiliklarida o‘ynay boshladi. 

Reshevskiy ilk xalqaro turnirini olti yoshida Avstriya poytaxti Venada o‘tkazgan. Ishtirokchilar katta va kuchli shaxmatchilar edi, ular mitti raqibga bepisandlik bilan qarashardi. Oqibatda g‘alaba bola tarafida bo‘ldi, hatto avstriyalik mashhur shaxmatchi Volf ham bola oldida ojiz qoldi. 

Keyin Reshevskiy sloveniyalik grossmeyster Milan Vidmar bilan bir necha soat kuchli jang olib bordi. Yakunda esa Vidmar amallab g‘alabani qo‘lga kirita oldi.

Samuel Reshevskiy 8 yoshida birdaniga bir nechta tajribali raqiblarini yengadi

Yo‘qotilgan bolalik

Ko‘pchilik vunderkindlar kabi favqulodda iste’dod Reshevskiyga muammo ham tug‘dirdi: u shaxmat bilan ovora bo‘lib, maktabda tuzukroq o‘qiy olmadi. 

Bola intelektual dunyoqarashda tengdoshlardan orqada edi. Hatto sakkiz yoshida topshirgan imtihonida bola maymun va yo‘lbars o‘rtasidagi farqni ajrata olmagani haqida faktlar mavjud. 

Aynan mashhurlik va pul topish maqsadida ota-onasi bolani AQShga olib keladi. 

Shaxmat bola uchun hayot-mamotga aylangandi, u xotiralarida ushbu o‘yin xuddi nafas olish kabi muhim bo‘lib qolgani haqida eslaydi.

Bola hatto o‘n yoshligida mashhur aktyor Charli Chaplinga ham shaxmat sirlarini o‘rgatgan.

10 yoshli Samuel Reshevskiy va Charli Chaplin. Surat «Bolakay» filmi vaqtida olingan

1920 yilda yosh shaxmatchi Yevropa bo‘ylab turnega otlanadi. 

To‘qqiz yoshli bolakay Parij, London, Vena va Berlinda shaxmat bo‘yicha mahoratini namoyish etishga muvaffaq bo‘ldi. Har bir shaharda u soqolli, yoshi ulug‘ raqiblarga qarshi kurashib, haqiqiy qahramonga aylandi. Hayron qolgan tomoshabinlar yosh iqtidorni hayajon va olqishlar bilan kutib olishardi. 

Bunday kichkina shaxmatchi qanday qilib jahon shaxmat ustalari va grossmeysterlarini mag‘lub eta olishini hamma tushuna olmasdi. “Shaxmat” safari davomida Reshevskiy 23 ta o‘yin o‘tkazdi, shundan 4 tasida durang, qolganlarini esa ishonchli g‘alabalar bilan yakunlandi.

Turne yakunlanib, AQShga qaytgan bolakayni o‘qitish masalasi kun tartibidan joy oldi. 12 yoshli bola ilk bor maktabga borib, o‘qish, yozish va boshqa malakalarni o‘zlashtira boshladi. Shaxmat orqali dunyoga tanilgan Samuel endi oddiy tengdoshlari kabi ta’limni o‘zlashtirishi kerak edi.

Shundan keyin Reshevskiy biroz muddat omma e’tiboridan chetda qoladi.

Samuel 1927 yilda AQShning G‘arbiy qirg‘og‘i birinchiligida barchani “yer tishlatdi”. Raqiblari uni hatto durangga ham ko‘ndira olmaydi. 1929 yilda esa yigitcha Detroyt iqtisodiyot universiteti talabasiga aylandi.

Keyingi hayot

Reshevskiy to‘liq professional shaxmatchi bo‘la olmadi, u hisobchilik kasbini tanlagandi. Ammo bir qancha turnirlarda o‘zini ko‘rsata oldi. Jumladan, 1935 yilda Angliyadagi turnirda kubalik mashhur shaxmatchi Kapablankani ortda qoldirdi. 

1948 yil jahon chempionligi uchun Botvinnik, Keres, Eyve kabi mashhurlar qatnashgan turnir o‘tkazildi. Reshevskiy g‘olib bo‘lmasa-da, ijobiy taassurot qoldira oldi. 

Reshevskiy va Fisher o‘rtasidagi partiya

1961 yil AQSh shaxmat tarixida qiziqarli uchrashuv yuz berdi: ellik yashar Reshevskiy yosh Bobbi Fisher bilan to‘qnash keldi. U murosasiz o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi. Mazkur mag‘lubiyatdan alamzada bo‘lgan, yosh va jizzaki Fisher raqibini sudga beradi, ammo sud ham yakunda g‘alabani Reshevskiy tomonida qoldiradi. 

Garchi jahon yetakchiligi nasib etmagan bo‘lsa-da, Reshevskiy sakkiz karra AQSh chempionligini qo‘lga kiritgan. Xalqaro turnirlarda ham raqiblarga yetarlicha muammolar tug‘dira olgan.

Yoshligida porlagan vunderkind 1992 yil Nyu-York shahrida hayot bilan vidolashadi.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid