Kafe-restoran yoki daraxtning tagi yechim emas. O‘zbekistonga jamoat hojatxonalari kerak
Deylik, Toshkentda – O‘zbekistonning eng katta shahri ko‘chalarida yuribsiz va hojatxonaga zarurat paydo bo‘lib qoldi: nima qilish, qayerga borish mumkin? Kun.uz shunday vaziyatga duch kelgan aholi bilan suhbatlashdi va O‘zbekistonning “hojatxona inqilobi”ga qanchalik muhtojligi muammosini o‘rgandi.
Kichik so‘rovnomamiz ishtirokchilarining ko‘pi biror kafe yoki restoranga kirishga majbur bo‘lishini aytgan bo‘lsa, yana bir qismi uyiga yetguncha sabr qilishini bildirdi.
– Shu yaqin atrofdagi restoran yoki kafega kirishga majbur bo‘lamiz-da, boshqa iloj yo‘q.
– Ko‘chada, markazda bo‘lsa, biror kafe topamiz-da, o‘sha yerga kiramiz. Chunki jamoat hojatxonalari yetishmaydi.
– Masjidga kiraman. Chunki boshqa joylarda yo‘q. Izlasangiz ham topolmaysiz.
– Hech qayerga borolmayman. Daraxtning tagiga borishga majbur bo‘laman.
– Yaqin atrofdagi pulli hojatxonalarni qidiraman.
– Biror kafe yoki restoranga kirib, nimadir sotib olib, keyin hojatxonasidan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
– O‘zim 7-8 yil hojatxona tozalaganman. Rosa yaxshi ko‘rardim, chunki savobli ish. O‘zim ham ahamiyat berib yuraman, ko‘chalarda hech qayerda yo‘q. Kafelarga kiritmaydi. Mendan hojatxona so‘rashganda, o‘zim ishlaydigan ofisning hojatxonasiga olib boraman.
– Uyga borguncha sabr qilaman. Chunki boshqa iloj yo‘q. 8 soatgacha sabr qila olaman. Men shunaqa odamman.
– Asosan kafelarga kiraman. Yoki uyda. Men uchun jamoat hojatxonalaridan foydalanish variant emas. Sababi – borlarining ahvoli kirib bo‘ladigan holatda emas.
Shuningdek, odamlarning shahar bo‘ylab hojatxona izlashga qancha vaqt sarflashi bilan ham qiziqdik. Ko‘pchilik respondentlar bunga 1-2 soat vaqt ketishini aytishgan.
– 1-2 soat izlaganman. Keyin masjid topganman.
– Eng ko‘pi yarim soat yoki 1 soat. Oshib ketishi ham mumkin, boshqa iloj yo‘q, nima qilamiz.
– Eng ko‘pi bilan 1 soat izlaganman. Doim ham emas, bir ehtiyoj tug‘ilganda bo‘lib qoladi.
– Topishga qiynalmaganman. Chunki kafe, restoranlar ko‘p. Lekin ulardan kirib so‘rash kerak, bu esa juda noqulay. Bemalol, pul to‘lab kirgandagidek o‘zingizni erkin his qilolmaysiz.
So‘rovnomada respondentlar shaharning qaysi qismlarida hojatxona ko‘rganlari ham so‘ralgan. Javoblar esa quyidagicha:
– Shimoliy vokzal tomondagisini ko‘rdim. Zo‘r qilib qo‘yishibdi. Boshqa joyda ko‘rmadim.
– G‘afur G‘ulom bog‘i tomonda bor. Keyin har xil parklarda bor, lekin ularning hammasi ham juda zo‘r emas.
– Kafelarda ko‘rganman, boshqa joyda ko‘zim tushmagan.
– Chilonzor metrosida bor edi. Metrolarning hammasida qurishsa, juda yaxshi bo‘lardi.
Respondentlardan biri kafe yoki restoranlar doim ham hojatxonasidan foydalanishga ruxsat bermasligini, shuning uchun jamoat hojatxonalari odam ko‘p joylarda, ko‘cha yuzida bo‘lgani ma’qulligini aytadi.
Uzoq vaqtdan beri davom etayotgan og‘riq
O‘zbekistonda hojatxona yetishmasligi muammosi uzoq yillardan beri hal etilmay, cho‘zilib keladi. Toshkent shahrining o‘zida aholining 3 milliondan oshishi jamoat hojatxonalariga ehtiyojni oshiryapti. Hojatxonalar yetishmasligi va borlarining ham talab darajasida emasligi haqida esa jamoatchilik faollari doim bong urib keladi.
Masalan, yaqinda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev shu mavzuga e’tibor qaratib, O‘zbekistonga hojatxona inqilobi kerakligi haqida yozib chiqdi.
“Qaysidir tashkilot yoki amaldor buni o‘z zimmasiga olishi va jiddiy shug‘ullanishi kerak. Ko‘pchilik nomi hojatxona bilan assotsiatsiya bo‘lib qolishini o‘ylab, bunga jur’at qilolmaydi. Ammo baribir kimdir buni boshlashi va asosiysi oxirigacha olib borishi kerak”, – deb yozadi huquqshunos.
Bloger Nurbek Alimov ham O‘zbekiston shaharlarida hojatxona yetishmasligi va umuman aholining aksar qismi gigiyenik jihatdan talabga javob bermaydigan hojatxonadan foydalanishini tanqid qilib, shaxsan o‘zi ko‘chada hojatxona qidirib, qiynalib qolgani haqida yozgan.
“Shaharda aylanib yurganingizda qistab qolsa nima qilasiz, deb savol berdim odamlarga, hammada deyarli bir xil – masjid, bank, kafe, “zapravka”... Masjid beminnat (ayollar-chi?), bank kiritadimi-yo‘qmi savol, kafe yo “zapravka”dan biror narsa olmasdan tualetiga kirib chiqish ham “tak sebe” mashg‘ulot asablar uchun. Muhimi – hech kim jamoat tualetlariga demayapti-da. Xivaga borganimda markazda 3 ta tualet turibdi, hammasi yopiq”, – deb yozgandi Alimov.
Bu mavzuda jurnalist Aziza Qurbonova ham bir necha marta chiqish qilib, viloyatlarga borish yo‘llarida qurilgan yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi hojatxonalarni tanqid qilgandi. U aynan vodiy perevalining Toshkentga qaytish yo‘lidagi holat haqida shunday yozadi.
"… yaqin yillarda qurilgan (avval yo‘q edi) hojatxonaga o‘g‘lim va o‘zim uchun 2 ming so‘m to‘ladim. Hojatxona pulli bo‘lishini ko‘pchilik yoqtirmaydi. Ammo men to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, agar u shunga yarasha OZODA, ISSIQ-SOVUQ suvi, sharoiti bo‘lsa! Xullas, o‘sha tualetga kirib chiqdim-u, jonim chiqdi”, – deya pulli hojatxonaning iflosligi haqida yozgan Qurbonova.
Toshkentdagi jamoat hojatxonalari
Biz Toshkent shahrida joylashgan jamoat hojatxonalarining ayrimlarini kezib chiqdik. Biz borgan birinchi manzil Chorsu bozori atrofi bo‘ldi. Bu hududdan hojatxona topish unchalik qiyin bo‘lmadi. Odamlardan so‘rab, 5-10 daqiqada izlagan manzilimizni topdik. Biroq hojatxonaning sanitarik ahvoli havas qilarli emas.
Ikkinchi manzil – “Xalqlar do‘stligi” maydoni atrofi bo‘ldi. Bu yerda “Xalqlar do‘stligi” saroyi bo‘lgani, odamlar ancha gavjumligi uchun hojatxona tez topildi.
Keyingi hudud – “Olmazor” metro bekati bo‘ldi. Buni qarangki, bu yerda hojatxona yo‘lning yuzida ko‘rinib turadigan joyda ekan. Sharoiti ham yomon emas.
Keyingi navbat – bog‘ va parklarga. Toshkentning katta-katta istirohat bog‘larida – G‘afur G‘ulom, Magic City, yapon bog‘i hududidagi hojatxonalar zamonaviy va sanitarik jihatdan talabga ham javob beradi. Biroq Botanika bog‘i haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Bog‘da 2 xil hojatxonaga ko‘zimiz tushdi, biri zamonaviy talablarga javob bersa, ikkinchisi chuqur kovlama shaklda. Chuqur kovlama shakldagisining ahvoli butunlay abgor, bu joyda nafas olishning iloji yo‘q. Biroq dam oluvchilar zamonaviy hojatxonaga kiraman desa, bu yer qulf turibdi. Balki bir kun shunday bo‘lib qolgandir, lekin biz borganda yopiq edi.
Bundan tashqari, “Chilonzor” metro bekatidagi jamoat hojatxonasiga ham bordik. Bu yerdagi sharoit bugunning talabiga javob beradi. Lekin Toshkent metrosining faqat bitta bekatida hojatxona borligi juda maqtaladigan holat ham emas.
Oxirgi manzilimiz esa Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan qurilgan Mirobod tumanidagi avtohojatxona bo‘ldi. Hojatxonada biror nazoratchi yo‘q, pulini avtomatik to‘lab, undan foydalanish mumkin.
“Jamoat hojatxonalari 1 km radiusda bo‘lishi kerak”
Umuman, katta shaharlarda ko‘cha hojatxonalari qanday tartibda joylashtiriladi? Shaharlarning qaysi nuqtalarida jamoat hojatxonalari bo‘lishi kerak? Bu savollarga shaharsoz Iskandar Soliyev javob berdi.
"Aslida hojatxonalar 1 kilometr radiusda uchrashi kerak. Birinchi o‘rinda shaharning aholi eng ko‘p nuqtalarini aniqlab, o‘sha joylarga hojatxona qurish kerak. Masalan, markaziy hududlarga yoki odam ko‘p bo‘ladigan chorralarga”, – deydi urbanist.
Bundan tashqari, u hojatxonalar aholining hamma qatlamlari uchun foydalanishga qulay bo‘lishi lozimligini aytadi. Turistlar yoki oddiy odamlar uchunmi, farqi yo‘q, hojatxona inklyuziv bo‘lishi kerak.
“Bu chaqalog‘i bor ayol bo‘lishi mumkin, kirib, bolasining kiyimini almashtirib olishi uchun. Yoki aravachada yuradigan biror kishi uchun ham qulay bo‘lishi kerak”, – deydi Soliyev.
Dunyoda qanday?
Xo‘sh, dunyoning turli davlatlarida jamoat hojatxonalariga munosabat qanday? Yaponiyadagi jamoat hojatxonalarida qog‘oz, sovun va turli antiseptik vositalar bilan to‘liq ta’minlangan va eng qiziq jihati – Yaponiyada bunday hojatxonalarning katta qismi bepul.
Yaponiyadan farqli ravishda, Germaniyada jamoat hojatxonalarining aksari pulli bo‘lib, o‘rtacha 50 yevro sent to‘lanadi. Italiyada bu narx 1 dollar atrofida.
Iskandar Soliyev ideal hojatxonalari bor mamlakat sifatida Yaponiyani misol qiladi.
“Ko‘p davlatlarda, masalan, Norvegiyani olamizmi yoki Buyuk Britaniya, Yaponiya tajribasida ham hojatxonalar juda yaxshi tashkillashtirilgan. Masalan, Yaponiyada hojatxonalar boshqacha darajada chiqqan. Ya’ni arxitekturasining o‘zi ham san’at asariga o‘xshaydi. U qanaqadir haykalni eslatishi ham mumkin. Siz hojatxona yonidan o‘tib ketsangiz, burningizni bekitmaysiz”, – deydi Soliyev.
Koreyada bir necha yil yashab kelgan Davron Dilmurodov ham o‘zi ko‘rgan, guvoh bo‘lgan holatlarni gapirib berdi.
“Koreyada jamoat hojatxonalari juda rivojlangan. Eng asosiysi bepul bo‘lsa, ikkinchisi tozalik. Uchinchidan, hojatxonalar juda yaqin masofalarda bor va siz uni topishga qiynalmaysiz. Bundan tashqari, nogironlar uchun ham alohida qulayliklar, bolalar xonasi, onalar xonasi kabilar ham bor”, – deydi Dilmurodov.
U Koreyadagi do‘stining O‘zbekistonga kelgani va hojatxona topishda muammoga duch kelgani haqida ham gapirdi.
“O‘zbekistonga kelgan do‘stim, nimaga bu yerda hojatxonalar kam, deyarli yo‘q, bo‘lsa ham pulli, pulli bo‘lganda ham sharoiti yaxshimas, dedi. Bu gaplarni eshitib nima deyishni bilmadim”, – deydi u.
Davron Koreyada hojatxonalarga yaxshi e’tibor qaratilgani sababiga to‘xtalar ekan, bunda xalq to‘layotgan soliqlar o‘z joyiga yetib borayotgani va hojatxonalar xususiy sektorga berilgani muhim rol o‘ynashini aytadi.
Uzoq vaqt hojatga chiqmaslik asoratlari
Davlatning rivojlanganlik darajasini chetga surib turaylik. Hojatxona muammosi insonning salomatligi uchun ham xavf soladi. Shifokor Jobir Ahmedovning aytishicha, o‘z vaqtida hojatga chiqmaslik ayollar va erkaklarda jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi.
“Ko‘pchilik ko‘chada yurganida hojatxonaga ehtiyoj sezadi. Chunki insonning organizmi atrofdagi sharoitlar bilan hisoblashmaydi. U o‘zining talablarini qo‘yadi. Va bu talablarni bajarish kerak. Lekin bu talablarni bajarish uchun Toshkent shahrining o‘zida ham sharoit yetarli emas”, – deydi Ahmedov.
Shifokor o‘z vaqtida hojatga chiqmaslik asoratlari haqida to‘xtalar ekan, sog‘lom inson ovqat yeydi, suv ichadi va biokimyoviy jarayonlar hosil bo‘lishi natijasida chiqindi hosil bo‘lib, u tashqariga chiqarilmasa, qanday asoratlarga olib kelishini sanadi.
- Qovuqning to‘lishi, peshobning yig‘ilishi siydik yo‘llarining ma’lum darajada ochilishiga olib keladi va bu inson qovug‘iga tashqaridan infeksiyaning kirishiga sabab bo‘ladi. Bu narsa keyinchalik qovuq yallig‘lanishi, sistit kasalligini paydo qiladigan asosiy omillardan biri.
- Doimiy ravishda mushaklarning tarang holatda turishi vaqt o‘tishi bilan siydikni tutolmaslik asoratlarini ham keltirib chiqarishi mumkin.
- Agar qovuq o‘z vaqtida bo‘shamasa va bu uzoq davom etsa, refluks jarayoni yuz beradi. Ya’ni peshobning siydik yo‘llari orqali yuqoriga ko‘tarilishi yoki buyrak tomonga qaytishi boshlanadi. Bu esa infeksiyani siydik pufagidan yanada yuqoriroqqa chiqishiga, buyrak yoki siydik yo‘llarining yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi.
- Yana bir jihati – chanoq sohasidagi mushaklar tarangligining pasayishi. Bu qorin bo‘shlig‘idagi bosimga bardosh berolmaslik holatiga olib keladi. Ayniqsa, homilaning rivojlanishga ta’sir qiladi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, bu kabi kasalliklar surunkali hojatga o‘z vaqtida chiqmaslikdan kelib chiqadi.
- Erkaklarda nafaqat siydik pufagining yallig‘lanishi, balki prostata bezining ham yallig‘lanishiga olib keladi. Hozirda bu kasallik erkaklar orasida juda keng tarqalgan.
“Katta hojat o‘z vaqtida chiqarilmasa, qabziyatga sabab bo‘ladi. Bizning iqlimimiz o‘zi issiq. Ya’ni suyuqlik sarfi ko‘p. Ayniqsa, issiq kunlarda suv sarfining ko‘payishi qabziyatni keltirib chiqarishi mumkin. Va bavosil kasalligi yuzaga keladi. Bu to‘g‘ri ichakda axlat massalarining yig‘ilishi, vena tomirlariga ta’sir qilib, ichning qon aralash ketishiga sabab bo‘ladi”, – deydi Jobir Ahmedov.
Yopiq, lekin achchiq muammo
Ha, hojatxona o‘zbek jamiyati uchun tabu mavzu. U haqda faqatgina ehtiyoj sezgandagina o‘ylanadi. Lekin buning ortidan kelib chiqadigan kasalliklarni bilish uchun shifokor Jobir Ahmedovning so‘zlari yetarli bo‘lsa kerak. O‘rganishlarimiz, chindan ham O‘zbekistonga hojatxonalar inqilobi kerakligini ko‘rsatib turibdi.
To‘g‘ri, poytaxtda jamoat hojatxonalari bor, lekin kam. Borlarining ham ko‘piga kirishga yurak betlamaydi. Viloyatlarda esa ahvol bundan ham yomonroq. Balki pulli hojatxonalar qurishni xususiy sektorga berish kerakdir.
Xullas, odamlar uyidan bugun ko‘p suv ichmay qayerga hojatga boraman degan o‘y bilan ko‘chaga chiqmasligi uchun mas’ullar masalaga jiddiy qarashlarini kutib qolamiz.
Materialimiz yakunida foydali maslahat: Jamoat hojatxonalariga ehtiyoj sezsangiz, Google Map, Yandex yoki Flash degan dasturlar orqali ularni izlashingiz mumkin. To‘g‘ri, ko‘p topolmaysiz, lekin topiladi.
Jurnalistlar – Zuhra Abduhalimova,
Ibrohim Samadov.
Tavsirchilar – Abduqodir To‘lqinov, Javohir G‘ayratov.
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov
Mavzuga oid
16:35
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024