O‘zbekiston | 13:19 / 04.07.2023
23851
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Islom moliyasi: qonunchilikdagi o‘zgarishlar, yutuq-kamchiliklar va takliflar

O‘zbekistonda davlat rahbari darajasida Islom moliyasini rivojlantirish yo‘lida ishlar qilinmoqda, aholida ham islomiy banklarga ehtiyoj borligi sezilib turibdi. Kun.uz bilan suhbatlashgan mutaxassislar islomiy moliyaviy muassasalar faoliyatiga doir ishlab chiqilayotgan qonunchilik yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonda Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassislar yetarli emasligi hamda ularni tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar aytildi.

Kun.uz muxbiri – Islom moliyasi bo‘yicha AAOIFI sertifikati sohibi, Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon hamda Toshkent davlat yuridik universiteti “Biznes huquqi” kafedrasi mudiri, yuridik fanlari doktori Husayn Rajabov bilan suhbatlashdi. Mutaxassislar Islom moliya tizimi va uning dunyo iqtisodidagi o‘rni, O‘zbekistonda Islomiy banklar ochish, qonunchilikda kutilayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritadi va ularga o‘z tavsiyalarini berdi.

— O‘zbekistonda Islom moliyasining darajasi qanday? Bu tizim ishlab ketishi uchun nimalar to‘sqinlik qilyapti va qanday imkoniyatlar bor?

Husayn Rajabov:

— Islom moliyasiga O‘zbekistonda ehtiyoj bormi, degan masalada so‘rovnomalar o‘tkazilgan. 2 mingdan ortiq biznes vakillari, 5 mingdan ortiq jismoniy shaxslar ishtirok etgan va natijaga ko‘ra, biznes vakillarining 38 foizi, jismoniy shaxslarning 56 foizi o‘z diniy qarashlari tufayli an’anaviy banklarga murojaat qilmasligini aytib o‘tgan. Bu kichik raqam emas. Kichik va o‘rta biznes moliyalashtirishga katta ehtiyoj sezadi. Lekin yuqorida aytganimizdek, ko‘pchilik diniy qarashi tufayli riboga asoslangan davlat kreditlaridan foydalanmaydi. Aholining 15-20 foizi an’anaviy banklar tizimidan foydalanmaydi, bu esa islomiy banklarga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Prezidentimiz ham Namangandagi uchrashuvda islomiy moliya tizimini qo‘llab-quvvatlashi haqida gapirdi. Hukumat doirasida ham islom moliyasiga e’tibor borligini ko‘rish mumkin. So‘rovnomalardagi islomiy banklardan foydalanasizmi degan savolga 60-70 foiz kishi foydalanishga tayyor ekanligini bildirgan. Aholimizning aksar qismi musulmon bo‘lgan holatda islom moliyasini joriy qilish muhim ekanini ko‘rish mumkin.

Mahmud Usmon:

— Tor ma’nodagi bank faoliyatidagi islom moliyasi nuqtai nazaridan O‘zbekistonda yangi bank qonuni ishlab chiqishga ehtiyoj bor. Hozirda qonun loyihasi bor, ko‘rib ham chiqdik. Umuman olganda, O‘zbekistonda islom moliyasiga ehtiyoj bor. Qonun loyihasi ishlab chiqilgani katta narsa. Lekin loyihaga ba’zi o‘zgarishlar kiritsak yaxshi bo‘lar edi deb o‘ylayman.

Masalan, litsenziya berish masalasi bor. Islomiy bank ochish, an’anaviy bankda islom moliyasi darchasi ochish va an’anaviy banklarda islomiy shartnomalar tuzish masalasida litsenziya beriladi. Bu litsenziyani Markaziy bank berishi aytilgan, lekin islom moliyasida din bilan bog‘liq qismlar ham bor. Ya’ni litsenziya berishda Markaziy bankda islomiy qoidalarga to‘g‘ri kelganlikni baholaydigan kadrlar, me’yorlar bormi, degan masala ham bor. Ya’ni mutaxassislar kerak bo‘ladi buni baholash uchun. Bu vaziyatda litsenziya berish faqat Markaziy bankning ishi emas, balki shar’iy kengashni jalb qilish kerak bo‘ladi.

Husayn Rajabov:

— Islom banklariga litsenziya berish masalasida ikki xil shakl bor dunyoda. Birinchisi, Markaziy bank tarkibida sha’riy kengashlar tashkil etish, ikkinchisi esa markazlashmagan shar’iy kengashlar. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Britaniyada ham markazlashmagan shar’iy kengashlar faoliyat yuritadi. Bizda Markaziy bankning salohiyati yetadimi shar’iy tomondan litsenziya berishga, degan masala to‘g‘ri qo‘yilyapti.

Mahmud Usmon:

— Qonunchilikda ko‘rib chiqish kerak bo‘lgan yana bir narsa bor. Qonun loyihasida bankning o‘zi tuzgan shar’iy kengash Markaziy bank tomonidan tasdiqlanishi kerak, deb belgilab qo‘yilgan. Banklar aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi va o‘z kengashi, mustaqil qaror qabul qilish nuqtalari bor. Shu jihatdan olganda, bu masalani o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi. Ya’ni Markaziy bank tomonidan tasdiqlanish kooperativ boshqaruvga xalaqit beradi. Agar an’anaviy banklar kuzatuv kengashlarini tasdiqlashi shart bo‘lmay, islomiy banklar tasdiqlatishi kerak bo‘ladigan bo‘lsa, bu yerda tenglik bo‘lmaydi. Diskriminatsiya paydo qilgandek ko‘rinadi. Ikkinchidan, bankning mustaqil faoliyat olib borishiga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, banklar tashqaridan mutaxassislar jalb qilishi mumkin, chunki O‘zbekistonda islom moliyasi bo‘yicha mutaxassislar yetarli emas. Bizdagi islomdan ta’lim beruvchi oliygohlarda bu sohadan dars berilmaydi. Deylik, 10 ta bank islom moliyasi darchasi ochsa, shar’iy kengashda kamida 3 ta a’zo bo‘lishi kerakligi belgilangan holatda mutaxassislar topolmay qoladi. Chet ellik mutaxassislarni Markaziy bankdan tasdiqlatish xam qo‘shimcha byurokratik to‘siq bo‘lishi mumkin.

Islom moliyasini sodda qilib tushuntirsak, taqiqlanmagan unsurlar bo‘lmagan an’anaviy moliya bu. Islom qoidalariga ko‘ra, taqiqlanmagani isbotlanmagan narsa halol sanaladi, ya’ni halolligi isbotlangan narsa emas, balki halol emasligi isbotlanmagan narsa halol bo‘ladi. Moliyaviy munosabatlarda ham shunday. Shunga ko‘ra, shaxslar o‘rtasidagi tranzaksiyalar halol hisoblanadi taqiqlangan elementlar borligi isbotlanmaguncha. Masalan, ribo, g‘arar bo‘lgan moliyaviy jarayonlar haromdir. Agar islom banki tranzaksiyalar bo‘yicha qoida ishlab chiqishi kerak bo‘lsa, u qoidalarni shar’iy kengash ishlab chiqadimi yoki Markaziy bank va boshqa tashkilotlar ishlab chiqadimi, degan masala bor.

Qonun loyihasida murobahaga ruxsat berish bor, bu yaxshi. Bu degani islomiy bank biror tovarni olib yana sotadi. Bu holatda bankning maqsadi egalik qilish emas, sotish bo‘lgani uchun soliqlarda imtiyoz berilishi ham ko‘zda tutilgan. Judayam yaxshi narsa bu. Lekin sotib olgan paytda banklarga javobgarlik huquqi ham ko‘chadi. Mana shu ko‘chish qay tarzda bo‘lishini, qonun yoki qonunosti hujjatlarida belgilanishini ham aniqlashtirib olish kerak.

Qonun loyihasida islomiy bank degan nom berilishi uchun bankda litsenziya bo‘lishi kerakligi belgilangan. Chunki bizda hozir litsenziyasiz bo‘lib turib, o‘zini islomiy faoliyat yuritayotganini ta’kidlaydigan muassasalar ko‘payib ketdi. Bu esa mijozlarni aldashdek gap.

Husayn Rajabov:

— Dunyo tajribasida islom moliyasini joriy qilishda ikki xil shakl bor: birinchisi islom moliyasi uchun alohida qonun ishlab chiqish, ikkinchisi amaldagi qonunlarga qo‘shimcha yoki o‘zgartirish kiritish. O‘zbekiston qonunchiligida keng ma’nodagi islomiy moliya uchun imkoniyat, xuquqiy asos bor. Ya’ni shartnomalar erkinligi tamoyili bor. Lekin islomiy banklar uchun qonunda to‘sqinliklar bor. Ya’ni banklar to‘g‘risidagi qonunda banklarga savdo bilan shug‘ullanish taqiqlangan. Islom banklari faoliyati esa tijoratga asoslanadi. Yangi qonun loyihasida islomiy banklarga savdo faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmoqda. Bu o‘rinda qo‘shimcha soliqqa tortish masalasi bor, shuning uchun soliq bo‘yicha ma’lum imtiyozlar berilmoqda.

— O‘zbekistonda islomiy moliyaga to‘la ruxsat berilsa, tashkilotlar ochiladi, banklar faoliyat boshlaydi. O‘z-o‘zidan kadrlar masalasi yuzaga chiqadi bunda. O‘zbekistonda bu masalada vaziyat qanday?

Mahmud Usmon:

— Islom moliyasida ishtirok etuvchi kadrlarni birlamchi va ikkilamchi kadrlarga bo‘lish mumkin bo‘ladi. Birlamchi kadrlar islom moliyasini boshqarish va asosiy masalalarga mas’ul bo‘lgan kadrlar hisoblanadi. Bunday kadrlar islom huquqidan bilimga ega bo‘lgan mutaxassislar bo‘lishi kerak. Jahon tajribasida ham qaror qabul qiluvchi mutaxassislar shar’iy bilimga ega bo‘lgan mutaxassislardir. Mutaxassislar yetishtirish bo‘yicha diniy ta’lim beruvchi muassasalarda bo‘limlar ochish kerak, kafedralar tashkil etish kerak bo‘ladi, bu — eng yaxshi yechim. Bundan tashqari, iqtisod bo‘yicha OTMda ham islom moliyasiga oid bo‘limlar ochish kerak bo‘ladi. Bank bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar murakkab bo‘lgani uchun mutaxassis ham fiqhiy, ham iqtisodiy masalalarda ta’lim olgan bo‘lishi kerak. Lekin to‘g‘ri yo‘li diniy ta’lim beruvchi oliygohlarda islom moliyasi yo‘nalishini ochish bo‘ladi, chunki fiqhiy bilimi kuchli bo‘lgan mutaxassislar yangi masala paydo bo‘lganda to‘g‘ri fatvo chiqara oladi.

Islom moliyasi bo‘yicha dars beruvchi fakultetlar yoki institutlar, muassasalar tashkil etish ham kerak bo‘ladi. Mutaxassislarimiz chet elda ta’lim olib kelishidan, shu yerda ta’lim olishi, semirnarlarda qatnashishi arzonroq bo‘ladi. Bundan tashqari, islom moliyasi to‘g‘risida suhbatlar, tushuntirishlar olib borish ham kerak, odamlarda tushuncha paydo bo‘lishi lozim.

Suhbatning to‘liq shaklini ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov.

Ushbu maqola va videomaterial Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasi asosida chop etilmoqda.

Mavzuga oid