Jahon | 15:39 / 04.07.2023
18266
18 daqiqa o‘qiladi

Koreyadagi eng yirik halokat - Seulda ko‘p qavatli bino nega qulab tushgandi?

1995 yil Janubiy Koreya poytaxti Seul shahridagi ko‘p qavatli savdo markazi qulab tushadi. Oqibatda 500 dan ortiq odam halok bo‘ladi, minglab insonlar jarohatlanadi. Hodisa taftish qilinganda bino qurilish normalariga rioya qilinmasdan qurilgani, sement va armatura me’yordan kam ishlatilgani, bino tepasidagi so‘nggi qavat o‘zboshimchalik bilan qurilgani aniqlanadi.

Garchi Janubiy Koreya dunyoning rivojlangan va boy davlatlaridan biri bo‘lsa-da, bu mamlakat ham korrupsiyadan xoli emas. Har yili ko‘plab mansabdorlar turli korrupsiya ishlarida ayblanadi.

Janubiy Koreyadagi korrupsion ishlarning ma’lum qismi qurilish sohasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni yer olish, qurilish loyihalarini o‘zgartirish va hokazo. 1995 yilda Seulda sodir bo‘lgan fojianing ildizi ham aynan qurilish sohasidagi korrupsiyaga taqaladi.

O‘shanda sifatsiz qurilgan savdo markazi binosi qulab tushadi. Oqibatda ko‘plab insonlar halok bo‘ladi va jarohatlanadi. Surishtiruvlarda, buyurtmachi davlat amaldorlariga pora berib loyihani o‘zgartirgani va to‘rt qavatli turar joy binosi o‘rniga besh qavatli savdo markazi qurgani aniqlanadi.

Ana shu fojia keyinchalik Janubiy Koreyada qurilish bilan bog‘liq turli normalar nazoratining keskin kuchaytirilishiga sabab bo‘ladi.

Halokatdan avval

1981 yilda Seul shahri 1988 yilda bo‘lib o‘tadigan yozgi olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish huquqini yutib oladi. Shundan so‘ng Janubiy Koreya poytaxtida juda katta ko‘lamda qurilish ishlari boshlanib ketadi.

Sportchilar va turli delegatsiyalarning istiqomat qilishlari uchun ko‘p qavatli uylardan iborat "Olimpiada shaharchasi" qurila boshlanadi. Shuningdek shaharning boshqa hududlarida ham uy-joylar qurilishi jadallashtiriladi.

Seuldagi olimpiya shaharchasi. Sport inshootlari va uning yonida joylashgan ko‘p qavatli uylar 1988 yilgacha qurib bitkazilgan edi.
Foto: www.flickr.com

O‘shanda Koreya hukumati mahalliy qurilish kompaniyalarini qo‘llash uchun xorij qurilish kompaniyalari bilan hamkorlik qilishni taqiqlab qo‘yadi. Natijada barcha binolar koreyalik quruvchilar tomonidan quriladi.

Seulda qulab tushgan savdo markazi o‘rnida avvaliga to‘rt qavatli uy qurilishi rejalashtirilgandi. Biroq qurilish egasi bo‘lgan Sampoong Group kompaniyasi rahbari Li Chjun Seulning Sochxogu tumani mansabdorlariga pora berib, to‘rt qavatli uy o‘rniga to‘rt qavatli savdo markazi qurish uchun ruxsat oladi.

Bino qurila boshlanadi va qurilish ishlarini Woosung Construction firmasi olib boradi. Biroq ko‘p o‘tmay buyurtmachi va qurilish firmasi o‘rtasida nizo kelib chiqadi. Bunga buyurtmachining quruvchiga loyihadan chetga chiqishni talab qilgani sabab bo‘ladi.

Oxir-oqibat qurilish firmasi shartnomani bekor qiladi. Qurilish ishlarini Sampoong Group kompaniyasi o‘z kuchi bilan davom ettiradi. Ko‘p o‘tmay, kompaniya direktori Li Chjun binoning tepa qismida o‘zboshimchalik bilan yana bir qavat qo‘shtiradi. Shu tariqa savdo markazi besh qavat qilib quriladi.

O‘shanda binoning yer ustidagi qismi besh qavatli qilib qurilgan bo‘lsa, uning yerto‘la qismi ham to‘rt qavatdan iborat edi.

1989 yilda «Sampoong» savdo markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ungacha kompaniya savdo markazidagi ko‘plab do‘konlarni tadbirkorlarga ijaraga berib bo‘lgandi. 1990 yil 7 iyun kuni savdo markazi to‘laqonli ishlay boshlaydi. O‘sha paytlarda mazkur savdo markaziga har kuni o‘rtacha 40 ming odam tashrif buyuradi.

Savdo markazining umumiy ko‘rinishi
Foto: pann.nate.com

Binodan foydalanishda yo‘l qo‘yilgan xatolar

Dastlab, binoning beshinchi qavatiga muz maydoni qurish rejalashtiriladi. Biroq, Li Chjun rejani o‘zgartiradi va tepa qavatning bir qismiga koreys restoranlarini joylashtiradi.

Restoranlarda oyoq ostiga qo‘shimcha beton quyilib poli isitiladigan qilinadi. Binoning yerto‘la qismidagi qavatlarda bo‘sh joyni ko‘paytirish uchun sovitish tizimi uskunalari ham tepa qavatga o‘rnatiladi.

Shu tariqa tepa qavatdagi og‘irlik miqdori oshib ketadi va qavatlar orasidagi ustunlarga ko‘proq yuk tushishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda, binoda birinchi yoriqlar paydo bo‘ladi.

Bundan tashqari, binoga qo‘shimcha qavat qurilganda uning ustunlari pastdagi ustunlarga mos qilib qo‘yilmaydi. Bu ish to‘rtinchi qavat tomidagi plitalarga yuk bo‘lib tushadi.

1994 yilda ikkinchi qavatda joylashgan bank filiali birinchi qavatga ko‘chiriladi va o‘rniga kitob do‘koni joylashtiriladi. Ko‘p sonli kitoblar og‘irligidan ikkinchi qavat foyesida yoriqlar paydo bo‘ladi va kun sayin kattalasha boshlaydi.

Natijada 1995 yil 3 mart kuni kitob do‘koni yopiladi va kitoblar olib chiqib ketiladi. Biroq bu yoriqlarning kengayib borishini to‘xtatmaydi. 1995 yil aprel oyida beshinchi qavatdagi restoranlar shiftida, ko‘p o‘tmay polida ham yoriqlar paydo bo‘ladi.

Bino ustunlariga, shift va pollariga yoriq tushar ekan, ular vaqt o‘tishi bilan kattalasha boshlaydi. Biroq savdo markazi direktori va boshqa mas’ul xodimlar holatga e’tiborsiz bo‘lishadi. Ular muammoga e’tibor qaratishganda esa vaziyat izdan chiqqan, bino qulab tushish xavfi ostiga kelib qolgandi.

Foto: www.gazeta.ru

Halokat

1995 yil 29 iyun kuni Li Chjunning o‘g‘li, otasi tomonidan savdo markazi direktori etib tayinlangan Li Xan San binoning holati bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. Shu paytda binoning yuqori qavatida joylashgan restoran polining ikki metr joyi cho‘kkani, shiftning bir qismi uzilib tushgani haqida xabar berishadi.

Li Chjun voqea joyiga borib tayanch ustunda 20 santimetrlik yoriq paydo bo‘lganini va shift osilib qolganini ko‘radi. Beshinchi qavatdagi boshqa bir restoran shiftidan suv oqa boshlaydi.

Soat 11:00 larda beshinchi qavatdagi holatni savdo markazi direktori Li Xan San yordamchisi va bino arxitektori bilan birga tekshiradi. Vaziyat ayanchli edi. Bir soatdan so‘ng beshinchi qavat yopiladi, sovitish tizimiga ulangan gaz ta’minoti to‘xtatiladi, konditsionerlar o‘chiriladi.

Soat 16:00 da (bino qulashidan taxminan 2 soat oldin) Li Chjun uchinchi qavatdagi zalda vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.

Shu joyda beshinchi qavatdagi gazni uzgan nazoratchi zudlik bilan savdo markazidan odamlarni evakuatsiya qilish va so‘ng binoda ta’mirlash ishlarini boshlash zarurligini aytadi.

Biroq muhandis Li Xak Su savdo markazi faoliyatini to‘xtatmasdan binoni ta’mirlash va shu tariqa vaziyatni o‘nglash mumkin, degan fikrni bildirdi. Rahbariyat uning so‘zlarini qo‘llab-quvvatlaydi va shundan so‘ng zarur choralarni muhokama qilish boshlanadi.

Oradan bir soat o‘tgach muhandis taklif qilgan yo‘l bilan vaziyatni o‘nglab bo‘lmasligi oydinlashadi. Savdo markazi texnik xodimlari ikkinchi qavatga chiqishni ham yopib qo‘yishadi va vaziyat yomonlashayotgani haqida rahbariyatga ma’lum qilishadi. Vahimaga tushgan rahbariyat odamlarni evakuatsiya qilishni tashkillashtirish o‘rniga zudlik bilan binoni tark etadi.

Soat 17:50 da ikkinchi va uchinchi qavatdagi xodimlari binoni zudlik bilan tark etish lozimligini aytib baqira boshlashadi. Eshikka yaqin bo‘lgan odamlar binodan chiqa boshlashadi.

Biroq xodimlarning ovozi yer ostida joylashgan to‘rt qavatning birontasiga eshitilmaydi. Oqibatda pastki qavatlarda bo‘lgan odamlar ogohlantirishdan bexabar qolishadi.

Soat 17:52 da eng avval bino tomi, so‘ng og‘irlikni ko‘tara olmagan qavatlar qulab tusha boshlaydi. Sanoqli soniyalarda binoning janubiy qanoti butunlay qulaydi. Savdo markazida bo‘lganlardan bir qismi vayronalar orasida qolib ketadi.

Savdo markazining janubiy qanoti to‘liq qulab tushadi
Foto: www.allmystery.de

Qutqaruv ishlari

Ilk qutqaruvchilar hodisa joyida bino qulagandan 8 daqiqa o‘tib paydo bo‘lishadi. Savdo markazining asosiy qismi qulab tushgan va bir qismi xavfli holatda turgani uchun qutqarish ishlari juda qiyin kechadi.

Ertasi kuni hodisa joyiga kranlar va boshqa maxsus texnikalar olib kelinadi. Ular binoning yerto‘la qismi ustiga qulagan plitalar va boshqa qurilish ashyolarini ko‘tarib olishi kerak edi.

Vaziyat tarang bo‘lib turgan paytda Seul shahri meri qolgan inshootlarning qulashi xavfi tufayli qutqaruv ishlarini to‘xtatishni taklif qiladi. Biroq bu taklif shahar aholisining keskin noroziligiga uchraydi.

Ayniqsa, savdo markazida bo‘lgan vayronalar ostida qolgan insonlarning yaqinlari merning bu taklifidan qattiq g‘azablanishadi va shahar ko‘chalarini to‘sib namoyishlarni boshlab yuborishadi.

Shundan so‘ng qulamay qolgan devorlar trosslar yordamida mustahkamlanadi va qutqaruv operatsiyasi davom ettiriladi. Qutqaruvchilarga yordam berish maqsadida Korea Telekom jabrlanuvchilarda bo‘lgan peyjyerlar va mobil telefonlarni aniqlash uchun har yarim soatda signal yuborib turadi.

Foto: wikipedia.org

Qutqaruv ishlari bir hafta davom etadi va vayronalar orasidan minglab odamlar chiqarib olinadi. Ularning bir qismi tirik, boshqalari esa halok bo‘lgandi. Bu orada vayronadagilar ostida qolganlar tanada suyuqlik yetishmasligidan halok bo‘lishining oldini olish uchun vayronalar ustida yomg‘ir ko‘rinishida suv sepib turiladi.

Qutqaruvchilar vayronalar ostidan turli darajada jarohatlangan 937 kishini qutqarishadi. 502 kishining jasadini olib chiqishadi. 6 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi va keyinchalik ular tirik topiladi. Shu tariqa vayronalar ostida 1445 kishi qolib ketgani ma’lum bo‘ladi.

Umumiy hisobda qutqaruv ishlari uch hafta davom etadi. Eng so‘nggi tirik odam qutqaruv ishlari boshlanganining 17-kuni olib chiqiladi. U 19 yoshli yigit edi.

Mazkur fojia 2001 yilda Nyu-Yorkdagi egiz binolar qulatilguncha dunyodagi bino qulashi tufayli eng ko‘p odam halok bo‘lgan hodisa edi.

Bir tomondan qutqaruv ishlari olib borilar ekan, ikkinchi tomondan huquqni himoya qilish organlari tomonidan surishtiruv ishlari boshlab yuboriladi.

Halokatdan qariyb bir oy o‘tgach, 1995 yil 26 iyul kuni Koreyadagi eng ommabop telekanallardan birida hodisaga aloqador barcha shaxslarning ism-shariflari, qurilish vaqtida pora berish va olish holatlari oshkor qilinadi. Bungacha aybdorlar hibsga olinib bo‘lgan edi.

Savdo markazi vayronalarida qutqarish ishlari uch hafta davom etadi.
Foto: wn.com

Halokat yuzasidan tekshiruv

Bino qurilishi bo‘yicha tekshiruvni Koreyadagi nufuzli OTMlardan biri bo‘lgan Dankok universitetining qurilish fakulteti professori olib boradi.

Professor avvaliga binoning qulab tushishiga gaz portlashi sabab bo‘lgan degan taxminni ilgari suradi. O‘sha yili Seulda ikki marta gaz portlagan ikkita bino vayron bo‘lgandi. Tegu shahrida esa gaz portlashi oqibatida bino qulab 100 kishidan oshiqroq odam halok bo‘lgandi.

Biroq bu taxmin noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Shundan so‘ng bino shimoliy koreyaliklar tomonidan portlatilgan degan taxmin ham ko‘rib chiqiladi va bu ham o‘z isbotini topmaydi.

Shundan so‘ng halokatga qurilish ishlarida belgilangan qoidalarga rioya qilinmagani sabab bo‘lgani oydinlashadi. Professor qurilish ishlari belgilangan normalarga zid ravishda bajarilganini aniqlaydi.

Quruvchilar ustunlar diametrini 80 santimetr o‘rniga 60 santimetr qilishganini va 16 qator o‘rniga 8 qator armatura ishlatishgani ma’lum bo‘ladi. Poydevor yostig‘i uchun quyilgan betonda armaturalar orasi 5 santimetr o‘rniga 10 santimetr qilingani oshkor bo‘ladi.

Umumiy hisobda poydevor va ustunlar, ularga ishlatilgan armaturalar hisoblanganda binoning yuki me’yordan ikki barobar ko‘p bo‘lgan. Oqibatda besh yil zo‘rg‘a chidagan ustunlar og‘irlikni ko‘tara olmay qolgan.

Professor uzoq vaqt tekshiruv olib boradi halokatning tezlashishiga uning beshinchi (umumiy hisobda to‘qqizinchi) qavatida qo‘yilgan og‘ir sovitish tizimlari va oyoq ostini isitish uchun quyilgan qo‘shimcha beton sabab bo‘lganini aniqlaydi.

Uning xulosasiga ko‘ra, og‘ir sovitish tizimlari o‘rnatilayotganda kranlardan foydalanilmagan va ular bino tepasiga aravalarda olib chiqilgan. Ustunlarga dastlabki yoriqlar ana shunda tushgan. Keyin sovitish tizimlari ishlatila boshlagach uning motor qismi bino devoriga tebranish bera boshlaydi va bu yoriqlarning kattalashishiga olib keladi. Buni ayrim guvohlar ham tasdiqlashgan.

Qutqaruv ishlari ketayotganda savdo markazining qulamay qolgan devorini trosslar yordamida mustahkamlab qo‘yishadi.
Foto: www.jeaneid.org

Sud va qamoq

Hodisa sodir bo‘lgandan bir necha kun o‘tib barcha gumondorlar hibsga olinadi. Bir yil davom etgan tergovlardan so‘ng 1996 yil yozda Koreya Oliy sudi savdo markazi qulashiga doir ishni ko‘rib chiqadi. 1996 yil 23 avgustda aybdorlarga hukm o‘qiladi.

Sampoong Group kompaniyasi direktori Li Chjun 10 yil 5 oy qamoq jazosi oladi. Biroq u apellyatsiya beradi va takroriy sudda uning jazosi yengillashtirilib, 7 yil 5 oy qamoq jazosi beriladi. Uning o‘g‘li, savdo markazi direktori Li Xan San 7 yilga qamaladi.

Binoning bosh rejasiga o‘zgartirish kiritgani uchun pora olgan Sochxogu tumani ma’muriyati rahbari va uning o‘rinbosari har biri 10 oylik qamoq jazosi va bir necha million von jarimaga tortiladi.

O‘shanda jami 25 nafar shaxs pora olish, korrupsiya, hujjatlarni qalbakilashtirish, qalbaki hujjatlar tayyorlash, qurilish me’yorlarga rioya qilmaslik va boshqa ayblovlar bilan jazolanadi.

Foto: hangukeonghwa.com

Tovon puli

Aybdorlarga sud hukmi e’lon qilingandan so‘ng halok bo‘lganlarning oila a’zolariga va jabrlanganlarning tovon puli to‘lash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Tovon to‘lash masalasi sudda ko‘rila boshlanganda jabrlanuvchilar va ularning yaqinlari har bir odam uchun 361 ming dollar da’vo qilishadi. Biroq Sampoong Group kompaniyasi buncha pulni to‘lay olmasdi.

1995 yil avgustda, hali tergov ketayotgan paytda ota-bola Lilar jabrlanuvchilarga o‘zlariga tegishli barcha mulklarni tovon puli sifatida taklif etishadi. Natijada Sampoong Group kompaniyasi o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

Sud har bir oilaga 220 ming dollar tovon puli to‘lash haqida qaror chiqaradi. Tomonlar bunga rozi bo‘lishadi. Biroq shunda ham Lilarga tegishli mulk tovon puli to‘lashga yetmaydi.

Shundan so‘ng sud tovon pulining yetmagan qismini to‘lab berishni Seul shahar ma’muriyatiga yuklaydi. Natijada umumiy hisobda 3293 ta ish bo‘yicha 375,8 milliard von (taxminan 300 mln dollar) tovon puli to‘lab beriladi. Tovon pullarini to‘lab berish bir necha yil davom etadi va oxirgi odam 2003 yilda oladi.

Foto: gazeta.ru

Binolar qurilishida qat’iy talablar

Seuldagi savdo markazi qulab tushar ekan, bu hodisa mamlakatdagi qurilish sohasidagi korrupsion ishlarni va boshqa kamchiliklarni ochib tashlaydi.

Qolaversa, butun mamlakat bo‘ylab barcha savdo markazlaridan foydalanuvchilar, ko‘p qavatli uylarda yashovchilar xavotirga tushib qolishadi.

Odamlar baland binolarning barchasini tekshiruvdan o‘tkazishni talab qilib chiqishadi. Shundan so‘ng Koreyadagi barcha ko‘p qavatli uylar va savdo markazlari tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Natijada, barcha baland binolarning 14, foizi rekonstruksiyaga muhtojligi, 80 foiz binolarning ta’mirtalabligi aniqlanadi. Faqat 2 foiz baland binolar barcha talablarga javob berishi, qolganlarida turli kamchiliklar borligi ma’lum bo‘ladi.

Shundan so‘ng qurilish normalari qayta ko‘rib chiqilib, talablar yanada qat’iylashtiriladi. Qurilish jarayonlarini nazorat qilish kuchaytiriladi. Korrupsiyaga qarshi jazolar og‘irlashtiriladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid