Iqtisodiyot | 13:35 / 05.07.2023
41261
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda AQSh dollari qiymati 11 600 so‘mlik psixologik nuqtaga yetdi

O‘zbekistondagi qariyb o‘nta tijorat bankida 5 iyul kuni AQSh dollarining sotuv kursi 11 600 so‘mgacha oshdi. Banklar dollarni 11 540 so‘mgacha bo‘lgan narxda xarid qilmoqda. Bu – 2022 yil mart oyidan keyingi davrdagi eng yuqori kurs.

Foto: Kun.uz

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda AQSh dollarining kursi yuqorilab bormoqda. 5 iyul, chorshanba kuni valuta ayirboshlash shoxobchalariga ega tijorat banklarining qariyb yarmi yoki o‘ndan ortig‘i 1 AQSh dollarini 11 600 so‘mdan sota boshladi.

Eng arzon sotuv kursini Madad Invest Bank (11 550 so‘m) va Tenge Bank (11 570 so‘m) taklif etmoqda.

Banklar AQSh dollarini 11 490 – 11 540 so‘m oralig‘idagi narxlarda sotib olmoqda. Dollarni so‘mga ayirboshlashni istovchilar uchun eng manfaatli kursni Sanoatqurilishbank (11 540), Mikrokreditbank va Ipotekabank (11 535 so‘mdan) taklif etmoqda.

Markaziy bank 5 iyuldan boshlab AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan rasmiy kursini 11 541,00 so‘m (+6,01) deb belgilagan.

Eslatib o‘tamiz, so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishining tarixiy maksimumi Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan biroz vaqt o‘tib, 18 martga to‘g‘ri kelgan, o‘sha kungi rasmiy kurs 11 571,99 so‘mni tashkil etgandi.

Bugun, 5 iyul holatiga belgilangan rasmiy kurs – 2022 yil 24 martdan keyingi davrdagi eng yuqorisi.

Mavzuga oid