Sport | 19:52 / 05.07.2023
3619
8 daqiqa o‘qiladi

Pro liga 1-davra ramziy jamoasi: Zoteyevdan Abramovgacha

Foto: Dinamo

O‘zbekiston Superligasi va Pro ligasida mavsumning birinchi qismi ortda qolib, jamoalar yozgi tanaffusga chiqishdi. Xususan, Pro ligada chempionatning 1-davra bahslari kurashlarga boy o‘tib, yangi nomlar kashf etildi va hozirda Superligaga da’vogar klublar soni bir nechtani tashkil etmoqda. Tribuna.uz mavsumning yarmi yakuniga yetgach, 1-davra ramziy jamoasini tuzdi.

Darvozabon: Abdumavlon Abdujalilov

Klubi: «Lokomotiv»

«Lokomotiv» jamoasi Pro ligada karvonboshchilik qilmoqda. «Temiryo‘lchilar» chempionatda eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘lib turibdi – 4ta. Bunda esa 28 yoshli posbonining hissasi katta bo‘ldi. Abdumavlon Abdujalilov Pro ligadagi 10 o‘yinning barchasida to‘liq harakat qildi.

Himoyachilar: Oleg Zoteyev

Klubi: «Lokomotiv»

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq himoyachisi Oleg Zoteyev Pro ligada faqat nom jihatdan emas, o‘yini bilan ham eng yaxshilardan biri bo‘lib turibdi. «Lokomotiv» safida chap va o‘ng qanot himoyasida harakat qilgan 33 yoshli himoyachi Pro ligadagi 10ta o‘yinda ham to‘liq harakat qilib, o‘z hisobiga gol va assist yozib qo‘ydi.

Himoyachilar: Xurshidbek Ubaydullayev

Klubi: «Dinamo»

Pro ligada debyut mavsumini o‘tkazgan Xurshidbek Ubaydullayev 21 yoshda bo‘lsa-da, «Dinamo»ning yetakchi himoyachisiga aylanib oldi. Vadim Abramov kashf etgan markaziy himoyachi 1-davrada Pro ligadagi 10 o‘yinda ham, O‘zbekiston kubogi guruh bosqichidagi 3 o‘yinda ham maydonda to‘liq harakat qilib, bitta gol va 2ta assist muallifiga aylandi.

Foto: Dinamo

Himoyachilar: San’at Shixov

Klubi: «Qo‘qon-1912»

«Qo‘qon-1912» jamoasi gollar soni (22ta) bo‘yicha «Loko» bilan birga peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa-da, ochkolar soni bo‘yicha turnir jadvalida 3-o‘rinda bormoqda. Jamoa gollar soni bo‘yicha yetakchi ekaniga himoyachilarning ham hissasi bor. Jumladan, San’at Shixov chap qanot himoyachisi sanalsa-da, jamoasining hujumlariga faol qo‘shilib, 10 o‘yinda 3ta gol va 2ta assistga mualliflik qildi.

Yarimhimoyachilar: Fransis Narx

Klubi: «Dinamo»

O‘tgan mavsum Superligada «Bunyodkor» sharafini himoya qilgan Fransis Narx bu yil «Dinamo»da Pro liganing eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘lib turibdi. Ganalik yarimhimoyachi chempionatdagi 10 o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol va assist, O‘zbekiston kubogida esa 3 o‘yinda 2ta golga mualliflik qildi.

Foto: Dinamo

Yarimhimoyachilar: Muhriddin Zoirov

Klubi: «Sho‘rtan»

G‘uzor klubi Pro liga 1-davrasidan keyin 5-o‘rinni egallab turibdi. «Sho‘rtan»ning Superliga yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotganiga Muhriddin Zoirovning hissasi katta bo‘lmoqda. Hujumkor yarimhimoyachi 10 o‘yinda 4ta muhim golga mualliflik qildi.

Foto: Sho‘rtan

Yarimhimoyachilar: Doniyor Ismoilov

Klubi: «Qo‘qon-1912»

Qo‘qonliklarning 29 yoshli yarimhimoyachisi sermahsullik borasida ligadagi eng yaxshi ijrochilardan biri bo‘lib turibdi. Doniyor Ismoilov o‘tgan 10 o‘yinda maydonga tushib, jamoasining 4ta goliga mualliflik qildi, yana ikki golga esa hammualif sifatida qayd etildi.

Foto: Qo‘qon-1912

Yarimhimoyachilar: Anvar Hojimirzayev

Klubi: «Qo‘qon-1912»

Qo‘qonliklar safida hujum chizig‘ining yetakchisiga aylanib olgan Anvar Hojimirzayev jamoasining qariyb har ikki golidan birida ishtirok etdi. 28 yoshli futbolchi 10 o‘yinda o‘z hisobiga 6ta gol va 3ta assist yozib qo‘ygan.

Foto: Qo‘qon-1912

Hujumchilar: Kojo Joel

Klubi: «Dinamo»

Asli ganalik bo‘lgan Kojo Joel Pro liga joriy mavsumining eng yorqin o‘yinchisi bo‘lib turibdi. 24 yoshli forvard turnirdagi 9 o‘yinda 8ta gol, O‘zbekiston kubogida esa 3 o‘yinda bitta golga mualliflik qilib, Qirg‘iziston milliy jamoasidan chaqiruv oldi. Joel Pro liganing eng yaxshi to‘purari bo‘lib, hozirda Superliganing bir qator klublari e’tiboriga tushgan, ammo Samarqand klubi «topilma» goleadorini qo‘yib yubormoqchi emas.

Hujumchilar: Sergiy Petrov

Klubi: «Mash’al»

Ukrainalik 26 yoshli hujumchi «Mash’al»ning joriy mavsumdagi yetakchisiga aylanib oldi. Pro liga doirasida 8 o‘yinda maydonga tushgan Petrov 6ta golga mualliflik qilib, Muborak klubining 4-o‘rinda borishini ta’minlamoqda. «Mash’al» forvardi kubok bahslarida ham 3 o‘yinda o‘z hisobiga bitta gol yozib qo‘ygan.

Hujumchilar: Rustam Soirov

Klubi: «Lokomotiv»

Mavsum oldidan «temiryo‘lchilar» safiga qo‘shilgan tojikistonlik Rustam Soirovning yarim yildayoq klubning hujumdagi yetakchisiga aylanib olishini jamoaning muxlislari ham kutmagan bo‘lsa ajabmas. 21 yoshli forvard Pro ligadagi 10 o‘yinda 6ta gol, O‘zbekiston kubogidagi 3 bahsda esa 2ta golga mualliflik qilib, «Loko»ning Pro ligada yetakchi, kubok bahslarida esa 1/8 finalga yo‘llanma olishiga munosib hissa qo‘shdi. U Pro liganing eng yaxshi goleadorlari ro‘yxatida 6ta gol bilan uchlikdan joy olgan.

Bosh murabbiy: Vadim Abramov

Klubi: «Dinamo»

Aslida Pro liga 1-davrasining eng yaxshi murabbiyi deya turnirda peshqadamlik qilayotgan «Lokomotiv» bosh murabbiyi Denis Korostichenkoni ko‘rsatish mumkin edi. Ammo ushbu mutaxassis boshqaruvidagi «temiryo‘lchilar» Pro liga doirasida Toshkentda o‘tgan bahsda «Dinamo»ni yenga olmadi, kubok doirasida esa Samarqandda Vadim Abramov shogirdlariga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Shu bois, Pro liga 1-davrasi ramziy jamoasiga «Dinamo» bilan 2-o‘rinda borayotgan Vadim Karlenovichni bosh murabbiy sifatida tanlashga qaror qildik.

Pro liga-2023 1-davra ramziy jamoasi:

Darvozabon: Abdumavlon Abdujalilov (Lokomotiv)

Himoyachilar: Oleg Zoteyev (Lokomotiv), Xurshidbek Ubaydullayev (Dinamo), San’at Shixov (Qo‘qon-1912)

Yarimhimoyachilar: Fransis Narx (Dinamo), Muhriddin Zoirov (Sho‘rtan), Doniyor Ismoilov (Qo‘qon-1912), Anvar Hojimirzayev (Qo‘qon-1912)

Hujumchilar: Kojo Joel (Dinamo), Sergey Petrov (Mash’al), Rustam Soirov (Lokomotiv)

Zaxira tarkibi: Farhod Rahmatov (Dinamo), Islomjon Qobilov (Lokomotiv), Abror Ho‘sinov (Xorazm), Islom Sharipov (Yunired), Abubakir Mo‘ydinov (Andijon-SGS), Andro Giorgadze (Mash’al), Sime Zizul (Lokomotiv).

Bosh murabbiy: Vadim Abramov (Dinamo). 

Mavzuga oid