G‘aniyev “pripiska”ga qarshi... Bu uning evolyutsiyasimi?
Har bir davrning o‘ziga mos muhri bo‘ladi, SSSRning ham shunday o‘ziga xosliklari bo‘lgan. Yangi davr eski “muhr”larni olib yursa, muvafaqiyatsizliklarni o‘ziga esh qiladi.
Sovetlardan salom
Qo‘shib yozish (“pripiska”) – sovet davrida paydo bo‘lgan va o‘sha tuzumning mohiyatidan kelib chiqqan illat. Chunki sovet tuzumi mafkurasida xususiy mulkchilikka barham berish g‘oyasi bo‘lgan va bu g‘oyani 20-asrda aynan sotsialistik mamlakatlar hayotga tatbiq etishga harakat qilgan.
Mulk xususiy emas, davlatniki bo‘lsa, moddiy manfaatdorlik stimuli ishlamaydi. Demak, ishlarning rivojini ko‘p jihatdan:
– ma’muriy majburlov,
– nazorat,
– “yaxshi ishlamaganlik” uchun turli jazo choralarini qo‘llash ta’minlaydi.
Aynan shunday sharoitda “pripiska” qilish ehtiyoji paydo bo‘ladi: maqsad samara emas, “rejani bajarish” va jazodan qochib qolish bo‘lgani uchun, qo‘shib yozishga stimul paydo bo‘ladi.
Biz hozir tarixda qolgan sovet tuzumi haqida gapiryapmiz. Savol: nega unda yangi O‘zbekiston sharoitida “pripiska” gullayapti? Axir sovet tuzumidan voz kechilganiga 31 yil bo‘ldi!
“Jipiriqlik” va “jinnilik”
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev videoselektorda bir qancha tumanlarda takroriy ekin madonlari aqbovar qilmas hajmda qo‘shib yozilganini aytadi va o‘z uslubida holatga va buni qilgan hokimlarga munosabat bildiradi.
“Katta xolangni chorvog‘imi bu, Muxtor, bu nima qilganing, 6200 gektar yozib yuboribsan! Gapir, Muxtor. Hozir borib o‘lchaymi? Nima qilasan bunaqa yolg‘on ma’lumot berib. Kimni aldayapsan?” – deydi G‘aniyev Nishon tumani hokimiga qarata.
Takroriy ekinlarni qo‘shib yozgani uchun Qarshi tumani hokimini u “jipiriq” deb atadi: “Qarshi tumani 5830 gektar ekib tashlabdi... 3315 ta xonadonga 1100 gektar ektirib tashlabdi... San jipiriq raqamlarni ko‘rmayapsanmi? Ishlamayapsanmi takroriy ekin bo‘yicha, jipiriq?”
“Hozir chaqirasiz prokuraturaga Kosonning hokimini, Qarshining hokimini, Nishonning hokimini, Mirishkorning hokimini, xo‘pmi?” – deydi Shuhrat G‘aniyev prokuratura mas’uliga qarab.
U Kasbi tuman hokimi To‘xtamurod Meyliyev bergan ma’lumotni prokuraturadan odam yuborib tekshirtirishini aytadi. Navoiy viloyati Xatirchi tumani rahbariyatini “jinni” deb ataydi. Past Darg‘om tumani hokimining esa “miyasini joyiga tushirish” kerakligini ta’kidlaydi.
G‘aniyev yuvolyutsiyasi?
Yo‘q, Shuhrat G‘aniyev o‘sha-o‘sha, u faqat o‘zi boshqarayotgan – na sovetcha, na bozor tamoyillariga asoslangan, favqulodda gibrid richaglar bilan boshqarayotgan qishloq xo‘jaligi sohasida birqancha hokimlar “pripiska”ni haddan oshirib yuborishganidan noliyapti. “Insof bilan-da” deyapti...
Ikkita stulda o‘tirish
Ma’lumki, birvarakayiga ikkita stulda o‘tirishga urinish ko‘pincha jismoniy jarohatlarga olib keladi. Jamiyatlar o‘ziga iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalish tanlashida “ikkita stulda o‘tirish”ga urinishi esa albatta (ko‘pincha emas) katta iqtisodiy-ijtimoiy yo‘qotishlarga olib keladi.
Xususiy mulkchilik va qonun ustuvorligiga asoslanmish bozor iqtisodiyotiga o‘tmoqchimizmi, demak, tugal o‘tmog‘imiz kerak, shunda u – bozor iqtisodiyoti samara keltiradi. Yarimsovetcha ma’muriy uslublarga tayanib, zamonaviy bozor iqtisodiyotini orzu qilish – o‘z-o‘zni aldash, sarobga qarab yurish, barcha turdagi resurslarni zavolga uchratish.
Anaxronizm
Shuhrat G‘aniyevni yig‘ma personaj sifatida qabul qilsak bo‘ladi – uning iqtisodiyotga nisbatan munosabati – aynan mumtoz sovetcha munosabat: ma’muriy majburlash, “chora ko‘rish”, urushish, haqorat qilish, qo‘rqitish. Bunaqa boshqaruvda “pripiska” va boshqa – bozorga xilof unsurlar gullab-yashnashi tabiiy!
Zotan, bu toifa mansabdorlar bizni oldinga emas, orqaga tortadi, zudlik bilan ildam harakat qilishimiz kerak bo‘lgan davrda ortga qarab “yurishimizni”, ikki stulda o‘tirib, zamon va makon kengligida muallaq turib qolishimizni ta’minlaydi. 21-asr – shiddatli tezliklar davri. Shunday zamonda muallaq turish – o‘ta xavfli holat.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
11:26
Tuman va shaharlar hokimliklariga qo‘shimcha ma’muriy vakolatlar beriladi
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
07:35 / 20.12.2024
Qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
14:06 / 12.12.2024