O‘zbekiston | 07:31 / 06.07.2023
9214
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallashi kutilmoqda

Germaniyaning Fruchtportal ixtisoslashgan yangiliklar portalida “O‘zbekiston joriy yilgi mavsumda yangi o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

EastFruit tahliliy platforma ma’lumotiga tayanib aytilishicha, O‘zbekiston 2023 yilda o‘rikning rekord hosilini yig‘ib olishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, o‘rik eksporti hajmining o‘sishiga va mamlakatning ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha jahon yetakchilari safiga qaytishiga yordam beradi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda mamlakatda o‘rik narxi tarixan past darajada. Bundan past ko‘rsatkich koronavirus pandemiyasi tufayli eksport vaqtincha to‘xtatilgan 2020 yilda qayd etilgan.

EastFruit mutaxassislari fikriga ko‘ra, mavsumning dastlabki ikki oyida O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha rekordni takrorlashga muvaffaq bo‘ldi va 40 ming tonnaga yaqin mahsulotni tashqi bozorlarga sotdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,4 baravarga ko‘pdir.

Shuningdek, O‘zbekiston mavsum davomida kamida 65-70 ming tonna o‘rikni tashqi bozorlarga sotishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Ma’lum sharoitlarda eksport hajmi hatto 75 ming tonnadan oshishi ham mumkin.

O‘zbekiston mavsum yakuni bo‘yicha jahon bozorida yangi o‘rik eksporti reytingida ikkinchi o‘rinni egallashi, avvalambor, 2023 yilda Italiya va Ispaniyada o‘rik hosili kutilganidan ancha kamligi va so‘nggi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past ekani bilan bog‘liq.

O‘zbekistonda o‘rik mo‘l hosilligini inobatga olgan holda, EastFruit mutaxassislari mamlakat quritilgan o‘rik mevalari ishlab chiqarishni ko‘paytirishi va mavsum davomida ushbu bozorga ham bosim o‘tkazishini taxmin qilmoqda.

Mavzuga oid