O‘zbekiston | 17:37 / 08.07.2023
13471
6 daqiqa o‘qiladi

«Bir piyola suv» – qidirganimiz qarshimizdaligini anglatuvchi hikoya

Ko‘pincha qarshimizdagi, yonimizdagi yoxud ortimizdagi o‘zimiz muhtoj bo‘lib turgan omilni ko‘ra olmay, uzoqlardan qidiramiz, sarson bo‘lamiz. 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ba’zan aniq maqsadlarimizdan chalg‘ib qolamiz. Yo‘qotilgan vaqt, boy berilgan umrning badalini to‘lashga majbur bo‘lamiz. Ayni shu kabi haqiqatlar Ulug‘bek Hamdamning «Bir piyola suv» hikoyasidagi bosh qahramon timsolida ifoda etilgan.

Syujyet:

Bir arava yukni shom mahaligacha aniq manzilga yetkazish vazifasini zimmasiga olgan yo‘lovchi sahro bag‘rida yo‘lga chiqadi. Biroz muddat yurgach chanqaganini sezadi. Uning butun vujudini chanqoq qondirish hissi qamrab oladi. Tevarak-atrofga javdiray boshlaydi. 

Nihoyat bir karvonsaroyga duch keladi. Qarasa karvonsaroy eshigi yonida bir qiz uni ichkariga chorlab turibdi. Kiradi. Karvonsaroy o‘rtasida bir quduq bo‘lib, chetida piyolasi turgan ekan. Yo‘lovchi bir piyola muzdek suvni rohatlanib ichadi. Ichishga ichadi-yu, haqini to‘lamoqchi bo‘lib qarasa, turnaqator navbatda turgan odamlarni ko‘rib hang-u mang bo‘ladi. 

Noiloj navbatga borib qo‘shiladi. Navbati yaqinlashib borgani sari chanqay boshlaydi. Yana borib bir piyola suv ichishga majbur bo‘ladi. Qaytadan navbat oxiriga turadi. Bu hol bir necha marotaba takrorlanadi. Nihoyat navbati yetib kelgan chog‘ yo‘lovchi o‘zining qartayib qolganini ko‘rib hayratlanadi. Ammo karvonsaroyga chorlagan ayol yosh va o‘zgarmagan edi. 

Afsus va nadomatlar bilan aravasining yoniga chiqadi-da, arava ustini ochadi. Ne ko‘z bilan ko‘rsaki, aravaning ichida ko‘za-ko‘za suv turgan bo‘ladi...

Tahlil:

Ulug‘bek Hamdamning «Bir piyola suv» hikoyasi neomifologizm yo‘nalishida yozilgan bo‘lib, hikoya ramzlarga va majozlarga boy hisoblanadi. 

Asarning asosiy g‘oyasi insonning butun umr tashqaridan qidirgan narsasining o‘zida borligi va buni payqamasligidir. 

Hikoyadagi qahramonimizning na ismi, na uning tarjimayi holi ochiqlangan. Zero, bu muhim ham emas. Unga topshirilgan va ado etishi zarur bo‘lgan vazifasi muhim. Vazifa bajarilishi uchun belgilangan vaqt muhim: shomga qadar bo‘lgan muddat. Biz inson tug‘ilishini subhga, o‘lishini esa shomga qiyoslaymiz. O‘rtadagi vaqt oralig‘i umr. Shunday ekan, fikrimcha, hikoyada tongdan shomgacha bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan yo‘l – umr. Qahramonimiz hech narsaga chalg‘imay, sobit qadam bilan bu umrni to‘g‘ri va oqil holatda bosib o‘tishi uning asl vazifasi hisoblangan.

Inson tug‘ilibdiki, yashayaptiki, u nafas olyaptiki, o‘ziga yarasha ehtiyoji, istagi, orzusi bo‘ladi. Har bir odamning ehtiyoji ham, istaklari ham qanchalik zaruriyligi, qanchalik muhimligi bilan farqlanadi. Inson irodasi orzu-istaklarini qay darajada jilovlay olishi bilan sinaladi. Qahramonimiz chanqadi. Tabiiyki, unda suv ichishga bo‘lgan ehtiyoj, istak paydo bo‘ldi. Endi bu istak uning butun vujudini, o‘y-xayolini qamrab oladi. Nima qilib bo‘lsa ham uni qondirishi kerak. Uning istagi – suv. Demak, suv bu yerda orzu-istak ramzidir. 

Adabiyotda ayol kishi makr, aldov, chalg‘ituvchi dunyo, chorlov ramzi bo‘lib kelishi ma’lum. Yozuvchi ham ushbu hikoyasidagi karvonsaroy eshigi yonidagi qizni makr timsolida ko‘rsatgan. 

Yo‘lovchi bir piyola suvga yetishdi va shu bilan uning ehtiyoji qondi. Inson zotining har bir erishajak istagi evaziga to‘laydigan badali ham bo‘ladi. Bu badal ba’zan yengil, ba’zan esa aksincha. Ayrim kichik istaklar uchun butun umrni tikib yuborganimizni ham sezmay qolamiz ba’zan. Qahramonimiz ham bu safar shunday og‘ir badal qarshisida qoldi. U ichgan bir piyolagina suvi uchun tilloga teng vaqtini sarflashiga to‘g‘ri keldi. 

Eng alam qilgani — umri evaziga ichib chiqqan bir piyola suvi yuz barobar ortig‘i bilan o‘zida mavjud edi. Qahramonimizda yetishmagan ozgina ahamiyat, ozgina e’tibor sabab u vazifasini uddalay olmadi. Dog‘da qoldi. Aslida, hammamizda ham ushbu holat ko‘p sodir bo‘ladi. Oldimizga qandaydir (u xoh katta bo‘lsin, xoh kichik) maqsadni qo‘yamizda, u tomon ildamlaymiz. Yo‘ldagi arzimas to‘siq, arzimas sabablarga yoki majburiyatlarga chalg‘iymiz va bu orada maqsadimiz mohiyatini yo‘qotib qo‘yamiz. 

Hikoyani keng va tor holatda tahlil qilish mumkin:

Keng: Insonga umri davomida to‘g‘ri yashash vazifasi tug‘ilganidan topshiriladi-yu, ba’zan chalg‘ishlar sabab odamzot to‘g‘ri yo‘ldan adashadi. Qayta to‘g‘ri yo‘lga tushganda esa umr karvoni o‘z manziliga yetib bo‘lgan bo‘ladi. 

Tor: Kishi o‘z oldiga maqsad qo‘yadi. Unga tomon harakat qiladi. Ammo arzimas yoki arzirli sabablar bilan maqsadi yo‘lidagi harakatlari zoye ketadi.

Umrimiz davomida yon-verimizdan ortig‘i bilan topishimiz mumkin bo‘lganlariga ahamiyat bermasdan uzoqlarga ko‘z tikamiz. Uzoqlarga intilamiz. Ortimizdagi baxtni, omadni, istaganimizni befarqligimiz sabab payqamaymiz. bu hayotiy masala hamisha bo‘lib kelgan, bo‘lyapti ham, bundan keyinam bo‘ladi. «Bir piyola suv» zamon tanlamaydi, makon tanlamaydi, odam ham tanlamaydi. Hikoya qahramonidagi kamchilik barcha tirik jonda mavjud. 

Gulasal Qodirova

Mavzuga oid