O‘zbekiston | 09:27 / 08.07.2023
10072
2 daqiqa o‘qiladi

Iyul oyida anomal issiq kutilmayapti - «O‘zgidromet»

Joriy yilning iyul oyi o‘rtacha issiq ob-havo bilan boshlandi. Kunduz kunlari havo harorati +37...+39 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +41...+43 darajagacha ko‘tarildi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, 3-4 iyul kunlari Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin havo massasi kirib kelishi hisobiga issiq pasaya boshladi va haftaning katta qismida havo harorati +31...+36 daraja bo‘lgan qulay qiymatlarda saqlandi. Eng chekka janubiy hududlarda ham kunduzgi harorat +39 darajadan yuqori bo‘lmadi.

6-7 iyul kunlari respublikaning bir qator tumanlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘di va momaqaldiroq kuzatildi.

9-10 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib keladi va harorat ko‘tarila boshlaydi.

Issiq ob-havoning cho‘qqisi 11-13 iyul kunlariga to‘g‘ri keladi. Kunduzi havo harorati +39...+42 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +43...+45 darajagacha ko‘tariladi.

Biroq bu issiq davr uzoq bo‘lmaydi. 13 iyuldan respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga, 14 iyuldan barcha hududlarga, bu safar Kavkazdan salqinroq havo kirib kelishi kutilmoqda. Harorat foni +3...+5 darajaga pasayadi. Haroratning eng sezilarli pasayishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kuzatiladi, bu yerda havo harorati +5...+7 darajaga pasayadi.

So‘ng iyul oyining oxirigacha haroratni qisqa muddatga ko‘tarilishi kuzatiladi, lekin sinoptiklar ushbu iyul oyida anomal issiq kutmayapti.

Toshkentda 1997 yil 18 iyul kuni havo haroratining mutlaq maksimumi kuzatilgan, bunda harorat +44,6 darajani tashkil etgan. Bu qiymatga yaqin harorat 1881 yil 6 iyulda (+44,1 daraja) va 1983 yil 30 iyulda (+44,5 daraja) qayd etilgan.

Mavzuga oid