Jahon | 14:57 / 11.07.2023
13123
8 daqiqa o‘qiladi

«Titan»ning sirli halokati: batiskaf korpusi muddati o‘tgan mahsulotdan yasalgan bo‘lishi mumkin

Bir asrdan oshiq vaqt muqaddam ummonga g‘arq bo‘lgan afsonaviy «Titanik» kemasining 3800 metr tublikdagi qoldiqlariga sayohat uchun yo‘lga chiqqan «Titan» batiskafi halokatga uchradi. Suvga tushganidan ikki soatga yaqin vaqt o‘tib «ona kemasi» bilan aloqani yo‘qotgan suvosti kemasi keyinchalik suv tubida portlab ketgani ma’lum bo‘ldi.

Batiskaf halokatidan beri ikki hafta o‘tdi, ammo halokat haqidagi turli taxminlar tarqalishdan to‘xtamayapti. Jurnalistlar ushbu batiskafga aloqador har qanday odamdan halokat sabablarini surishtirmoqda.

Muddati o‘tgan mahsulot

Washington Post nashri halokatga oid shov-shuvli ma’lumot e’lon qildi. OceanGate kompaniyasi bosh direktori, halokatga uchragan batiskaf ichida bo‘lgan Stokton Rash jurnalist Arni Vaysmann bilan suhbatda «Titan»ni yasashda muddati o‘tgan mahsulotdan foydalanganini tan olgandi.

Rash Travel Weekly jurnali bosh muharriri Arni Vaysmann bilan halokatdan biroz avval gaplashgan. Qizig‘i, Vaysmann ham halokatga uchragan batiskaf ichida bo‘lishi mumkin edi. Avvaliga jurnalist may oyidagi ekspeditsiyada ishtirok etishga rozi bo‘ladi, ammo yomon ob-havo sabab bu sayohat amalga oshmaydi. Iyun oyidagi keyinchalik halokatga uchragan ekspeditsiyada esa jurnalist rejalari o‘zgarib qolgani sabab ishtirok eta olmaydi.

Arni Vaysmann WP muxbiri bilan suhbatda «Titan» halokatidan biroz avval Stokton Rash bilan gaplashganini aytgan. Uning eslashicha, Rash suhbat davomida Boeing kompaniyasidan «samolyotlarda foydalanish uchun muddati o‘tgan» uglerodli tolani «yaxshi chegirma bilan» sotib olganini aytgan. Vaysmann bu muammo tug‘dirmaydimi, deb so‘ragan. Rash esa hammasi joyida ekanini aytgan.

Stokton Rash va Arni Vaysman «Titan» batiskafi ichida. Foto: Travel Weekly

«Afsuski, uning xarakteri shunaqa. Odamlar bu harakati uchun haqli tarzda tanqid qilishadi. Chunki u qilgan ishiga javob berishi kerak», deydi bu haqda jurnalist.

«Titan»ni ummondan olib chiqqan «Odissey»

Batiskaf halokatga uchragani ma’lum bo‘lgach, uning qoldiqlarini olib chiqish ishlari boshlandi. Buning uchun esa masofadan turib boshqariluvchi «Odissey» batiskafi jalb qilindi. «Titan» qoldiqlari Atlantikaning 3600 metr tubida, «Titanik» qoldiqlaridan 500 metr uzoqlikdan topildi.

Qutqaruv operatsiyasida qatnashgan «Odissey» batiskafi.
Foto: PELAGIC RESEARCH SERVICES

AQSh okeanografiya instituti ilmiy xodimi Endi Bouenning so‘zlariga ko‘ra, «Titan» qoldiqlarini olib chiqish uchun qutqaruvchi batiskafni suv yuzasidagi kemaga tross yordamida bog‘lashgan. Shuningdek, trossni suv ostidagi qoldiqlarga bog‘lash uchun robot jalb qilingan. Bouen bunchalik chuqurlikdan batiskaf qoldiqlarini olib chiqish juda murakkab vazifa ekanini aytgan.

Videoo‘yinlar uchun pult

Halokatga uchragan «Titan» videoo‘yinlar uchun mo‘ljallangan Logitech F710 pultida boshqarilishi ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. 2010 yil ishlab chiqarilgan va blutuz orqali ishlaydigan bunday pultni internet do‘konlarda 30 dollarga sotib olish mumkin.

Stokton Rash «Titan» boshqariladigan pultni ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, batiskafda oddiy qurilish quvurlaridan ballast sifatida foydalanilgan, kema ichi esa oddiy kompyuter displeylari bilan jihozlangan.

Mikroyoriqlar

Ummon tubida halokatga uchragan batiskafni ko‘zdan kechirgan ekspertlarning aytishicha, uning korpusida bir nechta mikroyoriqlar aniqlangan. «Titan» korpusi esa katta ehtimol bilan yuqorida aytilgan Boeing’dan arzonga sotib olingan va samolyotlar foydalanish uchun muddati o‘tgan uglerodli toladan yasalgan. Plimut universiteti dotsenti Yasper Grem-Jons bu yoriqlar «Titan» ko‘p marta foydalangani sabab paydo bo‘lganini taxmin qilgan. Batiskaf har safar suvga tushganida yoriqlar ko‘payib borgan. Aynan yoriqlar sabab batiskaf korpusi suv ostidagi katta bosimga dosh bermagan bo‘lishi mumkin.

Dosentning taxminicha, halokatga elektr nosozlik, korroziya, yong‘in yoki har qanday suv sizishi sabab bo‘lishi mumkin edi. Grem-Jons yoriqlar batiskaf korpusining materiali «charchagani», ya’ni urinib qolgani sabab yuzaga kelganini aytgan.

«Titan» so‘nggi sho‘ng‘ishga yo‘l olmoqda. Foto: AP

«Mikroskop ostida batiskaf materiali urinib qolgani, shuningdek, yoriqlar yo‘nalishini ham ko‘rish mumkin», degan olim.

Ma’lumot uchun, «Titanik» cho‘kkan 3800 metr chuqurlikda bosim 400 atmosferani tashkil qiladi. Bu taxminan bir kvadrat dyuymga 2,7 ming kg bosim to‘g‘ri keladi degani.

Batiskaf korpusi aynan suv tubidagi dahshatli bosimga dosh berishi uchun maxsus datchiklar bilan jihozlangan kompozit tarzda yasalgan. Avstraliyalik mutaxassis Erik Fuzilning aytishicha, bu muhofazaga qaramay, batiskaf har qanday kichik nosozlik sabab 40 millisekund ichida portlab ketishi hech gap emas.

New York Times 2 iyul kuni e’lon qilgan hisobotida «Titan»ning afsonaviy «Titanik» kemasi tomon amalga oshirgan aksar ekspeditsiyalari muvaffaqiyatsiz chiqqani haqida yozgan. Unda aytilishicha, avvalgi sho‘ng‘ishlarda ishtirok etgan aksar sayyohlar «Titanik»ni ko‘ra olmagan. The Times nashri esa OceanGate «Titan»ning sho‘ng‘ishni amalga oshirgan urinishlaridan bekor qilinganlari ko‘pligini ma’lum qilgan.

Ogohlantirishlar e’tiborsiz qoldirilgan

«Titan»da yana boshqa ko‘plab xavfsizlik talablariga zid bo‘lgan kamchiliklar bo‘lgani aytilmoqda. Masalan, BBC batiskaf to‘laligicha tashqaridan bolt bilan mahkamlanganiga e’tibor qaratgan. Ya’ni, u bir amallab suv yuzasiga chiqib olganda ham odamlarni chiqarish uchun boltlar tashqaridan ochilishi kerak. Bunday holatda suv tubidan ko‘tarilgan ekipaj shunchaki havo yetmay o‘lib ketishi ham hech gap emas.

2018 yil Ocean Gate'ning dengiz operatsiyalari bo‘yicha direktori vazifasida ishlagan Devid Lokrij kema xavfsizlik bo‘yicha qo‘shimcha sinovlardan o‘tishi kerakligini aytib hisobot tayyorlagan. Unda aytilishicha, «Titan» ekstremal chuqurlikkacha tushganda ekipaj uchun xavfsiz bo‘lmay qoladi. Shuningdek, suvosti kemasining ko‘rish oynasi 1300 metr chuqurlikkacha ishlash imkonini berishi ta’kidlangan.

Bu hisobotidan keyin kompaniya Devid Lokrijni ishdan bo‘shatadi. O‘sha yili Amerika dengiz texnologiyalari jamiyatining 38 nafar a’zosi OceanGate rahbari Stokton Rashga suvosti kemasi xavfsiz emasligi haqida xat yuboradi.

Xavfsizlik talablarini yoqtirmagan Rash

OceanGate tadqiqot kompaniyasi rahbari, «Titan» bilan halokatga uchragan Stokton Rash o‘z chiqishlari davomida ko‘p marta xavfsizlik talablari ko‘pligi innovatsiya uchun to‘siq bo‘lishini aytib kelgan. Uning fikricha, turli standartlar kemalar klassifikatsiyasi jarayonini sekinlashtiradi. «Titan» suvosti kemasi mana shunday tegishli klassifikatsiya olmagan.

Uning bortida suvga sho‘ng‘igan sayohatchilar batiskaf davlat tomonidan berilgan hech qanday litsenziyaga ega emasligidan ogohlantirilgan. «Titanik»ni ko‘rish uchun har biri 250 ming dollar to‘lagan sayyohlar suv tubida sodir bo‘ladigan har qanday ko‘ngilsizlikni o‘z gardaniga olgan holda suvga tushayotgani haqida tilxat yozib bergan. Ammo kompaniya saytida «Titan» korpusi juda mukammal qilib yasalgani, u yetarlicha xavfsiz ekani aytilgan.

Mavzuga oid