O‘zbekiston | 08:29 / 12.07.2023
3600
2 daqiqa o‘qiladi

Masdar O‘zbekiston gidroenergetika sohasida yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini ko‘rib chiqyapti

Toshkent shahrida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Birlashgan Arab Amirligining Masdar kompaniyasi bosh operatsion direktori Abdulaziz Alobidli o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Unda ta’kidlanganidek, joriy yil 7-10 may kunlari Abu-Dabiga tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Masdar kompaniyasining O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarini 10 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha birlamchi kelishuvga erishilgan.

Ushbu maqsad ro‘yobi uchun joriy yil 17 may kuni YeTTB boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Masdar kompaniyasi o‘rtasida 500 MVt quvvatli shamol va umumiy quvvati 2150 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari loyihalarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Shuningdek, kompaniya investitsiyalar hajmini 10 milliard dollarga yetkazish maqsadida gidroenergetika sohasida yirik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Uchrashuvda mavjud loyihalarni amalga oshirish doirasida Samarqand va Jizzax viloyatlarida umumiy quvvati 440 MVt va Surxondaryo viloyatida 457 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari, Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishini jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

Qashqadaryo viloyatida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovida g‘olib chiqqan Masdar kompaniyasi endilikda loyiha doirasidagi ishlarni jadallashtirishi lozimligi aytib o‘tildi.

Mavzuga oid