O‘zbekiston | 14:47 / 15.07.2023
8515
4 daqiqa o‘qiladi

TDIUda “Turizm: Fan va xorijiy amaliyot integratsiyasi” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi

Foto: TDIU

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga 2019 yildagi tashrifi davomida kelishuvlar doirasida O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi tashabbusi bilan mazkur davlat tajribasini kengroq o‘rganish, unda tegishli soha mutaxassislarining tajriba orttirishlarini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti mutaxassislaridan iborat ishchi guruh 2022 yilning 15-19 centyabr kunlari xizmat safarida bo‘lgan edi.

Xizmat safari davrida IHG (Intercontinental Hotels Group) mehmonxonalar tarmog‘ining Yaqin Sharqdagi mintaqaviy idorasi bilan bevosita muloqotlar qilinib, mazkur mintaqadagi mehmonxonalarda universitetning Xalqaro turizm fakulteti talabalarini 6 oygacha bo‘lgan davrda amaliyotlarini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki “Intercontinental Hotels Group” mehmonxonalar tarmog‘ida xonalar soni bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya deyarli 100 ta mamlakatlardagi 6000 dan ortiq mehmonxonalarga ega.

“CROWNE PLAZA DUBAI MARINA” mehmonxonasi Dubaydagi qulay, nufuzli joylashuvi bilan ahamiyatli bo‘lib, samarali biznes va maroqli dam olish uchun ideal mehmonxona sifatida mashhur. Mehmonxona ishbilarmon sayohatchilar uchun ko‘plab uchrashuvlar va tadbirlarni o‘tkazishda qulay imkoniyatlarga ega. 

Yuqorida ta’kidlangan hamkorlik memorandumiga asosan Xalqaro turizm fakulteti talabalaridan 16 nafari joriy yilning may oyida Birlashgan Arab Amirliklarining nufuzli mehmonxonalarida 6 oylik amaliyot o‘tash uchun Dubay shahriga yuborilgan.

Amaliyot davomida talabalarga turar joy, oziq-ovqat, transport va sug‘urta xarajatlari “Crowne Plaza Dubai Marina” mehmonxonasi tomonidan qoplanayotganini, shuningdek, talabalarga oylik maosh ham to‘lab borilayotganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Mazkur hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda 2004 yildan buyon Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa Yaqin Sharq davlatlarida faoliyat yuritib kelayotgan, Dubay shahridagi “Crowne Plaza Dubai Marina” mehmonxonasi direktori, hamyurtimiz Rihsibay Tursunov yaqindan yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Bundan tashqari, hamyurtimiz Rihsibay Tursunov muallifligida ingliz tilida chop etilgan “Amazon” va boshqa onlayn savdo tarmoqlarida “Best seller” bo‘lgan “Be the change in the hospitality industry” nomli kitobi universitet bilan hamkorlikda o‘zbek tilida (Mehmondo‘stlik sanoati) chop etildi.

Joriy yilning 14 iyul kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Madaniyat saroyida “Crowne Plaza Dubai Marina” mehmonxonasi bilan imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasi, shuningdek, muallif ishtirokida “Mehmondo‘stlik sanoati” (Be the Change in the Hostipality industry) kitobining o‘zbek tilidagi nashri bo‘yicha taqdimot marosimi o‘tkazildi.

Marosimda O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchisi A.Akkulov, O‘zbekistonning Dubay shahridagi Bosh konsuli A.Salomov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Konferensiya yakunida Birlashgan Arab Amirliklarining nufuzli mehmonxonalarida universitet talabalarini amaliyotga yuborish bilan bog‘liq istiqbolli vazifalar belgilab olindi.

Mavzuga oid