Jahon | 08:59 / 16.07.2023
16821
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston hukumatida qator iste’folar amalga oshirildi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rnida ikki vazirlik tashkil etilgan.

Foto: turkmenportal.com

Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov respublikaning davlat apparatini qayta shakllantirishga jiddiy kirishdi, deb xabar bermoqda mahalliy OAV. Xususan, Berdimuhamedov mamlakat qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligini tarqatib yuborgan hamda uning negizida ikkita idora: Qishloq xo‘jaligi va Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirliklarini tashkil etgan.

Davlat rahbari faoliyatidagi jiddiy kamchiliklari uchun Allanur Altiyevni tugatilgan Qishloq o‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Toshhovuz viloyati hokimi Nazarmirat Nazarmirodov Turkmanistonning yangi qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlandi.

Parlamentning atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni boshqarish va agrosanoat kompleksi qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Chorigeldi Boboniyazov esa mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri etib tayinlandi.

Bundan tashqari, 2023 yilning birinchi yarmidagi faoliyatida kamchiliklar aniqlangani sababli Turkmaniston energetika vaziri Hojimuhammad Rajabmurodov, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Gulmirat Agamirodov, Davlat tovar-xomashyo birjasi raisi Begench Charev va «Turkmankimyo» davlat konserni raisi Niyazli Niyazliyev vazifasidan ozod etilgan. Ularning o‘rniga yangi mansabdorlar tayinlangan.

Hukumatda agrasanoat majmuiga rahbarlik qilgan bosh vazir o‘rinbosari Annageldi Yazmiradov salomatligiga ko‘ra lavozimini tark etgan. Yazmiradov, shuningdek, Orolni asrash xalqaro fondi boshqaruv kengashi a’zoligidan ham chetlatilgan.

Bundan tashqari, Berdimuhamedov mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Yazguli Mammedovni ishdan olgan. Mammedov bu lavozimda 2018 yildan buyon ishlab kelayotgandi. U bilan birga Germaniya, Gurjiston va Tojikistondagi elchilar ham ishdan ketgan.

Mavzuga oid