O‘zbekiston | 00:19 / 18.07.2023
11354
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablariga kirish testlarini Kembrij mutaxassislari tuzgani tasdiqlandi

Angliyadagi tashkilot vakili mutaxassislar testlarni tuzishda savollarning takrorlanmasligini ta’minlashga intilganini aytdi. Ayni paytda, testlarning validligi bo‘yicha zarur ma’lumotlar hamda internetda tarqalib ketgan savollarga har ikki smenada berilgan to‘g‘ri javoblar ko‘rsatkichi hozircha ochiqlanmadi.

Foto: Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, prezident maktablariga kirish imtihonlarida Kembrij mutaxassislari bilan hamkorlik to‘xtatilgani haqidagi tasdiqlanmagan axborotga javoban, Cambridge University Press&Assessment tashkilotining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bosh maslahatchisi Stiv King tomonidan yo‘llangan rasmiy videoizohni taqdim etdi.

Stiv King uning tashkiloti O‘zbekistondagi prezident maktablariga qabul imtihonlarida 2019 yildan buyon ishtirok etayotganini aytib, bu hamkorlik “uzoq yillar davom etishi”ga ishonch bildirdi.

“Bu yilgi imtihonlarning 1-bosqichi uchun 8 ta turli xil variantlardagi savollar ishlab chiqildi. Bunda savollarning takrorlanmasligi va har smenada har xil savollardan foydalangan holda shaffoflikni ta’minlashga intildik.

Murojaatchilar bizdan bu yilgi prezident maktablari qabul imtihonlariga bizning ishtirokimiz yo‘qligi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritishimizni so‘rashdi. Bu xabarlar asossiz. Shuni ishontirib aytamanki, biz 2019 yildan beri, jumladan bu yil ham prezident maktablari qabul imtihonlarida qatnashmoqdamiz”, – dedi Kembrij ta’limni baholash tashkiloti vakili.

Stiv King uning tashkiloti mutaxassislari savollarni tuzishda ularning takrorlanmasligini “ta’minlashga intilgani”ni aytdi.
​​​​Foto: PTMA e’lon qilgan videodan kadr

Holat yuzasidan Kun.uz muxbirining xatiga javob yozgan Cambridge Assessment International Education tashkiloti O‘zbekistonda prezident maktablariga kirish imtihonlarida ishtirok etayotganini tasdiqlab, tushunmovchilikka sabab bo‘lgan holatga izoh berdi.

Unga ko‘ra, avvalgi yillardagi jarayonda tashkilotning qabul imtihonlaridagi testlar bo‘yicha departamenti – Admissions Testing Department ishtirok etgan. Bu departament bir vaqtning o‘zida ham Cambridge University Press & Assessment, ham Cambridge Assessment International Education tarkibiga kiradi. Endilikda esa bu masala bilan ushbu departament emas, bevosita Cambridge Assessment International Education'ning o‘zi shug‘ullanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, muhokama markaziga chiqqan asosiy masala – 15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezident maktablariga kirish imtihonlarining birinchi bosqichida 1-smenada tushgan savollarning 2-smenada ham takrorlangani haqidagi xabarlar edi.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi buni rad etdi. Agentlik tarmoq faollarining buni isbotlash uchun kerakli ma’lumotlarni ochiqlash haqidagi so‘rovini javobsiz qoldirmoqda.

Ta’lim eksperti Komil Jalilov 1-2-smenalarda test topshirganlarning ballari taqsimoti, o‘rtacha ballari, moda va medianalari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan test topshiriqlariga berilgan to‘g‘ri javoblar ko‘rsatkichini ochiqlashni so‘ragandi.

Mavzuga oid