O‘zbekiston tashqi siyosat vektori qanday shakllanishi kerak?
Muddatidan oldin prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev lavozimiga qayta kirishar ekan, tashqi siyosat va global voqeliklarga ham munosabat bildirdi. Xo‘sh, O‘zbekistonning keyingi 7 yilda tashqi siyosat vektori qanday bo‘ladi? Prezident ta’kidlagan “jahon miqyosidagi tarixiy davr nihoyasi” nima degani? “Geosiyosat”ning bugungi sonida shular haqida so‘z boradi.
Ko‘rsatuvimiz mehmonlari – siyosatshunoslar Farhod Tolipov, Kamoliddin Rabbimov, Sayfiddin Jo‘rayev va Sherzod Ziyoyev bo‘ldi.
— Yangi global tartibot sharoitiga moslashishda O‘zbekiston uchun asosiy prinsiplar qanday va qaysi faktorlarga asosan shakllanishi kerak?
Farhod Tolipov: Qanday prinsiplarga asoslanmasligi kerak, degan savol qo‘yishni ma’qul ko‘rardim. Ko‘p vektorli siyosat haqida gapiriladi bizda, sodda qilib aytganda, barcha davlatlar bilan bir xil munosabat degani. Masalan, AQSh, Fransiya kabi davlatlar ko‘p vektorli siyosat olib boradi, lekin bunga rasmiylari urg‘u berib gapirib yotmaydi. Keyin muvozanatni saqlash siyosati degan tushuncha ham ko‘paygan bizda. Akademik nuqtayi nazardan qarasak, buning ham iloji yo‘q. Chunki muvozanat tushunchasining siyosatdagi mezonlari qanday, qanday o‘lchash kerak, degan masala ochiq. Bu tushunchalarni bir ko‘rib chiqish kerak.
Oldin ham aytganimdek, zaif davlat kompleksi mavjud. O‘zbekiston ikkinchi yo uchinchi darajali davlat emas. Mustaqillikdan so‘ng ancha o‘zini tiklab tajribaga ega bo‘lgan davlat. Amerika kabi davlatlar O‘zbekistonga mintaqadagi «kalit» davlat deb qaraydi, ya’ni juda ko‘p narsa O‘zbekistonga bog‘liq. Shunday ekan, O‘zbekiston ham shu maqomga yarasha harakat qilishi kerak.
Sayfiddin Jo‘rayev: Ko‘p qirrali siyosat tushunchasi ham bor hozir. Rivojlanayotgan mamlakatlardan tashqari AQSh, Xitoy kabi davlatlarda ham shu masala bor. Rossiya ham bundan keyingi siyosatda qanday kirib boramiz jarayonga, degan masala qo‘ygan. Ya’ni bu narsa butun dunyoda bor hozir.
O‘zbekistonda bu ko‘p qirrali siyosatda ancha oldinlab ketgan jihatlar bor. Tashqi siyosiy ishlarda, munosabatlarda O‘zbekiston har qanday vaziyatda o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib siyosat olib boradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi siyosatda pragmatik yo‘l tutadi, ya’ni faqat ma’lum bir davlatlar bilangina munosabat qilmaydi. Holatlarda o‘z manfaatidan kelib chiqib qaror qiladi.
O‘zbekiston mintaqada tizim yaratishda muhim rol o‘ynaydi. Bizning tashqi va ichki siyosatdagi ishlarimiz boshqa qo‘shni davlatlarga ham ta’sir qiladi. Masalan, so‘nggi vaqtlardagi Markaziy Osiyodagi chegara masalalari, suv masalalarida O‘zbekiston siyosati muhim bo‘ldi.
Kamoliddin Rabbimov: Ko‘p vektorli degan atama yoniga teng vektorli degan atamani ham qo‘shib ketgan bo‘lardim. Ya’ni Karimov davrida O‘zbekiston dixotomik siyosat olib bordi. Ya’ni Vashingtonga yaqinlashsa, avtomatik tarzda uning raqobatchilaridan uzoqlashardi, Moskvaga yaqinlashganda ham shunday. Oq va qora rangli bo‘linish. «Kimki O‘zbekistonga dumini ko‘tarsa, Vashington/Moskvaga dumini ko‘targan bo‘ladi» degan ibora ham bo‘lardi.
Tashqi siyosat milliy qadr-qimmatni ifodalashi kerak. Farhod aka aytgan gapga qo‘shilaman bu borada. Biz nega kimlardandir qo‘rqishimiz kerak? Davlatchilik qadr-qimmatidan kelib chiqib tashqi siyosat yuritish lozim. Bu yerda ham ziddiyatlar paydo bo‘ladi. Masalan, Ukraina masalasida O‘zbekiston ehtiyotkor. Mintaqaning eng yaqin ikki hamkori XXR va Rossiya. Geoiqtisodiy va geosiyosiy ziddiyat bor bunda ham. Turkiya bilan yaqinlik kuchaydi, bunga geomafkuraviy mushtaraklik, tarixan yaqinlik sabab bo‘ldi.
Tashqi siyosat – ichki siyosatning davomi. Agar ichki siyosatda milliy manfaatlarni to‘liq rasmiylashtiradigan tizim bo‘lsa, bu to‘laqonli tashqi siyosatda o‘z asosini topadi.
Sayfiddin Jo‘rayev: O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘rqish, hadiksirash yo‘q, menimcha. Bu borada yuqoridagi fikrlarga qo‘shilmayman. Balki boshida qandaydir vaziyatlar tufayli ehtiyotkorlik bo‘lgandi. Lekin so‘nggi yillarda bunday emas, masalan, Eron, Qatar, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar bilan aloqani oladigan bo‘lsak, manfaat bo‘lgani uchun bo‘lyapti, ya’ni qayerda manfaat bo‘lsa, o‘sha tomonga yo‘nalyapti. Bu degani oldinga intilish bor.
Kamoliddin Rabbimov: 2014 yilla Qrim anneksiyasi bo‘lganda, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga bir yilda ikki marta bayonot berdi. Islom Karimov MDH sammitida Putinga e’tiroz bildirib, tanbeh bergan edi, Qirg‘iziston prezidentiga ham tanbeh bergandi. Bugun esa ochiqcha Ukrainaga bosqinchilik urushi bo‘lyapti. 2014 yil bilan solishtirib qaralsa, hozirgi holatni geosiyosiy ehtiyotkorlik deb baholashdan boshqa variant yo‘q.
Sayfiddin Jo‘rayev: Rossiya – bizning eng katta savdo-iqtisodiy hamkorimiz. Rossiya va Ukraina urushini deb biz hamkordan ajrab qololmaymiz.
Kamoliddin Rabbimov: Rossiya va Qozog‘iston munosabatli ziddiyatli ekani ma’lum. Xo‘sh, Qozog‘iston bilan Ukrainadagi kabi holat bo‘lsa, biz nima qilishimiz kerak? Davlatning hududiy yaxlitligi borasida O‘zbekistonning fundamental qadriyati bor. Hozirgi Tashqi ishlar vazirligi ham buni bir necha bor ta’kidladi.
Sayfiddin Jo‘rayev: O‘zbekiston o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilishi kerak. Rossiyadagi Abxaziya va Obsetiyani O‘zbekiston haligacha tan olgani yo‘q hududiy yaxlitlik masalasida.
Sherzod Ziyoyev: O‘zbekiston tashqi siyosatida stereotip fikrlashlar bor. Allaqachon siyosiy imij yaratish kerak edi. Aniq manfaatlarga va aniq vazifalarni bajarishga xizmat qiluvchi tashqi siyosiy tizimni rivojlantirish ehtiyoji bor.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan dunyodagi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib qaror qabul qilishimiz kerak. Kamoliddin aytganidek, ichki siyosatning davomi bo‘lmadi tashqi siyosat.
— O‘zbekiston tashqi siyosatda qanday qilib katta kuchlar muvozanatini saqlashi kerak?
Farhod Tolipov: Muvozanatning o‘zi mavhum tushuncha, aytganimdek. Muvozanatni saqlab bo‘lmaydi, chunki xalqaro tizim juda murakkab. Qadim davr siyosatidan bugunga qadar ko‘rib chiqsak, bo‘lgan sulhlar, kelishuvlarning barchasi siyosiy o‘yinlar bo‘lib chiqqan. Demakki, muvozanatni kafolatlash qiyin masala. Bir tarafni tanlash kerak deyolmayman, lekin betaraf bo‘lish ham qaltis holat.
Agar BMTda aksar davlatlar Rossiyani qoralagan bo‘lsa, xo‘sh, haqiqat kim tarafida ? Shu vaziyatda biz betaraf bo‘laylik deb qotib qolishimiz kerakmi? Biz o‘zimining konsepsiyalarimizda BMTni ustuvor deb ko‘rsatganmiz. Xalqaro huquq milliy huquqdar usun bo‘lishini ta’kidlab kelamiz. Mintaqa doirasidagi muammolarda BMTda bayonot qilib murojaatlar qilganmiz. BMT Rossiyani qoraladi. Nimaga endi hamma narsani BMT bilan bog‘lab, eng mas’uliyatli paytda betaraf bo‘lib qolyapmiz? Qanday tushuntirish mumkin buni? Ochiq savol bu.
Sayfiddin Jo‘rayev: O‘zi bu muvozanat qanday o‘lchanadi? Mezonlari qanday? BMTni muvozanatni ta’minlovchi tashkilot deyish bir tomondan to‘g‘ri, lekin bir tomondan noto‘g‘ri. Deylik, Rossiyaga qarshi bir qancha qarorlar qabul qilindi. Lekin buning natijasi yo‘q, chunki tavsiyaviy xarakterga ega ular. Avval tashkilot faoliyatini qayta ko‘rish kerak. Masala bizning milliy manfaatlarga taqaladi yana.
— Bizning so‘nggi vaqtlardagi yaqin hamkorlarimiz AQSh, XXR, Rossiya, Turkiya kabi davlatlar. Ular bilan aloqalarni qanday shakllantirish kerak? Baribir bular o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘ladi-ku.
Kamoliddin Rabbimov: Keyingi 6 yilda O‘zbekiston eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori — Xitoy. Ikkinchi o‘rinda Rossiya. Bu davlatlar bilan iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy vaziyat bog‘liq. Rossiyada 3-4 mln muhojirlarimiz bor. Ular yuborgan kapital barqarorlashtiruvchi omil sifatida o‘ynaydi jamiyatda. Ammo possovet hududidagi davlatlarning hududiy yaxlitligiga tahdid qilgan davlat ham Rossiya. Rossiyaning imperiyachilik kayfiyati hech kimga sir emas.
O‘zbekistonning Rossiya bilan aloqalarida ikki muhim jihat bor: birinchisi Rossiyaga yutilmaslik, ikkinchisi butkul uzilib qolmaslik. Bu ikki omil o‘rtasida muvozanat qilish katta siyosiy mahorat talab etadi.
Xitoyga qaraganimizda bizning ko‘zga birinchi tushadigan shahar — Urumchi. Rasmiy doiralarda bu haqida aytilmaydi hali-beri. Xitoyning maqsadi — uyg‘urlarni etnik singdirib yuborish. Uyg‘urlar haqida gap ketar ekan, biz mustaqillikkacha bo‘lgan davrimizni eslashimiz kerak. Uyg‘urlarning assimilyatsiya bo‘lishi bizning milliy manfaatlarga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin hukumat aytolmaydi. Hatto 10 yillar oldin ayta olgan Turkiya ham bu borada jim. Umuman, musulmon dunyosi aytolmayapti. Xitoyning 1/5 qismini tashkil etuvchi Uyg‘uriston yo‘qotilsa, turkiy dunyo uchun misli ko‘rilmagan yo‘qotish bo‘ladi bu.
Markaziy Osiyo davlatlari oldida katta vazifa bor. Birinchidan, Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikni pastga tushirmaslik. Ikkinchidan esa XXR va Rossiyani tiyib turish mexanizmi haqida o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi. Globallashgan kelajakda chegaralar qat’iy bo‘ladi deb bo‘lmaydi, ular kengayadi yoki torayib boradi. Ammo bugun Markaziy Osiyo davlatlari tiyib turish masalasini kun tartibiga qo‘yolmaydi.
Sayfiddin Jo‘rayev: Har qanday davlatlar o‘rtasidagi aloqalarda asosiy shart ikkinchi tomonning ichki ishlariga aralashmaslik bo‘ladi. Olimlar, ekspertlar bu muammolarni o‘rganishi, ko‘tarib chiqishi mumkin. Lekin siyosiylashtira olmaymiz. Biz Xitoy bilan har tomonlama, manfaatlarimiz mos keladigan jihatlarda hamkorlikni rivojlantirishimiz kerak.
Rossiyada imperiyachilik siyosati yuritish uchun hech qanday yuridik asos yo‘q. Rossiya o‘z manfaatlarini himoya qilyapti bir davlat sifatida. O‘z maqsadlarimiz yo‘lida Rossiya imkoniyatlaridan foydalanishimiz kerak biz ham.
Sherzod Ziyoyev: Rossiya xavfi asosli, lekin O‘zbekiston diplomatiyasida ham ijobiy o‘zgarishlar bor. Salohiyatimiz yuqori. Bizda foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘ra bilib, aniq manfaatlarga yo‘naltirilgan siyosatni davom ettirish kerak. Rossiya o‘z siyosati ortidan o‘zi zarar ko‘ryapti. Bizning diplomatiya ham o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishi kerak. Diplomatik institutlarni rivojlantirish iqtisodiyot bilan bog‘liq, davlat legitimligi ham oshadi.
Sayfiddin Jo‘rayev: Ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik Markaziy Osiyo nuqtasida yuzaga keladi. Markaziy Osiyoda integratsiya kuchaysa, jipslashsa davlatlar, biz yutamiz. Shuning uchun ham O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo ustuvor. Beshala davlat uchun ham yaxshi bo‘ladi.
Farhod Tolipov: 2002 yilning mart oyida AQSh va O‘zbekiston strategik sheriklik to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilgan. U paytda Afg‘onistondagi operatsiyalar endi boshlanib, AQSh O‘zbekistonga harbiy baza joylashtirgan edi. O‘shanda Moskvadan do‘qqa o‘xshash signal keladi. Bunga javoban Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston mustaqil davlat, bunday qarorlarni o‘z manfaatiga ko‘ra qabul qiladi, deb javob bergan. Ko‘rsatadiki, o‘sha paytda O‘zbekiston tashqi siyosatda dadil bo‘lgan. 2005 yildan keyin vaziyat o‘zgarib, harbiy baza olib chiqib ketilishi kerak deydi O‘zbekiston. Andijon voqealaridan noto‘g‘ri xulosa chiqadi hukumat va AQSh bilan munosabatlar buziladi. AQSh ham O‘zbekistonga nisbatan ma’lum bir sanksiyalar e’lon qiladi. Aytmoqchimanki, tarixda shunday voqealar ham bo‘ldi, ya’ni o‘zgaruvchan xalqaro siyosat.
AQSh bugunga qadar Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosatini aniq ko‘rinishlarda ifodalab kelgan. Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligi , hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlaymiz, demokratik jamiyatni, bozor iqtisodiyotiga asoslangan iqtisodni rivojlantirishda ko‘mak beramiz, degan yondashuv bor AQShda. Na Rossiyada, na Xitoyda bunday strategiya yo‘q Markaziy Osiyoga nisbatan. AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi hujjat hali ham kuchda. Shuning uchun strategik sherik deb qarash kerak.
Sayfiddin Jo‘rayev: O‘zbekiston AQSh bazasini chiqarib yuborish voqealarida mo‘ljallangan harbiy harakatlar tugagan edi, lekin ular chiqib ketishni surib kelayotgandi. Ikki yildan keyin esa Afg‘onistondagi vaziyat yana o‘zgardi. AQSh qo‘shinlarini olib chiqish uchun sherik izlab yana O‘zbekistonga murojaat qildi. Harbiy texnikalar esa O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya orqali olib chiqib ketilgan.
So‘nggi vaqtlarda AQSh bilan hamkorlik kengayganini ko‘ryapmiz. Mintaqaviy xavfsizlik, hamkorlik borasida ham yangi harakatlar bo‘lyapti. Turli doiradagi hukumat vakillari o‘rtasidagi muzokaralar kuchayib bormoqda. Ikki tomon uchun ham manfaatli bu. AQSh kuchsizlanyapti, bu esa Markaziy Osiyoga boshqa davlatlarning ta’sirini kuchaytirib boradi, degan fikrlar ham bor. Aslida bunday emas. AQSh bilan munosabatlarda ham o‘z milliy manfaatlarimiz ustun ekanini ko‘ryapmiz.
Kamoliddin Rabbimov: AQSh va O‘zbekiston munosabatlari 2005-2009 yillarda sovuq bo‘ldi. AQSh tashqi siyosatida O‘zbekiston mintaqa bo‘yicha ham, possovet hududidagi davlatlar bo‘yicha ham muhim davlat hisoblanadi. Markaziy Osiyoda O‘zbekiston va Qozog‘iston tahlil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston davlatchilik qadriyatlari tomonidan, aholining etnik mansubligi tomonidan qulay davlat, deyilgan. AQSh O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan ijobiy munosabatda bo‘lishdan manfaatdor.
Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:24
“Vertolyotda kelib, ko‘zimizni bog‘lab olib ketishdi” - BAAda hibsga olingan o‘zbekistonlik
20:10 / 21.12.2024
Putinning Kiyevda duel taklifi va G‘arb bilan muzokaraga kirishgan Jo‘laniy - geosiyosiy hafta tahlili
20:15 / 17.12.2024
Blinken Yaqin Sharqda. AQShning Suriyadagi manfaatlari nimalar?
18:42 / 14.12.2024