O‘zbekiston | 15:44 / 20.07.2023
10353
14 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablariga qabuldagi ayrim holatlar yuzasidan izoh berildi

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev va boshqa mas’ullar prezident maktablariga kirish imtihonlarining ilk bosqichida savollarning takrorlangani haqidagi xabarlar va boshqa holatlar yuzasidan OAV vakillari savollariga javob berdi.

Foto: Xushnudbek Xudoyberdiyev

19 iyul kuni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligida OAV vakillari bilan muloqot tashkil etildi. Unda agentlik direktori Alisher Ubbiyev, Cambridge University Press & Assessment tashkiloti bosh maslahatchisi Stiv King (videoaloqa orqali) hamda Kun.uz, Daryo.uz muxbirlari, O‘zA direktorining o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev ishtirok etdi.

Uchrashuvda agentlik vakillari prezident maktablariga kirish imtihonlari bilan bog‘liq holatlar yuzasidan bir nechta savollarga javob berishdi. Kun.uz quyida berilgan izohlarni keltirib o‘tadi.

Stiv King: O‘zbekiston bilan ancha yillardan beri do‘stona aloqadamiz. 2019 yildan beri prezident maktablari bilan ishlab kelamiz. Cambridge University Press & Assessment Prezident maktablariga kirish imtihonlari tayyorgarligida ishtirok etgan. Biz dastlabki kirish imtihonlarini 2019 yilda o‘tkazganmiz. 2020 yilda pandemiya fonida birmuncha tanaffuslar bo‘lgandi. Lekin keyinroq, 2021, 2022 va 2023 yillardagi kirish imtihonlarini o‘tkazishda to‘liq qatnashishga muvaffaq bo‘ldik.

Kembrij bunaqangi baholashlarda 1858 yildan beri ishtirok etib keladi. Shunday ekan, biz test topshiriqlarini tayyorlash, uni tuzish bilan 165 yildan beri shug‘ullanamiz, bu borada tashkilotimizda katta tajriba mavjud. Biz uchun imtihonni xavfsiz va adolatli o‘tkazilishi katta ahamiyatga ega.

Men O‘zbekistonda ko‘p marotaba bo‘lganman va u yerdagi ota-onalar bilan suhbatlashganman. O‘zbek ota-onalari farzandlarini juda yaxshi ko‘radi va ularning muvaffaqiyat qozonishlarini istaydi. Shunday ekan, ularning imtihon qanday o‘tayotgani va uning atrofida bo‘layotgan voqealarga qiziqishi tushunarli.

Bizning tashkilotimiz juda katta hisoblanib, ko‘plab departamentlarga bo‘lingan. Bizda Cambridge Assessment Admission Testing, Cambridge University Assessment, Cambridge Assessment International education hamda tadqiqotlar olib boradigan bo‘limimiz ham mavjud. Shuningdek, ta’lim dasturlari bo‘yicha dunyo miqyosida turli hamkorliklarimiz bor.

Stiv King / Foto: Xushnudbek Xudoyberdiyev

Adashmasam, kecha bir holat yuzaga kelgan. Tashkilotimizning Manilladagi mijozlar bilan ishlaydigan jamoa vakillaridan biri Kembrij tashkilotining O‘zbekiston bilan ishlamasligini aytib, noto‘g‘ri javob bergan. Testlarni o‘tkazish bo‘yicha har yili jamoa tarkibi o‘zgarib boradi. Shunisi aniqki, Cambridge 2019 yildan beri [O‘zbekiston bilan] hamkorlikda ishlab kelmoqda.

Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos: Jamoatchilikda shunday versiya bor. Ya’ni birinchi bosqichdagi testlarda Cambridge tashkiloti qatnashgani yo‘q, lekin imtihon savollari bilan bog‘liq gap-so‘zlar paydo bo‘lgach, tezgina shartnoma yangilanib, "bizning shartnomamiz bor, biz qatnashyapmiz", – degan umumiy javob berishyapti. Xalqaro tashkilotning qatnashishi faqat 2-bosqichga taalluqlimi? Aynan mana shu testlar oldin aytilganidek Buyuk Britaniyada Cambridge tomonidan tuzilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri DTM (Bilim malakalarini baholash agentligi)ga yuborilganini tasdiqlay olishadimi?

Stiv King: Cambridge tashkiloti 2 ta bosqich imtihonda ham jalb qilingan. Bu borada tegishli shartnomalar qilingan.

Xushnudbek Xudoyberdiyev,: Tashkilotning bir nechta vakillari elektron pochta orqali [murojaat qilganlarga] 2-3 marotaba O‘zbekistondagi prezident maktablari imtihon jarayonida qatnashmayotganini ma’lum qilgan. Agar bu holat bir shaxs bilan yuzaga kelganida ham adashdi derdik. Shu sababli Stiv King haqiqatan prezident maktabiga kirish imtihonlarida ishtirok etayotganini o‘zining sahifalarida e’lon qila oladimi?

Stiv King: Fikrimizcha, bu unchalik ham muhim emas. Lekin biz rasmiy munosabat tayyorlab berishimiz mumkin. Shunga alohida e’tibor berilishi kerakki, bizning tashkilotimiz imtihon jarayonlariga to‘liq qo‘shilgan, bizning testlarimiz ishonchli ekanini ham alohida aytib o‘tmoqchiman.

Bu (rasmiy munosabat – tahr.) bo‘yicha o‘zim bir nima deyishim qiyin, matbuot xizmati bilan gaplashib, aniq javobini aytishimiz mumkin. Yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tishim kerakki, Cambridge bilan O‘zbekiston o‘rtasida do‘stona aloqalar mavjud, shu sabab mening so‘zim ham qandaydir kuchga ega deb hisoblayman.

Dilshoda Shomirzayeva, Kun.uz muxbiri: Savollar tashqariga tarqab ketganidan tashqari, mana shu test topshiriqlari ketma-ket boshqa smenalarda ham takrorlangani haqida gap-so‘zlar bor. Bunga agentlik qanday izoh bera oladi?

Alisher Ubbiyev, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori: 1-smenadagi savollarning 2-smenada to‘liq takrorlanishi mumkin emas. Bunday savollar tuzilmaydi. Rasmiy bayonotda ham aytildi, bu yil uchun 8 ta variant ishlab chiqildi. Har yili 10 dan ortiq variant ishlab chiqilar edi. Bu yili esa 8 ta bilan kifoyalandi.

Xushnudbek Xudoyberdiyev: Aniqlashtiruvchi savol bermoqchi edim. Bu yerda variantlar takrorlangani haqida gap ketmayapti. Ayrim savollar qayta tushib qolgan holatlari bo‘lganmi? Hech qaysi savol boshqa variantda, boshqacha o‘rinlarda, boshqacha ketma-ketlikda boshqa smenalarda tushmadi degan narsa bormi? Yoki bir qancha savollar bor, ular umuman boshqa variantlarda, umuman boshqa-boshqa formulalarda, joylarda tushgan deysizmi?

Alisher Ubbiyev: 1-smenada tushgan savollarning 2-3 tasi boshqa variantda tushganlik ehtimoli bor. Bunday narsa har yili bo‘ladi. Bu borada, baholash tizimi bo‘yicha Sardor aka batafsil ma’lumot beradi.

Sardor Rajabov, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining departament boshlig‘i: Variantlar Cambridge Assessment tomonidan tuziladi va bu borada ularning maxsus portali bor. Bu portalga bir nafar odamni tashkilotning o‘zi mas’ul qilib belgilaydi. Shu odamga login, parol beriladi. Shundan so‘ng bu odamning portalga kirish-chiqishi nazorat qilinadi. Qachon kirib, qachon ochgani, necha marta yuklab olgani – hamma ma’lumotlari ko‘rinadi.

Davlat test markazida qanday bo‘ladi? Bunda xodimlar yopiq rejimga kiradi. Test boshlanishidan oldin test tuzuvchilar kirmasidan turib, tipografiya rejimga kiradi. Shundan so‘ng testga [test savollarini olishga] "dostupi" bor odam [topshiriqlarni] yechib oladi. U yerda agentlikning vakillari ham bo‘ladi. Ammo u xodim variantni ochmaydi, unga tegmaydi. Shunchaki uni ko‘chirib oladi, diskka yozadi va dalolatnoma bilan ichkariga kirgizib yuboradi. Shundan keyin hamma narsa tozalanadi.

Agar [test topshiriqlari] 2-3 marta yechib olingan, [yuklangan] bo‘lsa, bu harakatlar Cambridge Assessment'ga ham ko‘rinadi, o‘sha vaqtda shikoyat xati ham yuboriladi. Shuning uchun shuncha yildan beri mana shunday tartibda o‘tkazib kelinmoqda.

Testning xavfsizlik masalasiga keladigan bo‘lsak, bu yerda ham katta test mexanizmi ishlaydi. Ya’ni test kiradi, chiqariladi, feldegerlik xizmatiga topshiriladi. Feldegerlik xizmati joylarga test boshlanishidan bir yoki yarim soat oldin olib borib beradi va u yerda ochib, qopning muhri bilan qabul qilib tarqatiladi. Yig‘ib olib kelinadi va natijasi o‘qilganidan keyin kalit qo‘yish jarayoni Cambridge Assessment tomonidan amalga oshiriladi. Ya’ni DTM bu jarayonlarga aralashmaydi.

Variantlardagi savollarning takrorlanishiga kelsak, to‘g‘risini aytaman, men uni ko‘rmaganman. Parallel test degan narsa bor. U qanday tuziladi? Struktura bo‘yicha birinchi savolda qanday savol turibdi. Testologiya nuqtayi nazaridan aytib o‘tyapman. Savol turgan bo‘lsa, uning ichidagi raqami yoki o‘sha savoldagi so‘ralayotgan narsa salgina o‘zgartirilib, parallel testlar tuziladi. Ya’ni testologiyada ko‘p variantli topshiriqlarda shu usul qo‘llanadi. Birinchi bosqichda aprobatsiyada bitta test formati o‘tkaziladi va keyin shunga parallel testlar tuziladi. Bir-biriga o‘xshash savollar deyilyapti, variantlar teng kuchli bo‘lishi uchun savol o‘xshamasdan iloji yo‘q. Struktura bo‘yicha bir xil turibdi.

Testologiya, aytyapman-ku, bu narsa bizning mentalitetimizga moslashmagan-da. Testologiyaning mezonlarida bolaning imtihonga kirib-chiqib, repetitorga aytib berishi, repetitor esa boshqa odamga yodlatishi yo‘q. Bu holat bizda bo‘lgani uchun ko‘p variantli test berilishining, bitta variantga o‘ta olmaganimizning asosiy sababi ham shu.

Xushnudbek Xudoyberdiyev: Imtihonni bir smenada bir nechta binolarda o‘tkazish mumkinmi, buni ko‘rib chiqsa bo‘ladimi?

Alisher Ubbiyev: Hozir Toshkent shahrini misol qilib keltiradigan bo‘lsak, imtihonlar 3 ta binoda: UzExpo markazining 4-paviloni, Atrum degan bino va Toshkent moliya institutiga qarashli oliy o‘quv yurtlararo sport majmuasi binosida 1 smenadan o‘tkazildi. Jami 3 440 nafarlik hajmga ega bo‘ldi.

Boshqa hududlarimizda ham, misol uchun, Andijonda ham ming kishilik katta bino, undan keyin yana ming kishilik binoni – umuman Andijondagi katta binolarni to‘liq olganmiz. Shu sonlardan kelib chiqsak, 1 smenaga sig‘dirishimiz juda qiyin. Lekin ba’zi hududlarimiz bo‘ldi, masalan, Sirdaryo, Navoiyni aytishim mumkin, u yerda talabgorlar soni oz bo‘lgani uchun 2 smena bilan tugata oldik.

Islombek Umaraliyev, Daryo.uz muxbiri: Yana bir muhokama bo‘lgan jihat: 4-sinflarga 8-sinf savoli tushgan deyilgan gaplarga qanday izoh bera olasizlar?

Dilshoda Shomirzayeva: Savolni to‘ldirmoqchi edim. Agentlikning rasmiy bayonotida Iroda Saibova keltirgan standartlar Milliy o‘quv dasturidan olingan. MO‘D va uning asosidagi darsliklarni joriy qilish 2021 yildan boshlangan. MO‘D asosidagi 1-sinf matematika darsligi 2021 yilda nashrdan chiqqan. Bu yil 4-sinfni bitirgan o‘quvchilar 2017 yildagi standartlar va shu standartlar asosidagi eski darsliklardan o‘qishgan. Test savollarining o‘quvchilar o‘qimagan standartlar asosida tuzilishi qanchalik to‘g‘ri?

Iroda Saibova, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi markaz direktorining o‘rinbosari: Variantlarning to‘g‘ri ekanini isbotlash, hozirgi gap-so‘zlarni asoslab berish uchun hech kim ko‘rishi mumkin bo‘lmasa ham bitta variantni olishga muvaffaq bo‘ldik. Undagi har bitta misolni qaysi darslik, 3-sinf bo‘lsa darslikka, standartga bog‘ladim. 4-sinf bo‘lsa, 4-sinfning darsligini ochib qaysi birida shunday o‘xshash misollar borligini ko‘rib chiqdik. Bu savollarni biz tuzmaganmiz, faqat chetdan ekspertiza qilyapmiz.

Cambridge ham bizning eski darsligimizdan olib savollarni tayyorlagan.

Alisher Ubbiyev: Xalqaro tashkilotdan 1-, 2-, 3-smenalarning [shu smenalarda qatnashgan bolalarning] o‘rtacha to‘g‘ri javoblarining soni haqidagi ma’lumotini oldim. 1-smenada 22 ming nafar bola ishtirok etgan bo‘lsa, ularning hammasiga 1 balldan qo‘yilsa, eng maksimali 30 bo‘ladi, eng kami 0 bo‘ladi. Shuning o‘rtachasini aytishim mumkin. Bu ball emas.

O‘rtacha javob berganlar ko‘rsatkichi:

1-smena – 16,3
2-smena – 13,3
3-smena – 11,4

***

Agentlik rahbari bir qator test savollarining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganini odatiy holat deb izohladi.

“Har yili bunday holatlar bo‘lgan. Tayyorlov kurslari bor, imtihonda qatnashgan ayrim bolalar chiqqanidan so‘ng otasiga, repetitoriga gapirib beradi. Bu yil ham bu narsa istisno bo‘lgani yo‘q. O‘tgan yil ham shunday bo‘lgandi. Bolalar esiga kelgan bir-ikkita savollarni aytib beradi”, – dedi Alisher Ubbiyev.

Testlarning validligiga oid ma’lumotlar va internetda tarqalgan savollarga har ikki smenada berilgan to‘g‘ri javoblar ko‘rsatkichlarini ochiqlash haqidagi savolga javoban esa, agentlikda bunday ma’lumotlar yo‘qligi, bu Kembrij vakolatidagi masala ekani aytildi.

Ma’lum qilinishicha, bu yil prezident maktablarining kirish imtihonlarida qatnashgan talabgorlarning soni o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshgan, 2022 yilda 41 ming nafarni tashkil etgan. 2023 yilda bu ko‘rsatkich 51 ming nafar deb qayd etildi. Andijonda eng ko‘p, 6 ming nafardan ortiq bola imtihonda qatnashish uchun hujjat topshirgan. Bu bir o‘quvchi o‘rni uchun 267 talabgor tanlovda ishtirok etgan degani. Ubbiyevga ko‘ra, Andijonda, umuman butun respublikada shuncha bolani sig‘dirib, 1 smenada imtihon o‘tkazish mumkin bo‘lgan bino mavjud emas. Shuning uchun ham Andijon, Farg‘ona va boshqa hududlardagi joylarning sig‘imidan kelib chiqib test bir nechta smenalarda bo‘lib o‘tgan.

“O‘tgan yili 2 smenada tashkil etilgan bo‘lsa, talabgorlarning oshgani tufayli bu yil 3 ta smenagacha ko‘tarishga majbur bo‘ldik”, – deydi Ubbiyev.

Suhbat so‘ngida mutasaddilar Cambridge University Press & Assessment tashkiloti bilan imzolangan shartnomani taqdim qilishdi. Unga ko‘ra, bu ikki tomonlama hujjat 2022 yil 23 maydagi bosh shartnomaga muvofiq 2023 yil 24 martda tuzilgan. Amal qilish muddati 2023 yil 31 dekabrgacha deb belgilangan.

Mavzuga oid