O‘zbekiston | 11:28 / 21.07.2023
4419
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «yashil» vodorod bo‘yicha loyiha avgust oyida boshlanishi rejalashtirilyapti 

Prezident avgust oyida O‘zbekistonda «yashil» vodorod ishlab chiqarish majmuasini qurishni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi, dedi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi Chirchiq shahrida mavjud ammiak zavodi negizida inshoot quradi. 

O‘zbekistonda «yashil» vodorod ishlab chiqarish majmuasini qurish avgust oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozyapti Gazeta.uz.

«Alohida yangi yo‘nalish - bu «yashil» vodorod. U Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi bilan muqobil energiya manbalaridan vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha kelishilgan loyihadir. [Prezident] avgust oyida ushbu loyihani ishga tushirish va ishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi», — dedi vazir. 

Yil boshida ACWA Power Energetika vazirligi va «O‘zkimyosanoat» konserni bilan ikkita shartnoma imzolagan, deb yozadi Zawya agentligi.

Ulardan biri doirasida Saudiya kompaniyasi «yashil» vodorod ishlab chiqarish majmuasini yaratishga sarmoya kiritadi. Inshoot Chirchiq shahrida mavjud ammiak zavodi negizida barpo etiladi. 

Kelajakdagi majmuaning loyiha quvvati yiliga 3 ming tonna vodorodni tashkil etadi. Xabar qilinishicha, uning ishga tushirilishi kimyo sanoatidagi uglerod tashlamalarini kamaytiradi va «iqtisodiyotni karbonsizlantirishga» yordam beradi. 

Bundan tashqari, ACWA Power ekologik toza ammiak ishlab chiqarishni tashkil qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u har yili 600 million kubometr gazni tejash va karbonat angidrid tashlamalarini 1,5 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi. 

Mavzuga oid