Jahon | 17:37 / 21.07.2023
19566
12 daqiqa o‘qiladi

Qrim ko‘prigiga hujum qilgan dengiz dronlari qanday qurol? Ko‘prik ulardan himoyalanmaganmi?

Qrim ko‘prigiga qilingan hujumdan keyin bu operatsiyani amalga oshirishda aynan qanday apparatlardan foydalanilgani jumboq bo‘lib qolmoqda. Portlashlar tunda sodir bo‘lgan, shuning uchun videoyozuvlar qolmagan. Hozir faqat shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bu dron yoki portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan ekipajsiz qayiqlar bo‘lgan.

Foto: U24.GOV.UA saytidan skrinshot

«Qrim ko‘prigiga tungi hujum Ukraina harbiy-dengiz kuchlari va Ukraina xavfsizlik xizmatining maxsus operatsiyasi bo‘lgan», deya xabar bergan BBC nashrining UXXdagi manbalari.

«Ko‘prikka suv usti dronlari bilan hujum qilindi. Ko‘prikkacha borish qiyin bo‘ldi, lekin oxir-oqibat buni uddaladik», deydi UXXdagi manba. Boshqarma boshqa tafsilotlarni keltirmagan.

Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi hujum «ikkita boshqaruvchisiz suv usti qurilmasi» tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Ochiq manbalarda qurilmalar xususiyatlarini juda taxminiy ravishda ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ikkita dalil mavjud.

Birinchisi, Mash telegram-kanali xabari bo‘lib, u o‘z ma’lumotlariga tayangan holda, dronlar suv mototsikllari asosida yaratilgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlagan.

«Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 145-tayanch ustun yaqinidagi hujum hududida suv mototsikllarining bo‘laklari topilgan. Ukraina qurolli kuchlari aynan ularni portlovchi moddalar bilan dronga aylantirishga o‘rgatilgan. Ular suv ustida faqatgina bir necha santimetrga ko‘rinib, nishonga deyarli suv ostidan boradi», deyiladi xabarda.

Ikkinchisi, ko‘prikka zarba berilishidan sal oldin taxminan Sevastopol yaqinida yozib olingan ikkita video. Rossiyaparast telegram-kanallar xabariga ko‘ra, 16 iyul kuni Sevastopolga avvaliga havo dronlari, keyin esa dengiz dronlari hujum qilgan. Ularning barchasi yo‘q qilingani aytilgan.

Videolardan birida qirg‘oq yaqinidagi suvda qora obekt harakatlanayotgani ko‘rinadi.

Ikkinchi videoda suv mototsikliga juda o‘xshash suv transporti aks etgan. Videoni tarqatgan Mash kanali ta’kidlashicha, bu ekipajsiz kater bo‘lgan. Rolikda suvda portlash sodir bo‘lgani ko‘rsatilgan, katta ehtimol bilan bu ushbu apparatning yo‘q qilinishi edi.

Ko‘prik jiddiy shikastlangan. Foto: AFP

«Kommersant» gazetasi keltirgan versiyalardan biriga ko‘ra, Qrim ko‘prigiga jami ikki marta zarba berilgan. Birinchi zarbada masofadan boshqariladigan gidrosikllar portlovchi moddalar bilan ko‘prikni zararlashga uringan, ikkinchi hujumda esa qo‘lbola apparatlardan emas, ancha mukammalroq jangovar qurilmalardan foydalanilgan.

Portlashlar suv yuzasida, ko‘prik ustunlari orasidan bir necha metr uzoqlikda sodir bo‘lgan va shu qadar kuchli bo‘lganki, temir-beton konstruksiyaga zarar yetkazgan. Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlar va OAVdagi muhokamalarda bunday shikast yetkazish uchun zarur bo‘lgan portlovchi qism miqdori haqida turli taxminlar yangradi, lekin hamma joyda bu bir necha yuz kilogramm, jumladan 500 kilogrammgacha bo‘lishi aytildi.

Zarbdor gidrosikl

Agar Mash kanali e’lon qilgan videoda ko‘ringan qurilma haqiqatan ham suv mototsikli asosida yaratilgan Ukraina qurolli kuchlari dengiz droni bo‘lsa, unda uning konstruksiyasiga juda ko‘p o‘zgartirishlar kiritilgan.

Birinchidan, suv mototsikllari uzoq masofaga sayohat qilishga mo‘ljallanmagan. Ular dastlab sport, dam olish va ko‘ngil ochish uchun ishlab chiqilgan. Gidrosikl — bu bir yoki ikki, maksimal uch kishini tashish uchun mo‘ljallangan tezkor kater. Va undagi eng muhim jihat uzoqlik emas, balki tezlikdir.

Ekipajsiz zarbdor kater uchun tezlik va manyovr qilish qobiliyati muhim, ammo oxirgi bosqich — nishonga yaqinlashish paytida.

Biroq dron kater uchun uzoqqa suzish ham bundan kam ahamiyatga ega emas, chunki bunday dronlar katta oraliq masofadan ishga tushiriladi. Nishonga katta kemada yaqinlashish esa juda xavfli, chunki uni osongina payqash mumkin.

Turli manbalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, gidrosikllarning maksimal suzish masofasi taxminan 130 kilometrdan 270 kilometrgacha yetadi. Bu qurilmaning ma’lum modeliga, foydali yuk massasiga, shamol tezligi va yo‘nalishiga, suv oqimlariga, suvning sho‘rligiga, suv va havo haroratiga va nihoyat, motorning ishlash rejimiga bog‘liq.

Suv mototsikllari bir-ikki, ba’zida uch kishini olib yurishga mo‘ljallangan. Foto: Getty Images

Agar xaritaga qaralsa, 270 kilometr, bu taxminan ko‘prikdan Qora dengizning o‘rtasigacha bo‘lgan masofa. Biroq, bunday uzoqlikka faqat ideal sharoitlardagina erishish mumkin va ayni paytda qurilmaning o‘zi nishonga qarab to‘g‘ri, manyovrlar qilmasdan, eng tejamkor rejimda suzishi kerak.

Va, katta ehtimol bilan qayiq to‘liq yuklamaga ega bo‘lmasligi kerak. O‘rtacha gidrosikl tashiy oladigan yukning maksimal og‘irligi taxminan 270 kilogrammni tashkil qiladi.

Biroq, gap ekipajsiz kater haqida ketayotgan ekan, demak unda boshqaruv, aloqa va navigatsiya uskunalari bo‘lishi kerak. Bu ham katerning foydali yuk hajmini kamaytiradi.

Ukrainlar dengiz droni olib yurishi mumkin bo‘lgan maksimal yuk - 200 kilogramm atrofida
Foto: U24.GOV.UA saytidan skrinshot

Shuning uchun ko‘plab sharhlovchilar ko‘prik bir yoki ikkita gidrosikl yordamida portlatib yuborilganiga shubha qilmoqda.

Mash manbasi ta’kidlashicha, suv mototsikllari «suv yuzasida bor-yo‘g‘i bir necha santimetr ko‘ringan holda, o‘z nishoniga deyarli suv ostidan borishi mumkin». Ushbu iqtibos ham shubha uyg‘otadi, chunki bu suvning qarshiligini kuchaytirib, suzish masofasini qisqartiradi.

Ukraina ekipajsiz dengiz qurilmalarini chet eldan olmoqda. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinining boshidan beri g‘arblik hamkorlar Ukrainaga bir nechta dengiz dronlarini yetkazib berdi.

Xususan, Buyuk Britaniya buni namoyishkorona tarzda amalga oshirdi. Lekin, 2022 yil avgust oyida taqdim etgan oltita REMUS-100 boshqaruvchisiz qurilmalari faqatgina minalardan tozalash uchun ishlatiladigan kichik suv osti dronlaridir.

Ukraina qurolli kuchlarining zarbdor qurilmalari

Ukraina allaqachon dengizdagi rus kuchlariga qarshi dronlardan foydalangan.

Eng muvaffaqiyatli hujum 2022 yil 29 oktyabrdagi boshqaruvchisiz katerlar reydi bo‘lib, o‘shanda ulardan bir nechtasi kemalar to‘xtash joyiga yorib kirishga muvaffaq bo‘lgan hamda Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, minadan tozalovchi «Ivan Golubets» va «Admiral Makarov» fregatiga zarar yetkazgan.

2022 yil oktyabrida Sevastopol buxtasi zarbaga uchragandi

Shundan so‘ng Ukraina qurolli kuchlari Sevastopolga yana bir necha marta hujum uyushtirishga uringan. Kamida bitta hujum ochiq dengizdagi kemaga qarshi amalga oshirilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi 2023 yil 24 may kuni ertalab uchta dengiz droni Bosfor bo‘g‘ozidan 140 kilometr shimoli-sharqda joylashgan «Ivan Xurs» razvedkachi kemasiga hujum qilgani haqida xabar berdi.

Rossiya harbiylari katerlarning barchasi yo‘q qilinganini da’vo qildi, biroq Ukraina qurolli kuchlari ulardan birining kamerasidan olingan videoni namoyish etdi va bu kadrlarda dron kemaga juda yaqin borgani, katta ehtimol bilan unga urilgani ko‘ringan. Ammo, keyinchalik Sevastopolga suzib kelgan «Xurs»ning fotosuratlari paydo bo‘ldi.

Mustaqil harbiy tahlilchi va harbiy-dengiz masalalari bo‘yicha mutaxassis Eych-Ay Satton o‘z blogida yozganidek, 2022-2023 yillarda ochiq manbalarda turli boshqaruvchisiz katerlarning bir nechta turlari, shuningdek, bitta suv osti qurilmasi paydo bo‘lgan.

Ulardan kamida bittasining taktik-texnik xususiyatlari ma’lum. 2022 yil noyabr oyida Ukraina shunday dronlar parkini qurish uchun mablag‘ yig‘ishni boshladi. Kampaniyani prezident Volodimir Zelenskiy o‘z rasmiy telegram-kanalida reklama qildi.

Apparat uzunligi 5,5 metr, suzish uzoqligi 800 kilometr, avtonomiya 60 soat, maksimal tezligi soatiga 80 kilometr, jangovar kallagi esa 200 kilogramm.

Eych-Ay Satton tomonidan tayyorlangan illyustratsiyalarga ko‘ra, barcha Ukraina katerlari deyarli bir xil o‘lchamlarga ega va bunga mos ravishda foydali yuk hajmi ham o‘xshash.

Ehtimol, keyingi modellarning xususiyatlari suzish uzoqligi, tezlik yoki aloqa, navigatsiya va boshqaruv tizimlarida farq qilishi mumkin.

Dengiz dronlaridan qanday himoyalanish mumkin?

2022 yil oktyabr oyidagi Sevastopolga muvaffaqiyatli hujumdan so‘ng, ko‘plab sharhlovchilar internetda dengiz urushida yangi davr boshlanganini e’lon qildi. O‘shanda haqiqatan ham ko‘zga tashlanmaydigan ekipajsiz katerlar kemalarga tezlik bilan yaqinlashib, ularga jiddiy zarar yetkazishi mumkindek tuyuldi.

Biroq, bunday yo‘q qilish vositasi ancha yangidek ko‘rinishiga qaramay, dengiz dronlari uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan qurilmalar — tezyurar zarbdor katerlar va torpedalar bilan juda ko‘p umumiyliklarga ega bo‘lib chiqdi. Bu apparatlarning har biriga qarshi kurash taktikasi esa allaqachon ishlab chiqilgan.

Dengiz yoki reyddagi kemalar kichik qurilmalarga qarshi samarali kurashishi mumkin bo‘lgan turli aniqlash vositalari hamda tez o‘t ochadigan to‘plar va pulemyotlar bilan o‘zlarini himoya qilishi mumkin.

Bundan tashqari, ko‘rfazlar va ulardagi kemalar, ko‘priklar, burg‘ilash platformalari va boshqa obektlar kabi yirik nishonlar suzuvchi to‘siqlar — ya’ni uzun «zanjir» bilan birlashtirilgan suzuvchi buylar orqali himoyalanishi mumkin. Bunday to‘siqlar suv usti qurilmalari harakatiga xalaqit beradi.

Suv osti kemalariga qarshi esa maxsus to‘rlardan foydalanish mumkin. Harbiy ishlarda po‘lat to‘rlar kemalar va turli obektlarni torpedalar zarbasidan himoya qiladi.

Rossiya matbuotida Qrim ko‘prigi eng himoyalangan obektlardan biri sifatida gavdalantirilgandi
Foto: SERGEI MALGAVKO/TASS

Bular ko‘prikni dron hujumlaridan himoya qilishning eng oddiy usullari. Biroq, Ukrainaning ekipajsiz katerlari ko‘prikkacha yetib borgani va unga zarar yetkazganidan kelib chiqib, bu mudofaa choralari ko‘rilmagan deb taxmin qilish mumkin.

Bundan tashqari, yanada murakkab tizimlar ham mavjud, masalan sohil mudofaasining gidroakustik uskunalari, dengiz yuzasidagi obektlar harakatini kuzatish uchun radar stansiyalari.

Shubhasiz, ekipajsiz kichik qayiqlarni radar yordamida aniqlash qiyin, biroq Qrimdagi ko‘prik Rossiya propagandasida juda muhim o‘rin tutganiga qaramay, bunday tizimlardan yo foydalanilmagan yoki ular ishlamagan.

Nihoyat, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanishidan oldin ham, Rossiya matbuotida ko‘prik zamonaviy radioelektron kurash vositalari bilan himoyalangani bir necha bor aytilgan.

Bunday tizimlar radioaloqa orqali masofadan boshqariladigan qurilmalarga qarshi haqiqatan ham samarali. Bundan tashqari, radioelektron kurash vositalari avtonom dronlar foydalanadigan sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlariga ham ta’sir qilishi mumkin.

Lekin, ko‘prik hududiga radioelektron kurash tizimlari joylashtirilgani haqidagi da’volarga qaramay, yoki ular ham dengiz dronlarining zarbalariga xalaqit bera olmagan yoxud o‘sha paytda ishlamagan.

Mavzuga oid