O‘zbekiston | 14:10 / 25.07.2023
4662
2 daqiqa o‘qiladi

6 oyda “103” xizmatiga 1752 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgani ma’lum qilindi

Eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: KUN.UZ

Tez tibbiy yordam xizmati sifati, eng avvalo, “103” brigadalarining chaqiriq manziliga o‘z vaqtida yetib borishi bilan belgilanadi. “Tez yordam” avtomashinalari bemor oldiga kechikib borishiga ko‘pincha yolg‘on chaqiriqlar sabab bo‘ladi.

“2023 yilning o‘tgan 6 oyi davomida “103” xizmatiga jami 1752 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushdi. Mazkur ko‘rsatkichni 2022 yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, qariyb 975 taga kamayganini ko‘rish mumkin. Biroq gap inson salomatligi haqida ketar ekan, bunday murojaatlarning bittasi ham ko‘p”, – deya Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurovning so‘zlarini keltirgan SSV matbuot xizmati.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar–iyun oylarida eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Toshkent viloyatida kuzatilib, mazkur raqam 325 tani tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Farg‘ona viloyati qayd etilgan — 284 ta. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan 248 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.

Eng kam yolg‘on chaqiriq Samarqand viloyatida ro‘yxatga olingan. 2023 yilning yanvar–iyun oylarida viloyatda “Tez yordam”ga 17 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan.

Avvalroq shu yilning yanvar–mart oylarida “Tez yordam”ga 3 milliondan ortiq murojaat kelib tushgani, shundan 893 ta chaqiriq yolg‘on bo‘lib chiqqani ma’lum qilingandi.

2022 yil “103” xizmatiga respublika bo‘yicha 13 million 22 ming 162 ta chaqiriq kelib tushgan. Shundan 1 million 180 ming 416 nafar bemor shifoxonalarga gospitalizatsiya qilingan.

Mavzuga oid