Sport | 12:10 / 26.07.2023
27329
7 daqiqa o‘qiladi

Amerikaning zabt etilishi. Messi yana ikki gol urdi, golli pas berdi va finlandiyalik hujumchi bilan ajoyib tandem hosil qildi

Argentinalik futbolchi navbatdagi shouni namoyish etdi, «Inter Mayami» esa «Atlanta Yunayted»ni yirik hisobda tor-mor etdi.

Foto: Inter Miami CF

Lionel Messining Amerikadagi premerasi kutilganidan ortiq darajada bo‘lgandi. Aql bovar qilmas ajiotaj, MLS jamoalari ishtirokidagi o‘yinlar uchun rekord darajadagi 12,5 million tomoshabindan iborat televizion auditoriya va — tort ustidagi gilos — arbitr tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda jarima zarbasidan urilgan ajoyib g‘alaba goli.

«To‘g‘risini aytsam, jarima zarbasi belgilanganini ko‘rgan zahotim, o‘yladim: bu shunday tugashi kerak edi», — deya tan oldi sehrli yakun va bir yarim oydagi ilk g‘alabadan keyin «Inter Mayami» xo‘jayinlaridan biri Devid Bekhem.

«Bu biz avval ham ko‘rgan film. Bilasizmi, uning uchun bu oddiy ish. Mutlaqo normal ko‘rinadi, ammo bunday emas... Biz barcha davrlarning eng buyugi haqida gapiryapmiz», — deya qo‘shimcha qildi «qarqaralar» jamoasi bosh murabbiyi Xerardo Martino.

Bundan tashqari, «Barselona»da ham, Argentina milliy jamoasida ham Messi bilan birga ishlagan 60 yoshli mutaxassis Leo jamoadoshlariga maydonda ham, mashg‘ulotlarda ham yo‘l-yo‘riq ko‘rsatayotganini aytib berdi. O‘z-o‘zidan, sardorlik bog‘ichi ham argentinalik futbolchiga tegdi. U bu bog‘ichni AQSh milliy jamoasi himoyachisi Yyedlindan qabul qilib oldi, jamoaning bungacha asosiy sardori bo‘lgan Gregore esa mart oyida og‘ir jarohat olgan va olti oy muddatga safdan chiqqandi.

Lekin bular hakamning o‘yin boshlanishi haqidagi hushtagi yangrashidan ancha oldinroq, sehrgarning navbatdagi seansi boshlanishini kutish jarayonidayoq esdan chiqadigan mayda detallar. Muxlislar navbatdagi o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rishdi. Plakatlar, bannerlar, futbolchining bo‘y-basti to‘liq aks etgan figuralar — hamma yoqda Messi edi. Tribunalarning har bir sektorida Argentina milliy jamoasi futbolkasini kiygan insonlarni uchratish mumkin edi. Ularning hafsalasini pir qilib bo‘ladimi?!

Buning javobi ayon, lekin «qarqaralar»ning himoyadagi muammolari hech qayerga yo‘qolmagandi va «Atlanta» o‘yinni mezbonlarga xos tarzda boshladi. Faqat endi MLS chempionatining har bir jamoasi «Inter» bilan o‘yinlarda bir ko‘zi o‘z darvozasida bo‘lib o‘ynashi kerak, chunki — raqib o‘yinni nazorat qilayotgandek bo‘lsa-da, Messi baribir nimadir o‘ylab topadi. Va jamoada bu ish bilan shug‘ullanuvchi Leoning yolg‘iz o‘zi emas. Buskets ham Amerikada qirol bo‘ladi, uning qadrdon do‘sti bilan telepatik aloqasi esa — deyarli urib bo‘lmas kuzirdir.

Lekin Serxio ham mukammal emas va uning jarima maydoni yaqinidagi xatosi argentinalik yarimhimoyachi Almadaning goliga aylanishiga bir baxya qoldi. Ammo buyuk ustalarning ham ba’zida bo‘shashishga haqqi bor. Qolaversa, o‘yin masalasi allaqachon hal bo‘lganida. Aynan Busketsning himoyachilar ortiga tashlab bergan to‘pini darvozaga yo‘llash bilan Messi o‘yin masalasini hal qilishni boshlagandi. Ammo barcha ishni «Barselona»ning ushbu ikki sobiq futbolchisi bajardi deyish, adolatdan emas.

Sobiq jamoadoshlarining «qonini ichgan» Josef Martines yoki ajoyib golli pas uzatgan klub akademiyasining 18 yoshli tarbiyalanuvchisi Kremaskining xizmatlarini ham e’tirof etish kerak. Argentinaliklarning AQShda tug‘ilgan avlodi avvalroq tarixiy vatanining yoshlar jamoasiga chaqiruv olgandi, endi esa Messi bilan jamoadosh bo‘ldi. Buni orzuning ushalishi desa bo‘ladi.

Va, albatta, Finlandiya milliy jamoasi vingeri Robert Teylor katta taassurot qoldirmoqda. U Messi bilan ko‘p yillardan buyon birga o‘ynab kelgandek o‘zaro tushunib harakatlanmoqda. Bu tandem raqib hududida ketma-ket paslar berib, «Atlanta» mudofaasini parokanda qildi va Leo sakkiz yil ichida ilk bor bir o‘yinda o‘ng oyog‘i bilan gol urdi — bu futbol o‘quv qo‘llanmalariga kiradigan kombinatsiya edi. Xuddi tanaffusdan keyingi namunali qarshi hujum kabi, bu hujumda finn futbolchisi argentinalik jamoadoshining uzatmasidan dublni rasmiylashtirdi.

Birinchi bo‘lim oxirida Teylor jarima maydoniga chap qanotdan qaytarib bo‘lmas zarba berganida Antonella Rokutsso golni o‘z erining gollaridan kam quvonch bilan nishonlamadi, bu golli hujumni ham Messi boshlab bergan va to‘pni raqib jarima maydoni atrofiga olib kelgandi. Hali okeanortidagi debyutini amalga oshirmagan Jordi Alba ham tarkibda paydo bo‘lganida nimalar bo‘lib ketishini tasavvur qilish qiyin.

Messi esa yana bir tarix yozdi. Ham o‘zidan jabrlangan klublar sonini 100 taga yetkazib, o‘z shaxsiy rekordini o‘rnatdi, ham klub rekordini. Chunki «Inter» shu vaqtga qadar birinchi bo‘limda uchta gol farqiga erisha olmagandi. Bunday natijadan keyin faqat o‘ta dangasalargina Messi effektini e’tirof etmasligi mumkin.

Va bu hali boshlanishi. Kelgusida yanada qiziq voqealar bo‘lishi tayin. «Inter Mayami» ikki g‘alabadan keyin guruhda birinchi o‘rinni kafolatlab, Ligalar kubogi pley-offiga chiqdi. Pley-off o‘yinlari boshlanganida Leo 90 daqiqa davomida o‘ynashga tayyor bo‘ladi. Bu safargi o‘yinda ham u hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi yangragunicha maydonda qolishni istagandi, ammo Martino sardorning kuchini tejashga qaror qildi va shu bilan birga unga olqishlar ostida maydonni tark etish imkonini taqdim etdi.

«Qarqaralar» jamoasi muxlislariga havas qilish mumkin — ularning Amerika orzusi ro‘yobga chiqdi. Bu muxlislarning ba’zilari o‘yin davomida undan avtograf olishga ulgurdi, Leo zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan holda imzo tarqatdi. Qirolning shousi davom etadi.

Mavzuga oid