Jamiyat | 14:56 / 27.07.2023
33474
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi AQSh va Ispaniya energiya taqchilligidan «aziyat chekayotgani» haqida g‘alati postlar e’lon qildi

Vazirlik matbuot xizmati Ispaniyada odamlar uylarini sovitish uchun muzlatkich eshiklarini ochib qo‘yayotgani haqida yozgan.

Foto: Yangi O‘zbekiston

O‘zbekiston energetika vazirligi mamlakatning aksar qismida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo kuzatilayotgan bir vaqtda G‘arb mamlakatlaridagi energiya taqchilligi haqida Rossiya nashrlariga tayangan holda postlar e’lon qildi.

Xususan, vazirlik dunyoning eng boy davlati AQShda energiya taqchilligi kuzatilayotgani haqida Rossiya energetika xabarlarini berib boruvchi Energy Today kanaliga asoslanib xabar bergan. O‘sha postda Angliyada energiya taqchilligi o‘sib borayotgani haqida xabarlar odatiy hol ekani aytilgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmatining shubhali manbadan qo‘lbola tarjima qilingan postida yozilishicha, dunyoning birinchi iqtisodi bo‘lmish AQShda «82 million odam energiya taqchilligi chegarasida yashaydi va ahvol bu yil yanada yomonroq». Shuningdek, AQShda xo‘jaliklar bir oyda kommunal to‘lovlar uchun 578 dollar to‘layotgani va avgustga borib bu ko‘rsatkich 706 dollargacha ko‘tarilishiga e’tibor qaratilgan.

Vazirlikning 13 ming atrofida obunachiga ega Telegram-kanaliga ko‘ra, AQSh «energetika taqchilligidan aziyat chekayotgan» dunyodagi yagona mamlakat emas. Vazirlikning 22 iyulda e’lon qilgan postida aytilishicha, yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 trillion dollar bo‘lgan Ispaniyada odamlar uylarini sovitish uchun muzlatkich eshiklarini ochib qo‘yayotgan ekan.

Vazirlik rasmiy kanalida Ispaniyada go‘yoki odamlar energiya taqchilligidan qiynalayotgani tasvirlangan memlar ham ilova qilingan. O‘zbekiston Energetika vazirligining bu posti ham Rossiya nashrlariga berilgan ilovalardan xoli bo‘lmagan. Post oxirida 2023 yil iyul oyi 160 yillik davr ichida eng issig‘i bo‘lgani haqida ma’lumot Rossiya bosh propagandachi nashrlaridan biri Russia Today'ga ilova berilgan holda yozilgan. Vaholanki, RT'ning o‘zi ham xabarni AQShning NASA kosmik agentligi va Britaniyaning The Guardian nashriga tayanib yozgan.

Ammo vazirlik kanalida nega O‘zbekistonda yozning o‘rtasida ham elektr ko‘p o‘chayotgani, juda ko‘p ijtimoiy obektlarga quyosh panellari qo‘yilgan bo‘lsa-da, ularning samarasi amalda sezilmayotgani, nega qishda kuzatilgan blekautdan xulosa chiqarilmagani haqida post topilmaydi. Yozda elektr ko‘p o‘chayotgani faqat energiya sarfi rekord darajada oshgani va avariya ko‘rinishidagi omillar bilan izohlangan.

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid