Jahon | 20:58 / 27.07.2023
14804
2 daqiqa o‘qiladi

Golfstrim oqimlari tizimi 2025 yildayoq yo‘q bo‘lib ketishi mumkin 

12 ming yildan ko‘proq vaqt davomida ishlagan bu tizimning yo‘qolishi halokatli iqlim o‘zgarishlariga olib keladi. 

Foto: Shutterstock

Nature Communications jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot natijalari Atlantika okeanidagi Golfstrim tizimi yaqin kelajakda yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini ko‘rsatdi. 

Gap Atlantika meridian aylanma sirkulyatsiyasi (AMOC) haqida ketmoqda. U global suv aylanishining bir qismi bo‘lib, issiqlikni qayta taqsimlashga va sayyoradagi iqlimni shakllantirishga yordam beradi. Golfstrim - AMOC tarkibiga kiradi va Karib dengizidan shimolga iliq suvlarni ko‘chiradi. 

Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, Golfstrim XX asr o‘rtalaridan boshlab sekinlashdi va bunga odamlar aybdor. U 2025 va 2095 yillar oralig‘ida to‘liq to‘xtab qolishi mumkin. Agar odamlar uglerod chiqindilarini kamaytirmasa, bu hodisa 2050 yilga borib yuz beradi. 

Agar oqim butunlay to‘xtasa, tropiklarda odamlar, hayvonlar va o‘simliklar hayoti uchun zarur bo‘lgan mussonli yomg‘irli mavsumlar bo‘lmaydi. Yevropa va Shimoliy Amerika bo‘ylab xavfli darajada qattiq qish keladi. Bu butun ekotizimlarning omon qolishiga va oziq-ovqat ishlab chiqarishiga xavf soladi. 

AMOC ilgari, 115 ming – 12 ming yil oldin bir necha marta to‘xtagan va yana qayta oqqan. To‘xtagan davrida harorat o‘zgarib, o‘nlab yillar davomida 10°S gacha bo‘lgan. Ammo bu muzlik davriga oid ma’lumotlar, shuning uchun zamonaviy sharoitlarga mos raqamlarni hisoblash qiyin. 

Olimlar tadqiqoti Potsdam (Germaniya) iqlim o‘zgarishini o‘rganish institutining 2021 yilda chop etilgan tadqiqoti natijalari bilan mos kelmoqda. Bu ilmiy hamjamiyatning xavotirini kuchaytiryapti va kelgusi o‘n yilliklarda AMOC tizimining to‘xtash xavfini tasdiqlamoqda.

Mavzuga oid