Jahon | 17:23 / 30.07.2023
14456
3 daqiqa o‘qiladi

Mariy Elda bo‘ron vaqti sayyohlar lagerini daraxt bosib qoldi. Sakkiz kishi halok bo‘lgan

Kuchli bo‘ronlar vaqtida Privoljskiy federal okrugida jami 10 kishi halok bo‘lib, 65 dan ortiq kishi yaralangan.

Foto: Rossiya FVV

Rossiyaning Mariy El Respublikasidagi Yalchik ko‘lidagi dovul oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Yoshkar-Ola shahri meri Yevgeniy Maslov ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘ron tufayli 10 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda. Bundan avvalroq Rossiya FVV Yalchik ko‘lidagi dovul paytida yetti kishi halok bo‘lib, 20 kishi yaralanganini xabar qilgandi.

Mariy El rahbari Yuriy Zaytsev bergan ma’lumotga ko‘ra, Yalchik ko‘li bo‘yidagi yovvoyi plyajda chodirlardan tiklangan lager ustiga daraxtlar qulagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar orasida — uch nafar bola ham bor. FVV ma’lumotiga ko‘ra, sayyohlar guruhi qutqaruv xizmatlari tomonidan ro‘yxatga olinmagandi.

«Pod’yem» nashri qutqaruvchilarga tayanib yozishicha, hodisa ro‘y bergan vaqtda Yalchik ko‘li sohidagi lagerda 500 taga yaqin avtomobil bo‘lgan. Bo‘ron boshlangach, ko‘pchilik o‘rmondan chiqishga harakat qilgan, ammo qulagan daraxtlar chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ayollar va bolalarni qulayotgan daraxtlar ostida qolmasligi uchun sohilga olib chiqishgan.

29 iyul kuni Privoljskiy (Volga bo‘yi) federal okrugida sakkiz regionda, jumladan Mariy Elda bo‘ron kuzatildi. Shamol tezligi soniyasiga 27 metrga yetgan. FVV xabariga ko‘ra, qariyb 100 ming kishi yashaydigan 520 ta aholi yashash manzillarida 550 dan ortiq daraxtlar qulagan, 41 uy va yettita ijtimoiy obektlar tomi shikastlangan. FVV soat 7:32 da bergan ma’lumotga ko‘ra, federal okrugda bo‘ron tufayli to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, 65 nafardan ortiq kishi jarohat olgan. Tataristonda daraxt sayyohlar chodiri ustiga qulashi oqibatida bir bola halok bo‘lgan.

Mavzuga oid