Jahon | 10:30 / 31.07.2023
8872
5 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda kuchli portlash: saylovoldi mitingida 44 kishi halok bo‘ldi, 200 ga yaqin kishi yaralangan

Qurbonlar soni o‘sishda davom etmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, jarohat olganlardan 20 kishi og‘ir ahvolda. Mitingga 500 ga yaqin kishi yig‘ilgandi.

Foto: EPA

30 iyul kuni Pokistonning Bajaur viloyatida Jamoat Ulamo Islom-Fazl (JUI-F) islomiy partiyasining saylovoldi mitingi paytida ro‘y bergan portlash oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘lgan. Hujum mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotgan jihodchilar guruhi tomonidan uyushtirilgan bo‘lishi mumkin.

Hukumat rasmiysi BBC nashriga ma’lum qilishicha, politsiyada portlash xudkush hujumi orqali sodir etilganiga dalillar bor.

Turli manbalarga ko‘ra, jabrlanganlar soni qariyb 200 kishini tashkil etishi mumkin. Hududni o‘rab olgan xavfsizlik xizmati xodimlari hujum qurbonlari soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda, chunki mitingda 500 nafar atrofida kishi ishtirok etgan.

Mahalliy televideniye tez yordam mashinalari yaradorlarni shifoxonaga tashiyotgani aks etgan kadrlarni namoyish etgan. Ahvoli og‘irlar esa vertolyotlarda Peshavordagi klinikalarga yetkaziladi.

Mahalliy shifoxonada jarohatlanganlarning bunday oqimiga dosh berish uchun bo‘sh o‘rinlar ham, shifokorlar ham yetishmaydi, ularning ba’zilari yo‘laklarda yordam kutib qolmoqda.

Mahalliy hukumatga ko‘ra, portlash oqibatida JUI-F partiyasining mintaqaviy yetakchisi Mavlon Ziyovulla ham halok bo‘lgan, chunki portlash aynan u tarafdorlari qarshisida chiqish qilayotganida sodir bo‘lgan.

JUI-F yirik diniy siyosiy partiya bo‘lib, Pokiston parlamentidagi hukumat koalitsiyasining bir qismidir. Khar shahridagi miting mamlakatda joriy yil kuzida bo‘lib o‘tadigan umumiy parlament saylovlari arafasida tashkil etilgan.

Din arbobi boshchiligidagi partiya

Pokiston parlamenti Oliy palatasiga JUI-F partiyasidan saylangan deputat Komron Murtazo Britaniyaning Guardian nashriga bergan intervyusida «jangarilar atrofga dahshat solib, siyosiy yig‘ilishlarga ham hujum qila boshlagani» haqida gapirgan.

Pokistonda harakatlanuvchi ekstremistik guruhlardan hech biri hozircha portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Foto: EPA

«Siyosiy mitinglarga nisbatan shunday hujumlar takrorlanishi borasida xavotirlar bor, ya’ni bu yil partiyamiz saylovoldi tashviqotini to‘laqonli o‘tkaza olmaydi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

JUI-F partiyasiga diniy ulamo, siyosiy faoliyatini qat’iy liniya tarafdori sifatida boshlagan Fazlur Rahmon rahbarlik qiladi. So‘nggi yillarda u Pokistonning dunyoviy partiyalari bilan siyosiy ittifoq tuzish uchun ritorikani birmuncha yumshatgan.

Afg‘onistonda toliblar hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Pokistonda terrorchilik hujumlari soni keskin ortdi. Harbiylarning aytishicha, jangarilar Afg‘onistonda in qurgan va qo‘shni mamlakatdan chegarani buzib o‘tib, hujumlar uyushtiradi.

Pokiston harbiylari «samarali javob qaytarish» bilan tahdid qiladi, ammo bu bilan aynan nima nazarda tutilishi aniq emas.

Pokistondagi jihodchilar

Pokistonning o‘zida ham toliblarning mahalliy «Tahriq-a-Tolibon Pokiston» guruhi (TTP) faoliyat yuritadi. Guruh Afg‘onistondagi «Tolibon»ga sodiqlikka qasamyod qilgan bo‘lsa-da, bu guruhni uning bir qismi deyish qiyin.

So‘nggi vaqtlarda bu guruh xavfsizlik xizmati xodimlariga, jumladan harbiy politsiyachilarga hujumlarni kuchaytirgan. Avvalroq ushbu guruh va Islomobod o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv mavjud edi, ammo bu kelishuv buzilgan.

Yanvar oyida TTP jangarisi Peshavor shahri shimoli-g‘arbidagi politsiya uchastkasi hududida joylashgan masjidda o‘zini portlatishi oqibatida 80 nafardan ortiq zobit halok bo‘lgandi.

TTP — bu hududda hujumlar uyushtiradigan yagona jangarilar guruhi emas.

Hujum Pokistondagi «IShID» guruhi tomonidan sodir etilgan bo‘lishi ham mumkin, yaqinda bu guruh JUI-F partiyasini o‘z nishonlaridan biri sifatida belgilab olgandi.

Iyun oyida «IShID» Inoyat Kalli shaharchasida ushbu partiya faoli o‘limi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. Guruh bu bayonotni Afg‘oniston va Pokiston shimoli-g‘arbida harakatlanuvchi «Xuroson viloyati» guruhi nomidan e’lon qilgandi.

Mavzuga oid