O‘zbekiston | 18:41 / 02.08.2023
15105
6 daqiqa o‘qiladi

Populizm nima va u nega xavfli?

Keyingi o‘n yilliklarda dunyo demokratiyalari ancha jiddiy inqirozlarni boshdan kechiryapti. Hatto ko‘p asrlik demokratik an’analarga ega tizimlar ham siyosiy inqiroz va zo‘riqishlarni boshidan kechirmoqda. Buning sababi – populizm.

Populizmning aniq va hamma tomondan ma’qullangan ta’rifi yo‘q; lekin ko‘pchilik tadqiqotchilar e’tirof etadigan muhim belgilari, xususiyatlari bor.

Populizm xalq va hokimiyatni ikki qarama-qarshi qutbga ajratadi. Populistlar xalqning tafakkuridagi utopiyalarga, moyilliklarga tanqidiy yondashmaydi. Aksincha, jamiyat a’zolaridagi siyosiy qarashlarni yanada soddalashtirishga harakat qiladi.

Populistlar, har doim, ijtimoiy murakkab bo‘lgan jiddiy muammolarga oddiy, jo‘n va sodda yechimlar taklif qiladi. Misol uchun, “biz hokimiyatga kelsak, besh kunda jinoyatchilikni yo‘qotamiz”, “korrupsiyani bir kunda tinchitamiz”, “migrantlar bo‘lmaydi”, “ish o‘rinlarini ortig‘icha yaratamiz” va h.k.

Ya’ni populistlar jamiyat ehtiyojlarini mutlaqlashtiradi va bu ehtiyojlarni qondirishdagi qiyinchiliklar va murakkabliklarni inkor etadi.

Populizmning o‘ziga xos ko‘rinishi – demagogiya, yashirincha va oshkora dushmanlar bilan kurashishga chaqiriqlar, ayniqsa, byurokratiyaga qarshi birlashishga da’vatlar va h.k.

Populizmni ifodalovchi ikkita markaziy xususiyat bor, bular – elitaga siyosiy tizim va institutlarga qarshilik, hamda siyosiy plyuralizmni inkor qilish.

Populistlar xalqni “o‘zimizning xalq” va “xoin, sotqin qatlam”ga bo‘lishadi. Populistlar, jamiyatda turfa manfaatlar borligini, siyosiy plyuralizm zarurat ekanini inkor qilishadi. Ularning nazarida, plyuralizm ortida xalqning manfaatlariga zid kuchlar yashiringan bo‘ladi. Shuning uchun ehtirosga berilgan xalq revansh qilishi – siyosiy vaziyatni qo‘lga olishi va hokimiyatni populistlarga topshirishi nazarda tutiladi.

Populizm – bu nuqsonli demokratiyalarning, ijtimoiy-iqtisodiy zo‘riqishlar, noroziliklarning simptomi. Liberal-demokratiya esa – bu jamiyatdagi ko‘pchilik irodasining hokimiyatga kelishi va qolgan kamchiliklarning haq-huquqlari kafolatlangan holat. Bunda davlat institutlari barqaror ishlaydi. Lekin populizm ham “xalqqa” murojaat qiladi, unga “mana – xalq shuni istayapti” deya, oldin shakllangan institutlar va mexanizmlarni inkor etish xos.

Keyingi yillarda ko‘p asrlik demokratik tizimlar ham populizm bilan og‘ridi. AQSh hokimiyatiga o‘ng qanot populist hisoblanmish Donald Tramp keldi. U amerikaliklarning irqiga, diniga, ijtimoiy maqomiga ko‘ra ajratdi, birini ikkinchisiga qarshi qo‘ydi.

Yoki Angliyada Brekzit tarafdorlari “mana, xalq shuni istadi” deya, Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishni asosladi. Lekin, referendum natijalariga ko‘ra, 48 foiz inglizlar Brekzitga qarshi ovoz berishgan edi. Xuddi shuningdek, Yevropaning boshqa davlatlarida ham populistlar demokratik tizimlar uchun misli ko‘rilmagan zo‘riqishlar va muammolar yaratishdi.

Yangi davrda populizmni oziqlantirayotgan asosiy omil – globallashuv. Globalizm – misli ko‘rilmagan ochiqlikni kuchaytirdi. Shuning uchun ko‘plab boy demokratiyalarda yopiqlikka ijtimoiy buyurtma berildi. Bu buyurtmani populistlar o‘z qo‘llariga olishdi. Natijada, populistlar migratsiya, emigratsiya, integratsiya kabi masalalarda markaziy qarashlarga teskari pozitsiyaga o‘tishdi.

Globallashgan davrda demokratiyalar uchun eng katta tahdid bo‘lib populizm maydonga chiqarkan, bu yaqin orada populizmning ta’siri faqat oshib borishi kutilar ekan, har qanday siyosiy tizim populizm fenomenini o‘rganib, kuzatib borish kerak bo‘ladi.

Xo‘sh, O‘zbekiston uchun populizm xavflimi? Hozircha, O‘zbekiston siyosiy maydoni ochiq va ehtirosli siyosiy raqobatlardan xoli. Lekin, Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston – huquqiy-demokratik davlat. Demak, ertami-kechmi, bizda ham siyosiy raqobatlar va demokratik jarayonlar bo‘lishi kerak. O‘zbekiston uzoq muddat avtoritar holatda qola olmaydi. Buning sabablaridan biri – global dunyoda faqat kuch ishlatish orqali boshqarish modeli izdan chiqib boraveradi.

Tasavvur qilish mumkinki, O‘zbekistonda ham populistlar siyosiy maydonga kirib kelishi – vaqt masalasi xolos. Nazarimda, O‘zbekistonda populistlar bir qancha yo‘nalishda bo‘lishadi. Diniy motivlar orqali populizmga og‘ishgan, ya’ni dinning nomi bilan siyosiy pozitsiyalarni “vojib” qilib, o‘z tarafdorlariga siyosiy ko‘rsatma beradigan shaxslar va kuchlar bo‘ladi. Bunday shaxslar axborot maydonida bugun ham bor, lekin hozircha ular siyosiy maydonga kirib kelganicha yo‘q. Chunki davlat bunga imkon bermaydi.

Shuningdek, millatchilik ruhiyatidagi va revanshist so‘l populistlarning paydo bo‘lishini ham kutish mumkin.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, populizm – demokratik tizimlarga va jarayonlarga jiddiy zarar yetkazmoqda. Jamiyatlarni parokanda qilmoqda. Ksenofobiya, millatchilik, islomofobiya kabi illatlar gradusini oshirmoqda. O‘zbekistonda liberal-demokratik tizim shakllanishi uchun, populizm, har doim jamoatchilikning diqqat markazida turishi, uning xavflari eslatib turilishi kerak.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid