O‘zbekiston | 13:32 / 03.08.2023
9819
3 daqiqa o‘qiladi

Angrenda 5 kunlik ish rejimi 6 kunga o‘zgartirilgan xorijiy korxona ishchilari norozi bo‘lib ko‘chaga chiqishdi

Holat shu yil 10 iyulda bo‘lgan. O‘z noroziliklarini avtomobil yo‘lini to‘sish orqali ko‘rsatishga uringan ayollar Sungreen tex chet el korxonasi ishchilari bo‘lib, ular besh kunlik ish vaqti olti kunlikka o‘tayotganidan norozi bo‘lishgan. Muammo shu kunning o‘zida hal etilgan.

Telegram-kanallarda Toshkent viloyatida bir guruh xotin-qizlar A373 xalqaro avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani aks etgan video tarqaldi. Voqea ishtirokchilari Angren shahridagi to‘qimachilik korxonasi ishchilari ekani, ular korxona ish rejimining 5 ish kunidan 6 ish kuniga o‘tkazilishidan norozi bo‘lishgani aytildi.

Angren shahar hokimligi Kun.uz so‘roviga javoban hodisa 10 iyulda ro‘y bergani, videodagilar shahardagi Sungreen tex MChJ chet el korxonasi ishchi-xodimlari ekanini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, korxona rahbariyati haftalik ish rejimini besh ish kunidan olti ish kuniga o‘zgartirish taklifini bildirgan. Xodimlar esa bundan norozi bo‘lishgan hamda buni shaharning Ohangaron ko‘chasidagi yo‘lni to‘sish orqali bildirishgan.

“Shu kunning o‘zidayoq shahar hokimi boshchiligida sektorlar rahbarlari va mutasaddilar voqea joyiga yetib kelishgan va ishchi-xodimlarning e’tirozini tinglab, korxona rahbariyatiga murojaat qilishgan.

Shahar hokimi va sektorlar rahbarlari korxona ma’muriyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘zaro muloqotlar ishchi-xodimlarning foydasiga hal bo‘lgan. Muammo joyida bartaraf etilgan, korxonada haftalik ish rejimi aslicha qoldirilgan”, deyiladi Angren shahar hokimligi Kun.uz’ga taqdim etgan ma’lumotda.

10 iyulda bo‘lgan voqeaning videosi nima uchundir bugun – viloyatimizga prezident tashrifi arafasida tarqatilmoqda. Dastlab bu video xorijiy OAVda tarqaldi, keyin internetning o‘zbek segmentida paydo bo‘ldi. Eng achinarlisi, bu voqea xuddi bugun bo‘lgandek talqin qilinmoqda. Aslida bunday emas.

Shu o‘rinda yana bir marta jurnalist va blogerlardan har qanday ma’lumotni tarqatishdan oldin fakt-cheking qilishlarini, rasmiy idoralarga qo‘ng‘iroq qilib, asl holatga aniqlik kiritib, keyin uni jamoatchilikka tarqatishlarini so‘rab qolardim.

Rasmiy saytimizda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda telefon raqamlarimiz e’lon qilingan, bir og‘iz qo‘ng‘iroq qilib izoh so‘rashganda olam guliston edi, eng muhimi, axborot iste’molchilari bo‘lgan yurtdoshlarimizga noto‘g‘ri informatsiya tarqatilishining oldi olinardi”, Toshkent viloyati hokimligi matbuot kotibi Behzod Qobulov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Mavzuga oid