Jamiyat | 23:09 / 03.08.2023
47339
2 daqiqa o‘qiladi

Mirishkorda ko‘lda cho‘milayotgan profilaktika inspektori g‘oyib bo‘lgan. Prokuratura voqeani tekshirmoqda

33 yashar “uchastkavoy” 4 kundan beri qidirilmoqda.

Sechanko‘l tabiiy suv havzasi Foto: qashqadaryogz.uz

Profilaktika inspektori 31 iyul kuni Mirishkor tumani hududidagi Sechanko‘l tabiiy suv havzasida cho‘milayotib yo‘qolib qolgan. Kun.uz manbasining xabar berishicha, tumanning Pomuq cho‘l zonasida 4 nafar profilaktika inspektorlari ketayotgan mashina buzilib qolgan. Hamma uni tuzatish bilan andarmon bo‘lib turgan vaqtda “uchastkavoy”lardan biri ko‘lda cho‘milishga qaror qiladi.

Sechanko‘l tabiiy suv havzasi Foto: qashqadaryogz.uz

Biroq u hadeganda qaytavermagach, sheriklari 33 yashar xodimni qidirishga tushishadi. U 4 kundan beri qidirilmoqda, biroq haligacha na o‘zi va na murdasi topildi. Tumandagi “Barhayot” MFY profilaktika inspektori bo‘lib faoliyat yuritgan yigit cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin

Sechanko‘l tabiiy suv havzasi Foto: qashqadaryogz.uz

Kun.uz’ning ichki ishlar organlaridagi manbasi holat yuzasidan prokuratura organi tomonidan tekshiruv o‘tkazilayotganini bildirdi.

30 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on suv omborida qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida 21, 25, 22 va 21 yoshdagi chiroqchilik 4 yigit cho‘kib ketgani, ular bilan bir qayiqda bo‘lgan 3 nafar yigit esa qirg‘oqqa suzib chiqa olgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid