O‘zbekiston | 15:25 / 05.08.2023
16530
7 daqiqa o‘qiladi

“Sug‘ur kuni” yoxud O‘zbekiston JST a’zosi bo‘lish imkoniyati bormi?

Nega JSTga hech a’zo bo‘lolmayapmiz? Dunyoning aksar davlatlari a’zo-ku! Yana qancha kutish kerak? Muzokaralarning oxiri bormi? Bu va boshqa savollar ustida iqtisodchi Yuliy Yusupov fikr yuritadi. Uning yozishicha, iqtisodiy siyosatimizni keskin o‘zgartirmasak, bunga erisholmaymiz. Bu uchun esa islohotchilar jamoasi tuzilmog‘i va bu jamoaga katta vakolatlar berilmog‘i kerak.

Hozirda 164 mamlakat – Jahon savdo tashkiloti (JST) a’zosi. O‘zbekiston haligacha bu tashkilotga kirmadi, holbuki unga a’zolik – mamlakatimiz uchun hayotiy zarurat. Iqtisodiy rivojlanishni tezlatish, dunyo iqtisodiyotiga intergatsiya qilish uchun kerak bu.

Manba: Wikipedia

Hozirda davlatimiz JSTga kirish bo‘yicha jadal muzokaralar olib boryapti. Mas’ullarning quyidagi hisobotlari quloqqa chalinyapti: “oldinga qarab ketyapmiz; so‘rovlarga javob beryapmiz; me’yoriy bazani o‘zgartiryapmiz; og‘ir, ammo progress bor; tunnelning oxirida yorug‘lik ko‘rindi”.

Odamni xursand qiladigan gaplar, albatta. Ammo bu gaplarni ko‘p marotaba eshitgandek tuyg‘u paydo bo‘lyapti menda. Gap shundaki, biz JSTga 30 yildan beri “kiryapmiz” (balki adashayotgandirman, ammo chamasi JSTga kirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish davomiyligi bo‘yicha bu – rekord).

O‘qtin-o‘qtin “yaqinlashib qoldik”, “mana hozir, oz qoldi”ni eshityapmiz... Ammo sal keyin jarayonni yana noldan boshlab qolyapmiz.

Aynan shu uchun ham nega har gal hammasini qaytadan boshlayotganimizni tushunmasak, unda:

  • bu g‘aroyib ahvol sabablarini bilolmaymiz,
  • bu boshi berk ko‘chadan chiqish imkoniyatlarimizni baholay olmaymiz,
  • muammoni hal qilish uchun kerak bo‘lgan harakatlarni aniqlashtirib ola olmaymiz.

Xo‘sh, gap nimada o‘zi?

Tafsilotlar ichiga kiradigan bo‘lsak, muammo bizning normativ bazamiz va davlat boshqaruvi amaliyoti bozor iqtisodiyoti va biznes yuritish tamoyillariga mos emasligida ekani ma’lum bo‘ladi. Bu normativ akt va amaliyotlar:

  • erkin savdo uchun to‘siqlar qo‘yadi;
  • ba’zilarga imtiyozlar berib, ba’zilarga cheklovlar qo‘yuvchi sun’iy monopoliyalarni paydo qiladi;
  • bozorning narx va raqobat mexanizmlari normal ishlashiga xalaqit qiladi.

Bu esa JST tamoyillariga zid.

“Nima bo‘pti – deyishingiz mumkin – bu yaroqsiz qoidalarni o‘zgartiramiz, o‘zimizga foyda-ku bu. Axir, bozorlarning yaxshi ishlamasligi, sun’iy monopoliyalar, korrupsion oxurlar – rivojimizga to‘siq bo‘layotgan narsalar-ku! Biz bu islohotlardan manfaatdormiz!”

Muammo shundaki, me’yoriy baza va boshqaruv amaliyotidagi bu ziddiyatlar iqtisodiy siyosatimizning “ayrim kamchiliklari” emas, balki uning asosiy mazmun-mohiyati bo‘lib turibdi. Asosan bizning iqtisodiy siyosatimiz mansabdorlardan va davlat tashkilotlaridan (vazirliklardan tortib davlatdan “mustaqil” sohaviy uyushmalargacha) iborat g‘oyat katta armiya quyidagilar bilan band:

  • turli mahsulotlar ishlab chiqarilishi hajmini (sovet davridagi kabi: qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi; import o‘rnini bossak, yanada yaxshi qabilida) rejalashtirish,
  • investitsion loyihalarni tasdiqlash;
  • soliq va kredit imtiyozlarini va subsidiyalarni taqsimlash;
  • resurslarga eksklyuziv ruxsatlar berish (paxta yetishtirish uchun yerlar ajratish va h.k.);
  • ayrim korxona va sohalarni raqobatdan himoya qilish (jumladan, import uchun tarif va notarif to‘siqlar orqali).

Boshqacha qilib aytganda, investitsion va boshqa biznes qarorlarni bozor va xususiy sektor emas, davlat va mansabdorlar qabul qiladi. Bu esa bizda hamon bozor iqtisodiyoti yo‘q ekanidan dalolat. Va statistika buni tasdiqlayapti: bizda IYaMning 50 foizi davlat korxonalarida yaratilyapti, bank aktivlarining 80 foizi davlatga tegishli, YaIMning 40 foizi budjet orqali, budjetdan tashqari davlat jamg‘armalari va korxonalarning kvazidavlat xarajatlari orqali taqsimlanyapti. Bular – aqlbovar qilmas raqamlar, va ular na bozor iqtisodiyoti bilan, na samarali iqtisodiy rivojlanish istiqboli bilan kelishadi. Rivojlanishga imkon bo‘lishi uchun bu ko‘rsatkichlarni karrasiga qisqartirish lozim.

Yuqoridagidan tushunarli bo‘lib turibdiki, bizning JSTga “kirolmay turganimiz” muzokarachilarimizning yomon ishlashi bilan emas, balki iqtisodiyotimiz bozor iqtisodiyoti emasligi bilan, 1990 yillardan buyon yuritayotgan samarasiz iqtisodiy siyosatimiz bilan bog‘liq.

Shu bois, madomiki biz JSTga kirish istagida ekanmiz, yuritayotgan iqtisodiy siyosatimizni keskin o‘zgartirishimiz va hukumatimizning iqtisodiy blokini keskin isloh qilishimiz kerak. Ko‘p marotaba yozganman: rivojlangan mamlakatlarda bitta iqtisodiyot vazirligi bajaradigan vazifani bizda mislsiz darajada ko‘psonli davlat va kvazidavlat idoralar “bajaryapti”. O‘nlab tashkilotlar!

Ularning xodimlari nima bilandir shug‘ullanishi kerak, axir! Shu uchun ular men tilga olgan ishlar bilan mashg‘ul. Bu ortiqcha tashkilotlarni bartaraf etmagunimizcha, bu iqtisodkush iqtisodiy siyosatimizdan voz kecholmaymiz. Hozircha olib borilayotgan “ma’muriy islohot” esa ko‘proq bu tashkilotlarni yiriklashtirish bo‘lyapti. Yiriklashtirish emas, barham berish kerak ularga!

Masala JSTga kirish qoidalarini o‘zgartirishda emas, balki davlat boshqaruvi va iqtisodiy siyosatni keskin o‘zgartirishda. JSTga kirish esa bu harakat uchun lokomotiv vazifasini o‘tashi mumkin.

Bu islohotlarni amalga oshirish uchun esa kuchli siyosiy iroda, malakali mutaxassislar va menejyerlardan iborat jamoa, bu jamoaga esa qarorlar qabul qilish va ularni ijro qilish uchun ulkan vakolatlar kerak. Davlat strukturalari o‘zini o‘zi hech qachon isloh qilmaydi. Ular hatto eng yaxshi tashabbuslarni teskarisiga aylantiradi. Bu kabi islohotlar uchun bu tizimdan tashqarida turadigan kuch kerak – institutsional strukturani buzishga qodir bo‘lgan kuch. Tizzasiga urib sindira oladigan kuch. Va o‘rniga bozor bilan uyg‘un keladigan boshqaruv tizimini taklif qila oladigan jamoa kerak.

Aks holda, yana bir necha yil o‘tadi, biz esa “mana hozir, oz qoldi, JSTga kiramiz”ni eshitamiz...

Yuliy Yusupov,
iqtisodchi

Mavzuga oid