Nuqtayi nazar | 14:07 / 05.08.2023
242051
4 daqiqa o‘qiladi

Yaqin o‘tmishning og‘ir gravitatsiyasi. Chiqib keta olish uchun nima qilish kerak?

Avtoritarizmdan chiqish – faqatgina oliy hokimiyatning yoki siyosiy elitaning vazifasi emas. Erkinlik va huquq asosida muloqot qila olish qobiliyati – kollektiv ish, jamoaviy vazifa. O‘zbekiston nima yaxshi-yu, nima yomonligini chuqur anglashi, mamlakat va xalq manfaatlari uchun xayrli bo‘lgan tizim tomon harakatni davom ettirishi kerak.

Foto: canaan travel

O‘zbekistonning “avtoritarizm” gravitatsiyasidan chiqishi borgan sari qiyinlashaveradi. Gravitatsiya – tortish kuchi. Har bir jismning tortish kuchi bo‘lgani kabi, millionlab insonlarning tafakkuri, tajribasidan tashkil topgan siyosiy tizimlarning ham gravitatsiyasi bo‘ladi.

2016 yilga qadar O‘zbekiston hokimiyati avtoritarizmni siyosiy, ma’naviy, falsafiy asosladi, uni millionlab odamlarning ongiga joyladi. Avtoritarizm standartlashdi. Undan chiqish xavfli deb uqtirildi.

Erkinlikka, raqobatga, inson huquqlari va qadr-qimmatiga shubhalardan buyuk haykallar o‘rnatildi.

O‘zbekiston, 2016-19 yillari, “avtoritarizm” qora tuynugidan qochib qutulish uchun, ba’zan yugurdi, ba’zan tez yurdi. Lekin, 2020 yildan boshlab, O‘zbekiston avtoritarizm qora tuynugidan uzoqlashishdan charchadi shekilli, undan biroz masofa saqlagan xolda muallaq qolishga qaror qildi.

Bugun, avtoritarizm qora tuynugining tortish kuchi, O‘zbekistonni yana o‘ziga tortib boshladi. Sababi hokimiyat harakatlanish uchun o‘ziga yangi manzil tanlamadi. Demokratiya va huquqiy davlatchilik tomon real va qatiy harakatlar yetarli bo‘lmayapti. Deklaratsiyalar esa avtoritarizmdan masofa saqlash niyatida aytilayotgandek.

Keyingi yillardagi O‘zbekiston uchun eng asosiy chaqiriq – bu qattiq avtoritarizmdan masofa saqlay oladimi, degan savol atrofida bo‘ladi. Ayni paytda, davlat qanchalik boshqalar qiyofasida o‘zi uchun xavf-xatar izlamasin, O‘zbekiston davlati va xalqi uchun, eng katta zarar yetkazgan xodisa – bu qattiq avtoritarizmning o‘zi bo‘ldi. Qattiq avtoritarizm xalqni ham qiynadi, hokimiyatni o‘zini ham mislsiz bosimda ushlab turdi. Qo‘rquv saltanati sanoqli shaxslardan boshqa hech kimga huzur bermadi.

Bugun O‘zbekiston davlatchiligi oldida dilemma turibdi. Yoki jamiyatni borgan sari erkinlashtirib, hamma uchun maqbul bo‘lgan emin-erkin va huquqiy davlatchilik shakllantirish... Yoki yana “xavfsizlik, barqarorlik, tartib-intizom” nomi bilan, boshida markaziy hokimiyatga qulay bo‘lgan, keyinchalik esa borgan sari avtoritarizmning ichki tortish kuchi oshib boradigan, alal-oqibat hammani qo‘rquv va taranglikda ushlab turadigan siyosiy tizimga oqib ketish xavfi turibdi.

Keyingi oylarda bir qancha jurnalistlar va blogerlar tergov va qamoqqa olindi. Ba’zilariga 7 yildan ortiq qamoq jazosi berildi. Bu hukmni tashqi dunyo faqat “repressiya” deb qabul qiladi. Xorijda ham jurnalistlar xato va jinoyatlar qiladi. Ular ham jazoga tortiladi. Lekin asosan bu faoliyatni to‘xtatib turish, jarima va juda borsa, shartli qamoq jazolari bilan cheklanadi. Lekin huquqiy davlatlar tanqidchi jurnalistlar va blogerlar 7 yillab qamalsa, buni faqat o‘ta salbiy qabul qiladi.

Avtoritarizmdan chiqish – bu faqat oliy hokimiyatning va yoki siyosiy elitaning vazifasi emas. Erkinlik va huquq asosida muloqot qila olish qobiliyati – kollektiv ish, jamoaviy vazifa. O‘zbekiston nima yaxshi-yu, nima yomon ekanligini chuqur anglashi, mamlakat va xalq manfaatlari uchun xayrli bo‘lgan tizim tomon harakatni davom ettirishi kerak.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid