Sport | 15:18 / 07.08.2023
15724
17 daqiqa o‘qiladi

«Odamlar hayotimizdagi voqealarning ko‘pini bilmaydi». Ramsdeyl muxlislar bilan munosabati va yomon kunlari haqida

So‘nggi mavsumni ajoyib o‘tkazgan «Arsenal» sovrinsiz qolishi adolatdan bo‘lmasdi. Arteta shogirdlari Angliya Superkubogi uchun bahsda «Manchester Siti» ustidan g‘alaba qozonishdi. Londonliklar posboni Aaron Ramsdeyl uchun esa bu yanada qadrli, zero faoliyati davomida ilk sovrinini qo‘lga kiritmoqda. Finaldan bir necha kun oldin The Players Tribune loyihasi mehmoni bo‘lgani va aynan o‘z muvaffaqiyatsizliklari haqida aytib bergani qaysidir ma’noda ushbu dasturni g‘alabaning debochasiga aylantiradi.

Foto: Clive Mason/Getty

«Bu yerda yaxshi hikoyadan boshlash kerak, to‘g‘rimi? Yoki biror kulgili voqea. Ochig‘i, mening «Arsenal»ga kelib qolishim boshqa sheriklarimnikiga o‘xshamaydi. «Menga Vengerning o‘zi qo‘ng‘iroq qilgan» deb qo‘yishadi. Yoki transferdan so‘ng uyining oldida fanatlar qo‘shiq aytgan bo‘ladi. Bu tomondan biroz muammoli holatdaman.

Ha, nima desam ekan, «Arsenal»ga o‘tganim haqidagi xabar ilk bor chiqqanida, eslaganim, butun dunyo mening bir qop axlat ekanimni yozgandi. Rosti shu.

Aslida boshida hammasi yaxshi edi. Yevropa chempionati oldidan Angliya terma jamoasidan chaqiruv oldim. U yerdaligimda agentim «Arsenal» menga qiziqish bildirayotganini aytdi. Futbolda bu qanchalik jiddiy ekanini bilish qiyin, shuning uchun ortiqcha hayajonga berilmadim.

«Qiziqish? Nima degani bu?» – so‘rayman, - «ular men bilan shartnoma tuzmoqchimi?»

«Balki ha. Balki yo‘q. Qiziqish bor»

Ertasi kuni Bukayo Sakaga ro‘para kelib qoldim. Kofe ichib o‘tirardi. U bilan uncha yaqin tanishmasdim, albatta, undan so‘ray olmayman buni, degan fikr kechdi miyamdan. Nimayam derdim?

«Bukayo qalaysan, xayrli tong. Hmm, mabodo xabaring yo‘qmi, sening jamoaning men bilan qiziqyapti ekanmi?» Shunaqa deb so‘raymanmi? G‘alati.

Lekin, ha, xuddi shunaqa qildim.

Qizig‘i, u hammasi rost ekanini, murabbiy unga ham telefon qilib, men haqimda so‘ragani, xarakterim bilan qiziqqanini aytdi. Menimcha, Bukayo meni rosa maqtab berganki, ertasi kuni agent telefon qilib, «Arsenal»ga o‘tayotganimni aytdi. Ishonish qiyin. «Arsenal»! Hayotimdagi eng ajoyib kun. Do‘stlarim «afsona, afsona» deb sms yoza boshladi, oilamdagilar yettinchi osmonda yurishibdi. Bundan ortiq bo‘lishi mumkinmi?

Mashg‘ulotlar tugagach, telefonimni qo‘limga olsam, hammayoq portlab ketibdi. Odatda, kuniga nari borsa 10-15 xabar keladi, bu safar yuztadan oshib ketibdi. Nimalar bo‘lyapti?

Tvitterga kirsam, muxlislar junbishga kelgan – «iltimos bu yerga kelma!» «Ikki marta ligadan tushib ketgan darvozabon uchun 24 million?!»... shu taxlit fikrlar.

Foto: Tommy Milanese/The Players' Tribune

O‘zimga kelib olgach, sal xotirjam tortdim. Hozirgi futbol shu-da. Ijtimoiy tarmoqlar yozaveradi. Nari borsa, bir nechta trollar. Xavotirga hojat yo‘q. Xonamga borib, televizorni yoqdim. Dam olish uchun menda eng yaxshi variant – futbol. Shunaqa tentakman. Rafiqamdan ham so‘rab ko‘rishingiz mumkin. Men aslida futbol o‘ynaydigan futbol fanatiman. Mashinada bo‘lsam, faqat futbol podkastlarini eshitaman, uyda agar xotinim biror ko‘rsatuv ko‘rib o‘tirgan bo‘lsa, aypadimni olaman va yonida o‘tirib olib, har qanday futbol o‘yinini tomosha qilaman.

Xullas, Sky Spors News’da kimningdir rasmi pastda turadi, sobiq futbolchilar, ekspertlar tahlil qilib o‘tirishadi-ku, bilasiz, o‘sha yerda mening rasmim turibdi va ular bosh silkitib, unchalik ishonqiramay transferni baholashyapti.

«Yomon tranfer. «Arsenal»ga unchalik mos emas»

«Katta pul sarflashibdi, menga yoqmayapti»

«24 million funt?»

Shunaqaroq kayfiyatdagi suhbat ketyapti. Meni yoqtirishmas ekan. G‘alati hissiyot, butun umr sen ularni afsona hisoblab kelgansan, ular esa, butun mamlakat oldida seni bir chaqaga qimmat darvozabon ekaningni aytmoqda. Rostini aytsam, bu ta’sir qildi. Yettinchi osmondan yerga qulab tushdim.

Televizorni o‘chirdim. Ijtimoiy tarmoqlardagi qo‘ng‘iroqlarni ham. Hayriyatki, Yevro tugagach, hamma biroz o‘zini bosib olgandi. Anovi salbiy fikrlarni ham, trollarni ham unutib, orzumga yetishganimni bayram qilishning ayni vaqti. Do‘stlarimni uyga chaqirdim. Ular doim men uchun turib berishadi. Doim menga ishonishadi. Ajoyib.

Ablahlar. Uyimga keliboq, nimalar deyishdi, bilasizmi?

«Vaaay, sen haqingda nimalar deyishyapti, ko‘ryapsanmi?»

«Yo‘q, eshitishni istamayman»

«O‘rtoq, ba’zi memlar rostanam kulgili, mana qara»

Ey, Xudoyim.

Aslida darvozabon bo‘lishni orzu qilish uchun biroz tentak bo‘lish kerak. Lekin oilamizda eng tuzugi men, ishonavering. Katta akam Edvard – turmada qorovul. O‘rtancha akam Oliver Vest-Endda artist. Otam g‘irt eski maktab personajlaridan. Unga darvozabonlar oyoq bilan o‘ynaydigan bugungi zamonaviy futbol umuman yoqmaydi. Doim Artetaga telefon qilib, seni hujumda o‘ynatib qo‘yaqolishini aytaman, deydi.

«Arsenal» bilan shartnoma imzolaganimdan so‘ng, ko‘p narsa o‘qidim. Men haqimda yozilganlarini ko‘tara olaman, ammo ba’zida chegaradan chiqib ketiladi, oilamga nisbatan yomon gaplarni ko‘raman. Men haqimda nima desangiz ham kulib ketaverishim mumkin, ammo bunisi ortiqcha. Jim turolmayman.

«E’tibor berma, ovozingni o‘chir va futbolingni o‘yna», – deb qo‘yishadi.

Ammo futbol hamma uchun. Yoqmasa, avvalo, siz jiming va oynaga qarang. Men ham hamma qatori futbol fanatimin, balki sevimli klubim mendaqa darvozabonni sotib olganida, menga ham yoqmasdi. Umuman olganda, «Arsenal»gacha bo‘lgan faoliyatimda juda ko‘p yiqilganman ham.

15 yoshimda «Bolton» menga javob berib yuborgan. Chunki hatto futbolkamni kiyishni bilmasdim, shunaqa kichkina edimki, otamning libosini kiyib olgandek tuyulardim. Tumandagi besh-olti futbol klubini aylanib chiqdim, hammasi rad qildi.

Foto: David Price/Arsenal FC/Getty

Juda noqulay. Maktabda faqat futbol haqida gapirar, darvozabon bo‘lmoqchi ekanimni aytardim. Mister Kerr ismli ingliz tili o‘qituvchimiz bo‘lardi. Har qanday mavzu bo‘lmasin, futbol bilan bog‘lab gapirishimga ruxsat bergan. «Vest Bromvich» yoki «Chelsi» haqida o‘n daqiqalik nutqimni eshitib turib, o‘sha kungi mavzu bilan ajoyib bir shaklda bog‘lab berardi. «Bolton»dan ketkazishgach, maktabdagi shaxsiyatimning muhim bo‘lagidan ayrilgandek bo‘ldim, kamgap bo‘lib qoldim. Hatto o‘rtoqlarim bilan ham suhbatlashmay qo‘ydim. Go‘yoki shirin tushim nihoyasiga yetgandi.

Bir kuni mister Kerr meni bir chetga tortib, nima bo‘lganini so‘radi. Aytdim.

«Xo‘p, Angliyada nechta klub bor? Saksondan ortiq, shundaymi? Taslim bo‘lma, sen ham o‘zingnikini topasan. Orzuingdan hech qachon voz kechma», – u juda samimiy gapirdi.

Bir necha hafta o‘tib, «Sheffild Yunayted» akademiyasidan joy oldim. To‘rt yil o‘tib, «Chesterfild»ga qarshi o‘yinda ilk haqiqiy professional o‘yinimni o‘tkazdim. Ikkinchi bo‘limda juda xunuk avtogol o‘tkazib yubordim. 0:3 ga yutqazdik. Butun stadion men haqimda qo‘shiq kuylay boshladi – «bu sening aybing, sening aybing».

Bunaqa paytlarda bo‘yingiz juda past tuyulib ketadi. Esimda, ikkinchi ligada tribuna juda yaqin joylashgan, ortga qarasam, haqorat qilayotgan muxlisni bemalol ko‘ziga qarash imkoni bor. Shu qadar yaqin o‘tirishadiki, e’tiborsiz qoldirishning o‘zi qiyin. «Menga ham do‘stlarimning oldida, qornimda ikki bokal pivo bilan o‘tirish yoqadi» – shunaqa o‘y kechdi xayolimdan. Indamadim.

Keyingi safar o‘yinda bilmadim, menga nima bo‘ldi, muxlislar yana nimadirlar deb baqirayotgandi, o‘girildim va orasidan kimnidir topib, baqira ketdim. Butun qator unga qarab kula boshladi. Go‘yoki butun yuk yelkamdan ag‘darilgandek bo‘ldi.

Butun o‘yin davomida, orada tanaffus bo‘lishi bilan orqamga o‘girilib hazil qila boshladim. Biroz kulgili, lekin bosimni yengishning o‘ziga xos yo‘li edi bu. Bu ligada o‘ynar ekansan, tom ma’noda insonlarning yashashi uchun ham mas’ulsan aslida. «Chesterfild»dan yutqazib, ligadan tushib ketganimizda, eslayman, ba’zi xodimlar qutida narsalarini ko‘tarib, ofisni tark etgandi. Bunaqasi faqat kinoda bo‘ladi, deb o‘ylarkanman. Maydondagi mag‘lubiyat tufayli, bir necha kishi ishsiz, maoshsiz qolgandi. Bu haqiqiy hayot.  

Shundog‘am bu juda og‘ir dars bo‘lgandi, ammo muvaffaqiyatsizliklarim davom etaverdi. Professional futboldagi ilk 4 mavsumimni 24, 20, 18 va 20-o‘rinlarda yakunladim. O‘tgan mavsumdagi chempionlik poygasidan boshqa, biror marta biror sovrin uchun kurashmaganman. Yoshlarga tavsiya qilgan bo‘lardim, siz eng zo‘r bo‘lmasangiz, orzularni ko‘mish kerak degani emas, sizga ishonadigan insonlar topilar ekan, hech narsa yo‘qotilmagan hali. Arteta bilan ilk uchrashuvimizni eslayman, «shunchaki, o‘zligingni saqlab qol» degandi u.

Ilk o‘yinim Liga kubogida «Vest Bromvich» bilan safarda edi. Bizning muxlislar stadionning bir burchagida, lekin ovozlari baland. Hozir menga hushtak chalishsa kerak, deb o‘ylay boshladim. Yo‘q. Dastlabki besh daqiqada to‘pga deyarli tegmadim, birorta seyv ham bo‘lmadi, ammo barchasi jo‘r bo‘lib ismimni qo‘shiq qilib ayta boshlashdi.

Etim jimirlab ketdi. Ishonqiramay, o‘sha tomonga qaradim. Ha, tushunishimcha, mana shular haqiqiy fanat. Ha, tvitterda ba’zi ahmoqlar haqorat qilgandir, nima bo‘libdi? Ammo mana bular orqamda va meni qo‘llashadi. «Vest Bromvich» stadionida bo‘lsam-da, aynan o‘sha kuni o‘zimni ilk bor uydagidek his qildim.

Umuman olganda, Shimoliy Londondagi ikki mavsum ajoyib o‘tdi. Tabiiy, o‘tgan mavsumda maqsadga yeta olmaganimiz biroz xafa qiladi, ammo shu davr mobaynida qanchalik o‘sganimizni o‘ylasam, faxrlanaman. Agar oddiy fanat bo‘lib, chetdan qaraganimda, jamoadagi futbolchilar juda kuchli.

2021/22 yillar mavsum oxirini, yakunda kuchli to‘rtlikka kira olmaganimizdagi holatni unutmayman. Aynan o‘sha kuni to‘g‘ri yo‘lda ekanimizni anglaganman. Nyukaslda 0:2 yutqazdik, avtobusda hamma tushkun, yonimda Bukayo o‘tiribdi. Odatda, yutqazilgan o‘yinlardan keyin ham nimadir haqida suhbatlashamiz, ammo bu safar u jim edi. Shuning uchun, yonimda o‘tirgan bo‘lsa-da, telefoniga sms yubordim. Hammasi joyidami, balki biroz gaplasharmiz, deb yozdim. Aslida men unga shuni tushuntirmoqchi edim: men bundan badtar holatlarga tushganman, 8-o‘rindagi jamoani 5-o‘ringa olib chiqish, ayniqsa, u uchun o‘ta muvaffaqiyatsiz yakunlangan Yevropa chempionatidan keyin, juda yaxshi natija. Bundan faxrlanishi kerak. O‘zimdan so‘zlasam, shu paytgacha eng yuqori o‘rnim 18 bo‘lgandi axir.

Hammasi yaxshi bo‘lib turgan paytlardan ko‘ra, muvaffaqiyatsiz davrlar bizga ko‘proq narsani o‘rgatadi, saboq bo‘ladi.

Buyog‘iga biroz jiddiylashmasam bo‘lmaydi. Bilasizmi, futbol ommasi bizning hayotimizda sodir bo‘layotgan voqealarning ko‘pini bilmaydi. Masalan, o‘tgan yil men va oilam uchun ruhiy jihatdan charxpalakka aylandi. Premer Ligada birinchi o‘ringa ko‘tarilgan va men jahon chempionatiga ketayotgan paytda rafiqam bilan farzand kutayotganimiz ma’lum bo‘ldi. Arteta mundialdan so‘ng menga ozgina ta’til berdi va biz oilaviy dam olishga chiqdik. Nima desam ekan, aytmasam bo‘lmaydi, uyga qaytishda farzandimiz nobud bo‘ldi.

Hatto hozir ham o‘sha samolyotdagi olti soatni tasvirlab bera olmayman. Shunchaki, odamlar bilishi kerakki, har qanday dard ularga yopishmasin, yolg‘iz emaslar. Uyga qaytgach, hammaga ham bu haqida aytmadik. Faqat oiladagilar, ba’zi jamoadoshlarim va Mikel. U ajoyib inson. Hatto chempionlik poygasi qizib, hammamiz katta bosim ostida qolganimizda ham mendan hammasi joyidami deb so‘rar, istasam, tanaffus olib, oilam bilan bo‘lishim mumkinligini aytardi. U haqiqiy boshliq.

Uch kun o‘tib «Tottenhem» bilan o‘yinimiz va chalg‘ish uchun menda yaxshi imkoniyat. Murabbiyga o‘ynashga tayyor ekanimni aytdim. Aytdim-ku, futbol doim mening qutqaruvchim bo‘lgan. Biz mehmonda g‘alaba qozondik va muxlislarimizni tutib bo‘lmasdi. Hushtak chalingach, to‘pni osmonga tepib yubordim va suv butilkasini darvoza ortiga qo‘yish uchun bordim. «Tottenhem» muxlislaridan biri ortimdan tepib qolishi xayolimning burchagida ham yo‘q edi. Turli stadionlardagi muxlislar bilan o‘zimga yarasha munosabatim bor, meni nimalar deb atashmagan, bilaman, lekin bunisini chegaradan oshgandi. Kiyim almashtirish xonasiga kirib g‘alabani tuzukroq nishonlay ham olmadim, chunki politsiyaga ariza berish uchun meni olib chiqib ketishdi.

Bilasizmi, o‘sha yigitga biroz achindim. Aniq bilaman, agar men uch kun oldin nimalarni boshdan kechirganimni u bilganida, hech qachon meni tepmasdi. Balki qachondir u bilan ro‘para kelib qolganimizda, futbol haqida suhbatlashib, do‘st bo‘lib ketardik ham.

Shuning uchun ham ilk bor oilamda bo‘lib o‘tgan voqeani bo‘lishgim keldi. So‘nggi yillarda futbol olamida nafrat va salbiy fikrlar to‘lib ketdi. Ijtimoiy tarmoqda bo‘ladimi, stadiondami, ba’zilar umuman chegarani bilmay qolishgan. Bilaman, bugungi gaplarimdan keyin rafiqam, akalarim haqida yana nimadir yozishadi, ayniqsa, qora tanli jamoadoshlarimga yanada qiyin, ularni ham ayab o‘tirishmaydi. Negadir, ijtimoiy tarmoqlar buni to‘xtatishni, bu bilan kurashishni unchalik ham xohlamayotgandek.

Maqsadim buni to‘xtatish emas. Gap trollarda ham emas. Bilaman, ularga yetib bora olmayman. Men shunchaki, nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanini bildirib qo‘ymoqchiman, xolos.

Men o‘zim qanday inson, qanday ota bo‘lishim kerakligi asosiy masala.

Shu yozda rafiqam Jorjina bilan yana bir tuhfa oldik – u yana homilador ekan. Kichik Gooner’ni kutyapmiz va tabiiyki, yettinchi osmondamiz. Ota bo‘lishing haqidagi o‘yning o‘zi seni o‘zgartiradi, umuman, qanday insonga aylanishing kerakligi haqida fikrlay boshlaysan. Men masalan, ligani yutish, Chempionlar Ligasi va jahon chempionatida g‘alaba qozonishni orzu qilaman. Bu endi futboldagi maqsadlarim.

Inson sifatida boshqa orzuim bor. Men o‘zim sevadigan o‘yin barcha uchun xavfsiz, toqatli bir maskanga aylanishini istayman. Qaysi irq, qaysi din bo‘lishidan qat’i nazar, turli haqoratlardan qo‘rqmasdan, biz bilan birga g‘alabalarni nishonlashini orzu qilaman.

Sizlarni yaxshi ko‘raman.

Aaron»

ThePlayersTribune uchun

Mavzuga oid