“Tashabbusli budjet”ga kiritilgan takliflarning 25 foizi Surxondaryoga to‘g‘ri keldi
“Tashabbusli budjet”ning bu yilgi 2-bosqichiga taklif kiritish bosqichi yakunlandi. Eng ko‘p takliflar ichki yo‘llar ta’miriga oid. Surxondaryo aholisi doimgidek faol: jami 49 464 ta tashabbusning har to‘rttadan bittasi shu hududga to‘g‘ri kelyapti. Ovoz berish 27 avgustdan boshlanadi. G‘olib chiqish uchun endi 1,5 mingta ovoz yetarli bo‘lishi aytilgan.
7 avgust kuni “Tashabbusli budjet”ning 2023 yil 2-mavsumiga loyihalar kiritish bosqichi yakunlandi. Bu bosqich 17 iyulda boshlangandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, bu mavsum doirasida respublika bo‘ylab 9 426 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq jami 49 464 ta loyiha ilgari surilgan.
Kelib tushgan loyihalar har bir tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan ishchi komissiyalar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda 20 kun davomida saralab olinadi.
Saralashdan o‘tgan loyihalar 27 avgustdan boshlab ovozga qo‘yiladi. G‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirishga tuman (shahar) budjetlaridan jami 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Takliflarning 15 140 tasi (31%) ichki yo‘llarni ta’mirlashga oid. 14 835 ta taklif (30%) mahalla hududini obodonlashtirish tadbirlariga qaratilgan. Maktablar bo‘yicha 6820 ta (14%), bog‘chalar bo‘yicha 3024 ta (6%), tibbiyot muassasalari bo‘yicha 3100 ta (6%) taklif kelib tushgan. Ma’lumot uchun, 2023 yil 1-mavsumda eng ko‘p maktablarga oid loyihalar g‘olib bo‘lgandi.
Tashabbus bildirish bo‘yicha Surxondaryo viloyati boshqa hududlardan yaqqol ajralib turibdi. Viloyatdagi 238 ta mahalladan jami 12 279 ta taklif kelib tushgan. Bu – jami tashabbuslarning 25 foiziga teng. Taqqoslash uchun, bu borada 2-yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga tegishli bo‘lib, poytaxtliklar portalga 4020 ta taklif kiritishgan.
Surxondaryoliklar doimiy ravishda taklif kiritish bo‘yicha 1-o‘rinni egallab kelmoqda. 2022 yilgi 2-mavsumda viloyat aholisi 13 691 ta (jami tashabbuslarning 22 foizi), 2023 yilgi 1-mavsumda 9593 ta (17 foiz) tashabbusni ilgari surgandi.
Ta’kidlash lozim, “Tashabbusli budjet”ga fuqarolar tomonidan ilgari surilayotgan loyihalar soni mavsumdan mavsumga kamayib boryapti. 2021 yilda loyihaning ilk mavsumi 41 mingta tashabbus bilan o‘tgan edi (o‘sha yili loyiha bir mavsumdan iborat bo‘lgan). Takliflar soni 2022 yil 1-mavsumda qariyb 70 mingta, 2-mavsumda 62 mingta bo‘lgan, 2023 yil 1-mavsumda 56 mingta, 2-mavsumda esa 49 mingtaga tushgan. Ayni paytda, 2023 yil 2-mavsumdagi takliflar respublika bo‘ylab deyarli barcha mahallalarni qamrab olgan.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida aytgandiki, endilikda “Ochiq budjet” loyihalarida g‘olib bo‘lish uchun 1,5 ming ovoz yetarli bo‘ladi, buning uchun yil yakunigacha yana 1,2 trln so‘m ajratiladi.
Bu yildan boshlab “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ham jamoatchilik fikri asosida moliyalashtiriladigan bo‘lgan.
Shu tariqa, 2023 yilda o‘zbekistonliklar “Ochiq budjet” portali orqali quyidagi loyihalarda ovoz berishi mumkin:
- “Tashabbusli budjet”, 1-mavsum – 2,9 trln so‘m (tuman-shahar budjetlaridan);
- “Tashabbusli budjet”, 2-mavsum – kamida 1 trln so‘m (tuman-shahar budjetlaridan);
- “Mening yo‘lim” – 412 mlrd so‘m (tuman-shahar budjetlaridan) – yakuniga yetdi;
- “Obod qishloq”, “Obod mahalla” – 4 trln so‘m (respublika budjetidan) – noyabr-dekabr oylariga rejalashtirilgan.
Tashabbusli budjet uchun ovoz yig‘ishga majburlash majburiy mehnatga jalb qilish sifatida baholanadi